Logo

AI agentlar endi odamlar nomidan xarid qilmoqda — banklar xavotirda

Sun’iy intellekt odam o‘rniga mahsulot tanlab, buyurtma berishi mumkin. Olti yirik bank bu texnologiya firibgarlik va ma’lumotlar xavfini oshirishidan ogohlantirdi.

AI agentlar endi odamlar nomidan xarid qilmoqda — banklar xavotirda

Sun’iy intellekt asosidagi agentlar internet-do‘konlarda foydalanuvchi nomidan mahsulot qidirish, tanlash va xaridni amalga oshirishga yaqinlashmoqda.

Bu model «agentic commerce» — agentli savdo deb atalmoqda. Unda xaridor har bir qadamni o‘zi bajarishi shart emas: AI unga berilgan vazifa asosida mahsulotlarni solishtiradi va xarid jarayonini amalga oshirishi mumkin.

OpenAI, Anthropic, Google va Meta kabi texnologik kompaniyalar AI chatbotlarini xarid vositasi sifatida rivojlantirmoqda. Shu bilan birga, riteylerlar ham o‘z mahsulotlarini AI tavsiyalarida ko‘proq ko‘rsatish uchun yangi usullarni izlamoqda.

Bu jarayon allaqachon real savdoga ta’sir qila boshlagan. Britaniyaning yirik chakana savdo tarmog‘i John Lewis sentabr oyida AI agentlaridan kelayotgan mahsulot qidiruvlari bir yil ichida 0,3 foizdan 2,5 foizga oshganini ma’lum qildi. Kompaniya bu ko‘rsatkich o‘sishi tezlashayotganini aytgan.

Banklar nimadan xavotirda?

NatWest, Bank of America, ING, Capital One, Commonwealth Bank of Australia va ASB Bank AI agentlari ishtirokidagi savdo bo‘yicha umumiy tamoyillarni ishlab chiqdi.

Ularning asosiy xavotiri — texnologiya iste’molchilarni himoya qilish standartlaridan tezroq rivojlanayotgani. Banklar bir nechta xavfni ajratgan.
Masalan, AI agent foydalanuvchining karta ma’lumotlarini so‘rashi va ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri saytga kiritishi mumkin. Shuningdek, agent xaridorni iste’molchi uchun himoya darajasi pastroq bo‘lgan to‘lov usuliga yo‘naltirishi ehtimoli ham bor.

Yana bir muammo — AI noto‘g‘ri mahsulotni sotib olishi yoki belgilanganidan ko‘proq pul sarflashi.

Bundan tashqari, firibgarlar AI agentlarini buzib kirish yoki ularning o‘rniga o‘zini taqdim etish orqali yangi turdagi firibgarlik sxemalaridan foydalanishi mumkin.

«Agar xato ketsa, kim javob beradi?»

Masalan, xaridor AI’ga ma’lum bir summa doirasida mahsulot topishni buyuradi. Agent esa boshqa mahsulotni tanlaydi yoki qimmatroq variantni sotib oladi.

Bunday holatda savol paydo bo‘ladi: xaridor, AI platformasi, do‘kon yoki bankdan qaysi biri javobgar?

Banklar aynan shu kabi masalalar bo‘yicha aniq qoidalar zarurligini ta’kidlamoqda. Ular iste’molchilar AI agent ishtirokidagi operatsiya bilan bog‘liq muammoda kimga murojaat qilishini aniq bilishi kerak, deb hisoblaydi.

Banklar qanday qoidalarni taklif qilmoqda?

Olti bank «agentic commerce» uchun beshta asosiy yo‘nalishni belgilagan:
— shaffoflik — xaridda AI agent ishtirok etayotgani ma’lum bo‘lishi;
— xavfsizlik — firibgarlik va ruxsatsiz operatsiyalardan himoya;
— maxfiylik va ma’lumotlarni himoya qilish;
— tanlov huquqi — iste’molchi va sotuvchi qaysi AI xizmatidan foydalanishini o‘zi tanlashi;
— tizimlar o‘zaro ishlay olishi — turli AI va to‘lov tizimlari bir-biri bilan ishlay olishi.

Banklar, shuningdek, AI agentlari qanday qaror qabul qilayotgani haqida ko‘proq shaffoflik bo‘lishini taklif qilmoqda.

Bu hali majburiy qoida emas


Muhim jihati: banklar e’lon qilgan hujjat majburiy standart yoki qonun emas. Ular bu tamoyillarni sohadagi muhokama uchun taklif qilgan. Keyingi bosqichda ushbu prinsiplarni amaliyotga qanday tatbiq etish bo‘yicha ishlash va boshqa banklar, texnologiya kompaniyalari, savdo platformalari hamda regulyatorlarni jarayonga jalb qilish rejalashtirilgan.

Shuning uchun hozirgi bosqichda gap AI orqali xaridlarni taqiqlash haqida emas. Aksincha, banklar AI odamlar nomidan pul sarflay boshlaganida amaldagi iste’molchi va to‘lov himoyasi qanday saqlanishi kerakligi haqida qoidalarni oldindan belgilashga urinmoqda.

Россия - Украина уруши

Sun’iy intellekt

AI texnologiyalarining o‘sishi va xavflari.

Теглар

Мавзуга оид