2 yildan beri ijro etilmayotgan sud qarorlari: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi atrofida nimalar bo‘lmoqda?
«Vaqt.uz» ixtiyoriga Majburiy ijro byurosi (MIB) Olmazor tuman bo‘limi tomonidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Tugatuv boshqaruvchisiga yuborilgan rasmiy so‘rovnoma nusxasi kelib tushdi.


13,6 mlrd so‘mlik qarzdorlik va 28 nafar xodimning taqdiri
Hujjatga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning ijro varaqalariga asosan qarzdor — Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan jami 126 ta ijro hujjati bo‘yicha 13,6 milliard so‘m undirilishi belgilangan.
Ushbu summaning taqsimoti quyidagicha:
13,3 mlrd so‘m — 59 ta ijro hujjati bo‘yicha ish haqi qarzdorligi;
294 mln so‘m — davlat boji.
Bundan tashqari, tashkilot zimmasiga 28 nafar fuqaroni ishga tiklash bo‘yicha 39 ta ijro hujjati yuklatilgan bo‘lib, ularning ijrosi hozirga qadar ta’minlanmagan. Bu ishdan xabardor mutaxassislarning aytishicha, sud qarorlari bilan undirilishi belgilangan umumiy summalar 20 mlrd. so‘mdan oshadi. Vaqt.uz manbasiga ko‘ra qarzdorlik bugungi kun holatiga 30 mlrd. so‘mga yaqinlashdi degan xabarlar yuribdi. E’tibor bering, bu yerda bitta budjet tashkilotidan undirilishi belgilangan summalar haqida gap ketyapti.
MIB so‘rovnomasida ta’kidlanishicha, byuro tomonidan qarzdor tashkilot bir necha marotaba ogohlantirilganiga qaramay, sud hujjatlari talablari ijro etilmagan.
Shu sababli MIB «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 21, 81 va 87-moddalariga asoslanib, vazirlik va tugatuv boshqaruvchisidan 3 kunlik muddatda quyidagilar bo‘yicha yozma ma’lumot berishni so‘ragan:
Sud qarorlari ijro etilmaganiga sabab bo‘lgan omillar;
Yuzaga kelayotgan to‘sqinliklar;
Ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar.
Nizo qanday yuzaga kelgan edi?
2024 yil 17-oktabrda Prezidentning «Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyev eski agentlik faoliyatidagi qator kamchiliklarni, jumladan, ishlar samarasiz tashkil etilgani hamda aslida ish bilan ta’minlanmagan fuqarolar hisobotlarda «ishli bo‘ldi» deb soxtalashtirilganini tanqid qilgan edi.
Farmonga muvofiq:
1. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati 3 oy ichida tugatilishi;
2. Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi Migratsiya agentligi tashkil etilishi belgilandi.
Farmonda yangi agentlik eskisining huquqiy vorisi hisoblanishi va xodimlarning mehnat shartnomalari saqlanib qolishi ko‘zda tutilgan edi. Jarayonni to‘g‘ri va tartibli tashkil etish Bosh vazir Abdulla Aripov hamda Agentlik rahbari Behzod Musayev zimmasiga yuklatilgan.
Noqonuniy bo‘shatishlar va 60 ga yaqin sud qarori
Ammo manbalar va jabrlanuvchilarning ma’lum qilishicha, Agentlik rahbari Behzod Musayevning mas’uliyatsizligi hamda o‘sha vaqtdagi «Tugatish komissiyasi» rahbari Ulug‘bek Turopovning noqonuniy xatti-harakatlari bilan aslida bo‘shatilmasligi kerak bo‘lgan 30 ga yaqin xodim “tashkilot tugatildi» deb noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatib yuborilgan. Vaholanki, bu vaziyatda huquqiy vorislik masalasi qayd etilganligi sababli, xodimlar ishdan bo‘shatilmay, aksincha, ularning mehnat faoliyati yangi Agentlikda davom ettirilishi kerak edi.
Norozi xodimlar Agentlik va «Tugatish komissiyasi» ustidan sudga murojaat qilishgan. Hozirga qadar ushbu masala yuzasidan 60 ga yaqin sud qarori chiqarilgan va ularning barchasida da’vogar xodimlarning talablari qanoatlantirilgan.
Sud qarorlariga ko‘ra, noqonuniy bo‘shatilganlar foydasiga 2024 yildan buyon to‘lanmagan ish haqi va kompensatsiya sifatida 13 milliard so‘mdan ortiq (ijroga qaratilmagan boshqa summalar bilan birga 20 milliard so‘mdan ortiq) mablag‘ hamda foizlar undirilishi belgilangan. Biroq bugungacha biror bir sud qarori ijro etilmagan.
Huquqshunoslar va jamoatchilik faollari munosabati
Mehnat huquqi bo‘yicha yurist Saidali Muxtoraliyev Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi sobiq xodimlari bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari ijrosiz qolayotganiga e’tibor qaratdi:
“Milliardlab so‘mlik qarzdorlik MIBda osilib yotibdi. Bu borada byuroning bayonoti meni hayron qoldirmoqda. MIB “ijro tartibiga aniqlik kiritish uchun suddan rasmiy tushuntirish kutmoqda, keyingi harakatlar shunga qarab davom ettiriladi” – demoqda.

Ko‘plab ijro hujjatlari bo‘yicha oradan qariyb 2 yil o‘tdi. 2 yildan keyin ham “suddan rasmiy tushuntirish kutilyapti” deyish g‘alati emasmi? Summalar o‘z vaqtida undirilmagani sababli foizlar hisobiga ortib borayotgan qo‘shimcha mablag‘lar uchun sizlar ham javobgarsiz”.
Huquqshunos, shuningdek, vakolatli idoralarni ushbu sud va ijro jarayonlariga tashqi aralashuvlar bo‘lgan-bo‘lmaganini tekshirishga ham chaqirdi.
Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov esa jamoatchilikda Behzod Musayev faoliyatiga oid boshqa muhokamalar ham avj olayotganini ta’kidlab, shunday degan:
«Balki vaqti kelib bu masalalar hal bo‘lar. Ammo qonun ustuvorligini, sud qarorlarini namoyishkorona mensimaslik ayanchli oqibatlarga olib keladi. Buning eng birinchi oqibati — ommaning qonunga, huquqqa va davlatga bo‘lgan ishonchi pasayishidir».

MIB: Migratsiya agentligiga nisbatan ijro harakatlari to‘xtatilmagan
MIBning agentlikdan munosabat talab qilgan xati ijtimoiy tarmoqlarda turli munozaralarga sabab bo‘larkan, byuro bugun, 23-iyul kuni Migratsiya agentligiga nisbatan ijro harakatlari to‘xtatilmaganini ma’lum qilib munosabat e’lon qildi.
Unda qayd etilishicha, sobiq Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga oid 126 ta ijro hujjati bo‘yicha 13,6 mlrd so‘m qarzdorlik va 28 nafar xodimni ishga tiklash masalasi mavjud. Biroq, yangi Migratsiya agentligi zimmasiga majburiyat yuklash haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilingan.
Hozirda MIB ijro tartibiga aniqlik kiritish uchun suddan rasmiy tushuntirish kutmoqda. Keyingi ijro harakatlari sud ko‘rsatmasi asosida davom ettiriladi.
Теглар






