Logo

AQSH Senatiga ilk bor musulmon kishi saylandi

Кеча 22:053 дақиқа

Al-Sayid AQSH Senatida xizmat qiladigan birinchi musulmon senatorga aylandi.

AQSH Senatiga ilk bor musulmon kishi saylandi © Brian Snyder/Reuters

Progressiv demokrat Abdul Al-Sayid 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlarda Michigan shtatidan AQSH Senatiga saylanib, mamlakat tarixidagi ilk musulmon senatorga aylandi. 42 yoshli Al-Sayid o‘zining asosiy raqibi — respublikachi Mayk Rojersni mag‘lubiyatga uchratdi va 2027 yilning yanvar oyida rasman lavozimiga kirishadi.

«Associated Press» (AP) agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, byulletenlarning 96 foizi sanab chiqilgach, Abdul Al-Sayid 2 million 480 mingdan ko‘proq (52,4 foiz) ovoz to‘plagan. Sobiq kongressmen va FTB (FBR) agenti bo‘lgan Mayk Rojers esa 2 million 154 mingdan ortiq (45,6 foiz) ovoz oldi. Uchinchi o‘rinni 1 foiz ovoz bilan Libertarlar partiyasi nomzodi Lidiya Kristensen egalladi.

Sobiq sog‘liqni saqlash mutasaddisi bo‘lgan Abdul Al-Sayid o‘z g‘alabasini AP va yirik telekanallar rasmiy natijalarni e’lon qilishidan bir soatcha oldin nishonlashni boshladi. U Detroytda Michigan demokratlari uyushtirgan tadbirda sahnaga chiqib, shunday dedi: «Michigan, biz buni uddaladik».

Al-Sayid o‘z saylovoldi harakatini «umid kampaniyasi» sifatida, raqibining harakatlarini esa «korporatsiyalar puli bilan yuritilgan reklama kampaniyasi» sifatida ta’rifladi.

«Siz nafratni tanladingiz, Michigan esa umidni tanladi», — dedi u raqibiga qarata va qo‘shimcha qildi: «Mayk, endi nafaqangizdan rohatlaning».

Shuningdek, u o‘z nutqida Donald Trampning «Amerikani yana buyuk qilamiz» (MAGA) shioriga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, Amerikaning buyukligi o‘tmishda emas, balki o‘zini yaxshilay olish qobiliyatidadir.

«Bizga yana buyuk bo‘lish shart emas. Bizni doim buyuk qilib kelgan narsani — yanada mukammal bo‘lish irodasini qabul qilishimiz kerak. Hozir bu tizimni juda uzoq vaqtdan beri bizga qarshi buzib kelgan korporatsiyalar, milliarderlar va maxsus manfaatdor guruhlarga qarshi chiqish demakdir», — dedi siyosatchi.

Kampaniya davomida Abdul Al-Sayid qator irqchilik va islomofobik hujumlarga duch keldi. Raqiblari, jumladan, Donald Tramp va uning vitse-prezidenti Jey Di Vens ko‘pincha nomzodning ismi va diniga urg‘u berdi.

Tramp uni «kommunist» va «jihodchi» deb atadi, shuningdek, u Senatga kirishi uchun metall detektoridan o‘tishiga to‘g‘ri kelishini da’vo qildi. Al-Sayid esa bu ayblovlarni keskin rad etib, raqiblari xalqni qiynayotgan oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlari haqida gapirish o‘rniga, jamiyatni bo‘lib yuborishga harakat qilayotganini ta’kidladi.

«Ular ayrimlarimiz uchun torlik qiladigan Amerikani xohlashadi. Biz esa Amerika barchamiz uchun yetarlicha keng ekanini bilamiz», — dedi Al-Sayid.

Al-Sayidning Yaqin Sharq bo‘yicha qarashlari Demokratik partiya ichida ham turlicha fikrlarni yuzaga keltirdi. U Isroilning G‘azodagi harakatlarini «genotsid» deb ataydi va AQSHning Isroilga harbiy yordamini to‘xtatish tarafdori hisoblanadi.

Umuman olganda, siyosatchi xorijiy armiyalarni moliyalashtirishga qarshi. Uning bu talabi nafaqat Isroilga, balki Misr, Iordaniya va Saudiya Arabistoniga ham tegishli. O‘z nutqida u soliqlar faqat mamlakat ichkarisidagi maktablar, sog‘liqni saqlash va infratuzilma uchun sarflanishi kerakligini, pullar «aparteid, genotsid yoki urush uchun yuborilishini istamasligini» ta’kidladi.

Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi «Aipac» lobbi tashkiloti praymeriz bosqichida Al-Sayidni to‘xtatib qolish uchun qariyb 30 million dollar sarflagan edi. Umumiy hisobda esa oktabr oyi o‘rtalariga qadar har ikki partiya tomonidan ushbu shtatdagi saylov poygasiga 220 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

Теглар

Мавзуга оид