Davlat mulki va yer bilan bog‘liq korrupsiya holatlari fosh etildi
Andijon viloyatida davlat mulki, elektr energiyasi va yer ajratish bilan bog‘liq bir nechta korrupsion holatlarga chek qo‘yildi.
© DXX matbuot xizmatiDavlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir nechta mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining Andijon viloyati hududiy boshqarmalari tomonidan mahalliy tadbirkor bilan Izboskan tumanidagi ko‘chmas mulk obyektini asosiy to‘lovlarini to‘lash sharti bilan sotib olish haqida tuzilgan uch tomonlama shartnoma shartlariga tadbirkor rioya qilmagani ro‘kach qilinib, shartnomani bekor qilish, ustama va jarima undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga apellyatsiya shikoyati kiritilgan.
Bundan xabardor bo‘lgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali sud ajrimini tadbirkor foydasiga hal etish va tuzilgan shartnomani bekor qilmaslik evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilgan. U pulni uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida ushlangan.
«Hududiy elektr tarmoqlari»dagi holat
Yana bir holatda «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Andijon hududiy filiali muhandisi tadbirkorning sholi quritish sexida elektrdan noqonuniy foydalanilgani uchun 650 mln so‘m zarar hisoblanishini aytgan. Muhandis ushbu miqdorni 40 mln so‘mga tushirib berish evaziga 15 ming dollar talab qilib, 10 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Kadastr bo‘limidagi holat
Shuningdek, tuman kadastr bo‘limi boshlig‘i fuqaroga uy-joy qurishi uchun 8 sotix va dehqon xo‘jaligi tashkil qilishi uchun 17 sotix yer ajratib berish evaziga muqaddam 3 ming AQSH dollari olgan. U yer ajratilgani haqida soxta hujjat ham rasmiylashtirgan. Keyinchalik xatlovda yer noqonuniy ajratilgani ma’lum bo‘lib, fuqaroga 82 mln so‘m jarima qo‘llanilgan.
Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.





