Logo

«Apple Pay» «Uzcard» va «Humo» bilan ishlashni boshladi

O‘zbekistonda «Apple Pay» xizmati orqali endi Xalq bankining «Uzcard» va «Octobank»ning «Humo» milliy kartalari bilan kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

«Apple Pay» «Uzcard» va «Humo» bilan ishlashni boshladi © SI asosida yaratilgan

Bugun, 17-noyabrdan boshlab O‘zbekistonda «Apple Pay» xalqaro to‘lov xizmatidan foydalanish imkoniyatlari yanada kengaytirilib, milliy to‘lov tizimlari — «UZCARD» va «HUMO» bank kartalari xizmatga integratsiya qilindi.

Dastlabki bosqichda Xalq banki tomonidan muomalaga chiqarilgan «UZCARD» hamda «Octobank» tomonidan taqdim etilgan «HUMO» bank kartalari mazkur tizimga ulandi. Endilikda ushbu banklar mijozlari o‘z kartalarini «Apple Wallet» ilovasiga qo‘shib, «iPhone», «Apple Watch» va boshqa mos «Apple» qurilmalari orqali xavfsiz kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin.

Mazkur yangilik bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib o‘z milliy to‘lov tizimlarini «Apple Pay» xalqaro ekotizimiga ulagan mamlakatga aylandi. Shuningdek, ayni paytda O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) hududida milliy kartalari mazkur raqamli to‘lov tizimida qo‘llab-quvvatlanayotgan yagona davlat maqomini oldi.

Bu O‘zbekiston milliy to‘lov infratuzilmasining xalqaro ekotizimga integratsiyalashuvida muhim bosqich hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda «Apple Pay» xizmati rasman 2026 yil 27-oktabrda ishga tushirilgan bo‘lib, dastlab faqatgina ayrim tijorat banklarining «Visa» va «Mastercard» xalqaro kartalari uchun xizmat ko‘rsata boshlagan edi.

Tizim doirasida «Apple Pay» orqali to‘lovlarni amalga oshirishda mijozlarning karta ma’lumotlari maxfiyligi va tranzaksiyalar xavfsizligi maxsus texnologik yechimlar yordamida to‘liq ta’minlanadi.

Markaziy bankka ko‘ra, kelgusida boshqa tijorat banklari tomonidan chiqarilgan «UZCARD» va «HUMO» kartalarini ham mazkur xizmatga ulash jarayonlari banklar va to‘lov tizimlarining texnik tayyorgarligiga qarab bosqichma-bosqich amalga oshirib boriladi.

Теглар

Мавзуга оид