Logo

Aholini o‘ylantirayotgan go‘sht narxi, migrantlarga ajratilgan 12,3 mlrd so‘m va «Iman Holding»ning yangi shar’iy kengashi — 4-noyabr dayjesti

Кеча 23:354 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Aholini o‘ylantirayotgan go‘sht narxi, migrantlarga ajratilgan 12,3 mlrd so‘m va «Iman Holding»ning yangi shar’iy kengashi — 4-noyabr dayjesti

Sentyabr oyida aholi eng ko‘p go‘sht va sut narxi oshganini sezdi

Markaziy bank so‘rovi natijalariga ko‘ra, 2026 yilning sentabr oyida O‘zbekiston aholisi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 1,1 foizga pasayib, 9,2 foizni tashkil etdi. Hududlar kesimida narxlar o‘sishining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida (11,9 foiz), eng past darajasi esa Namangan viloyatida (7,9 foiz) qayd etilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, daromadi 30 million so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar hamda pensionerlar inflatsiya ta’sirini boshqa qatlamlarga nisbatan kuchliroq his qilgan.

Mahsulotlar va xizmatlar kesimida aholining 56 foizi eng katta narx o‘sishini go‘sht va sut mahsulotlarida sezgan. Shuningdek, so‘rovnomada qatnashganlarning 53 foizi benzin hamda yoqilg‘i narxlari, 36 foizi esa elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, transport, qurilish materiallari, dori vositalari, ta’lim va tibbiy xizmatlar hamda ijara to‘lovlarida ham narxlar qimmatlashgani qayd etilgan.

Xorijda ishlash xarajatlari uchun 12,3 mlrd so‘m kompensatsiya ajratildi

2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida o‘zbekistonliklarga xorijda ishlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun Migratsiya agentligi tomonidan 12,3 milliard so‘m kompensatsiya ajratildi. Ushbu mablag‘lar tashkillashtirilgan tartibda ishga ketayotgan fuqarolarning ishchi vizasini rasmiylashtirish (7,7 mlrd so‘m), yo‘l chiptasini xarid qilish (3,2 mlrd so‘m), hayot va sog‘liq sug‘urtasi (1,2 mlrd so‘m) hamda til yoki kasb imtihonlarini topshirish (34,9 mln so‘m) xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltirilgan.

Mazkur kompensatsiyalarni olish uchun fuqarolar «Xorijda ish» dasturiy majmuasi orqali yoki bevosita Migratsiya agentligiga tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qilishlari mumkin. Kelib tushgan ariza uch ish kunida ko‘rib chiqiladi va ma’qullangan taqdirda, mablag‘lar fuqaro xorijda ishga joylashganidan keyin bir oydan kechiktirmay Migratsiya jamg‘armasi hisobidan uning plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.

«Iman Holding» Hasanxon Yahyo Abdulmajid boshchiligida yangi shar’iy kengash tuzadi

«Iman Holding» kompaniyasi taniqli diniy ulamo Hasanxon Yahyo Abdulmajid rahbarligida yangi shar’iy kengash tuzishga kirishganini rasman e’lon qildi. Ushbu qadam doirasida yangi boshqaruv jamoasi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va menejmentni yanada professionallashtirishga tayyorligini bildirgan. Jumladan, so‘nggi voqealar ortidan kompaniya asoschisi Rustam Rahmatov ijroiya boshqaruvni mutaxassislarga topshirib, o‘z faoliyatini Kuzatuv kengashida davom ettirishi ma’lum qilingan.

Mazkur o‘zgarishlar Islom moliyasini muvofiqlashtirish kengashi (IFCB)ning kompaniya bilan hamkorlikni to‘xtatgani haqidagi bayonotidan so‘ng amalga oshirilmoqda. IFCB vakili Mahmud Usmon kompaniya portfelida 20 million dollarlik tafovut, muammoli qarzlar hamda investorlar mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish holatlari borligini da’vo qilgan edi. O‘z navbatida, «Iman Holding» 20 million dollarlik kamomadni qat’iyan rad etib, muammoli qarzlar (NPL) va boshqa xarajatlar bo‘yicha o‘z moliyaviy izohlarini taqdim etdi hamda faoliyatini mustaqil auditdan o‘tkazishini e’lon qildi.

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi

O‘zbekiston Markaziy banki Boshqaruvi 2026 yil 4-noyabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida yillik inflatsiya 6,4 foizni tashkil etib, inflyatsion kutilmalar pasayishda davom etmoqda. Biroq yilning dastlabki to‘qqiz oyida iqtisodiy o‘sish 8,3 foizga yetgan bo‘lsa-da, yuqori ichki talab va jahon bozorlarida oziq-ovqat hamda energiya resurslari narxlarining o‘zgaruvchanligi inflyatsion xatarlarni va bosimni saqlab qolmoqda.

Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, ijobiy real foiz stavkalari va milliy valutadagi jamg‘armalarning jozibadorligi qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlab kelmoqda. Regulyator prognozlariga asosan, joriy yil yakunida inflatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi, 2027 yil yakuniga kelib esa 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga yetishi kutilmoqda. Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026 yil 16-dekabr kuni o‘tkazilishi belgilangan.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodining modernizatsiya qilishga 328 mln dollar yo‘naltiriladi

Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida 328 million dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan mazkur loyiha doirasida korxonaning yillik qayta ishlash quvvatiga qo‘shimcha 2,5 million tonna qo‘shilib, umumiy quvvat 5 million tonnaga yetkaziladi. Shuningdek, zavodda yangi gidrotozalash va izomerizatsiya qurilmalari ishga tushirilib, Yevro-5 standarti talablariga mos keluvchi AI-92 va AI-95 rusumli benzin ishlab chiqarish hajmi kengaytiriladi.

Ushbu yangilanishlar natijasida xomashyodan ko‘proq tayyor mahsulot olish, ichki bozorni yonilg‘i bilan barqaror ta’minlash va eksportni oshirish ko‘zda tutilgan. Ma’lumot o‘rnida, 3,2 mingdan ziyod xodim mehnat qilayotgan korxonada joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida 1,36 million tonna (12,1 trln so‘mlik) neft mahsulotlari tayyorlangan va 99,5 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Davlat rahbari tashrif davomida yangi uskunalarni mavjud jarayonlarga to‘g‘ri moslash va korxona ishining uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Теглар

Мавзуга оид