Eronning boyitilgan uran zaxirasi: uni xavfsiz olib chiqib ketish mumkinmi?

Бугун 08:255 дақиқа

Eronning taxminan 440 kilogramm 60 foizgacha boyitilgan uran zaxirasi AQSH bilan yadroviy muzokaralardagi eng bahsli masalaga aylangan. Vashington ushbu materialni mamlakatdan olib chiqishni talab qilayotgan bir paytda, Xomanaiy uranni xorijga ko‘chirishni taqiqladi.

Eronning boyitilgan uran zaxirasi: uni xavfsiz olib chiqib ketish mumkinmi?

21-may kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasini mamlakat ichida saqlab qolishiga ruxsat bermasligini yana bir bor ta’kidladi. Biroq xuddi shu kuni «Reuters» agentligi eronlik ikki nafar yuqori martabali manbaga tayanib xabar berishicha, Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Mujtabo Xomanaiy boyitilgan uranni mamlakatdan tashqariga olib chiqishni taqiqlovchi ko‘rsatma bergan.

Eronda saqlanayotgani taxmin qilinayotgan 60 foizgacha boyitilgan qariyb 440 kilogramm uranning taqdiri AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Yadroviy soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, garchi 60 foizgacha boyitilgan uran yadro quroli yaratish uchun zarur bo‘lgan 90 foizlik ko‘rsatkichdan hali yiroq bo‘lsa-da, mazkur marraga yetib kelgach, uni 90 foizgacha yetkazish ancha tezlashadi.

Ammo, Eron uni topshirishga rozi bo‘lgan taqdirda ham, yuqori darajada boyitilgan uranni davlatlar o‘rtasida xavfsiz tashish mumkinmi?

Tramp va Xomanaiy boyitilgan uran zaxirasi haqida nima dedi?

«Biz uni olamiz. U bizga kerak emas, uni xohlamaymiz ham. Olganimizdan keyin uni yo‘q qilib yuborsak kerak, lekin ularda qolishiga yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi Tramp.

Biroq shu kunning o‘zida «Reuters» Eron oliy rahnamosi uranni olib chiqib ketishni taqiqlovchi ko‘rsatma bergani haqida xabar tarqatdi. Shuningdek, agentlik ismi sir qolishini istagan isroillik mulozimlarga tayanib, Tramp Isroilni Eronning boyitilgan uran zaxirasi mamlakatdan olib chiqib ketilishiga va har qanday tinchlik bitimida bu boradagi band albatta bo‘lishiga ishontirganini ham qo‘shimcha qildi.

«Oliy rahnamoning ko‘rsatmasi va hukumat doiralaridagi yakdil fikr shundan iboratki, boyitilgan uran zaxirasi mamlakatda qolishi shart», — dedi eronlik manba «Reuters»ga.

Eronning boyitilgan urani haqida nimalar ma’lum?

Tehron yillar davomida o‘zining yadroviy dasturi faqatgina tinchlik maqsadlariga qaratilganini va yadro quroli yaratish niyati yo‘qligini ta’kidlab keladi. 2015 yilda Eron sanksiyalarni yumshatish evaziga o‘z yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha AQSH bilan bitim imzolagan edi. Ammo xalqaro inspektorlar Eron kelishuv shartlariga to‘liq rioya qilayotganini tasdiqlaganiga qaramay, 2018 yilda Tramp mazkur tarixiy bitimdan chiqdi va Eronga qarshi sanksiyalarni qayta tikladi.

AQSHning «Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi» deb ataluvchi ushbu bitimdan chiqishi va 2021 yilda Eronning Natanzdagi yadroviy obyekti bombardimon qilinishi (bunda Eron Isroilni ayblagan edi) ortidan, Tehron uranni 2015 yilgi kelishuvda atom energetikasini rivojlantirish uchun ruxsat etilgan 3,67 foiz o‘rniga qariyb 60 foizgacha boyitishga qaror qildi.

Hozirda Eronda 60 foizgacha boyitilgan taxminan 440 kilogramm uran borligi taxmin qilinmoqda. Yadro qurolini ishlab chiqarish uchun esa 90 foizlik boyitilgan uran chegarasi talab etiladi.

Mart oyining boshlarida Xalqaro Atom Energiyasi Agentligi (AEXA) rahbari Rafael Grossi «Al Jazeera» telekanaliga bergan intervyusida, agar ushbu miqdordagi uran 90 foizgacha boyitilsa, nazariy jihatdan undan 10 dan ortiq yadroviy jangovar kallak ishlab chiqarish mumkinligini aytgan edi.

Eron zaxirasining deyarli barchasi geksaftorid gazi shaklida ekani taxmin qilinadi. Uni g‘avvos ballonidek keladigan kichik idishlarda saqlash mumkin. Yadroviy bo‘linishning zanjirli reaksiyalarini ta’minlay oladigan uran-235 izotopining ulushini oshirish uchun bu gaz markazdan qochma (sentrifuga) qurilmalarda aylantiriladi.

Eronning boyitilgan uran zaxirasining katta qismi o‘tgan yili 12 kunlik Eron-Isroil urushi vaqtida AQSH va Isroil tomonidan bombardimon qilingan yadroviy obyektlarning vayronalari ostida, yer qa’rida yotibdi deb taxmin qilinmoqda. 2025 yilning iyun oyida Tramp AQSH hujumlari Fordo, Natanz va Isfahondagi uchta yadro boyitish obyektini «yer bilan yakson qilganini» aytgan edi.

Biroq bugungi kunda Isroil, AQSH va G‘arbning boshqa davlatlari Eron yadro quroli yaratishga intilayotganini yoki hech bo‘lmaganda buning uchun imkoniyat hozirlayotganini da’vo qilmoqda. Ularning fikricha, shu paytgacha erishilgan 60 foizlik boyitish darajasi tinch atom energetikasi dasturi uchun zarur bo‘lgan me’yordan ancha yuqori.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronning boyitilgan urani mamlakatdan olib chiqib ketilmaguncha, Tehron mintaqadagi o‘ziga tobe qurolli tuzilmalarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmaguncha va uning ballistik raketa salohiyati yo‘q qilinmaguncha, urush tugagan hisoblanmasligini ma’lum qildi.

AQSH ushbu zaxira o‘ziga topshirilishini xohlamoqda, biroq xabarlarga ko‘ra, Eron uni faqat uchinchi tomonga berishni ko‘rib chiqishga tayyor bo‘lgan. Endi esa Oliy rahnamo Xomanaiy uni umuman olib chiqib ketishni taqiqlovchi buyruq bergani ma’lum bo‘lmoqda.

Shu oy boshida Nyu Dehlida bo‘lib o‘tgan BRIKS davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi doirasida Eronning bosh diplomati Abbos Araqchi jurnalistlarga Eron va AQSH Eronning «boyitilgan materiali» masalasida «boshi berk ko‘chaga» kirib qolganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buning natijasida mazkur mavzu muzokaralarning keyingi bosqichlariga qadar «ortga surilmoqda».

«Hozircha bu muhokama qilinmayapti, muzokaralar olib borilmayapti, ammo keyingi bosqichlarda biz bu mavzuga albatta qaytamiz», — dedi u.

Shu bilan birga, OAV xabarlariga ko‘ra, joriy yilning 26-fevralida — AQSH va Isroil Tehronga hujum boshlashidan ikki kun oldin Jenevada AQSH vakillari bilan bo‘lib o‘tgan norasmiy muzokaralar chog‘ida Eron ortga qaytarib bo‘lmaydigan jarayon orqali zaxirani 60 foizdan 3,67 foizgacha pasaytirishni («aralashtirib suyultirishni») taklif qilgan.

Boyitilgan uranni xavfsiz ko‘chirish mumkinmi?

Uran geksaftorid gazi o‘ta xavfli hisoblanadi, agar u tashqariga sizib chiqsa, nafas olganda o‘limga olib keladigan va terini kuydirishi mumkin bo‘lgan o‘ta zaharli hamda yemiruvchi (korrozion) ftorid birikmalarini hosil qiladi.

Xalqaro Atom Energiyasi Agentligi boyitilgan uranni xavfsiz tashish uchun maxsus protokollarga ega. Agentlik veb-saytiga ko‘ra, boyitilgan uran geksaftoridini 30B tipidagi konteynerlarda — kuchli himoyalangan, standartlashtirilgan po‘lat ballonlarda tashish mumkin. Ular yuqori bosim va issiqlikka bardosh berish uchun maxsus ishlab chiqilgan.

AEXA, shuningdek, ushbu ballonlar «kritiklik xavfini oldini olish» maqsadida ataylab kichik o‘lchamda yasalishini ta’kidlaydi. Bu o‘rinda «kritiklik» deganda juda tezlik bilan energiya va radiatsiya ajratib chiqaruvchi nazoratsiz yadroviy zanjir reaksiyasi tushuniladi.

O‘tmishda boyitilgan uran ko‘chirilganmi?

AQSH 1980-yillarning o‘rtalaridan boshlab tibbiy izotoplar ishlab chiqarish maqsadida Kanadaga yuqori darajada boyitilgan uran eksport qilgan. Biroq ishlab chiqaruvchilar kam boyitilgan uranga o‘tgani sari bunday yetkazib berishlarni bosqichma-bosqich to‘xtatgan. 2010-yillarning o‘rtalariga kelib Vashington so‘nggi eksport deb ta’riflangan jo‘natmalarga ruxsat berdi va 2021 yilda AQSH Energetika vazirligi jahon bozorlari kam boyitilgan uranga muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidlab, tibbiy izotoplar ishlab chiqarish uchun boshqa boyitilgan uran yetkazib bermasligini e’lon qildi.

Sovuq urushdan so‘ng, 1994 yilda Sovet Ittifoqidan qolgan yadroviy materiallarni olib chiqib ketish bo‘yicha «Sapfir loyihasi» deb nomlangan maxfiy operatsiya doirasida AQSH kuchlari Qozog‘istondan qariyb 600 kilogramm qurolbop uranni AQSHga olib ketgan.

Qurol-yarog‘ ustidan nazorat va ularni tarqatmaslik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tashish jarayonida ishtirok etgan guruhlar materialni metallurgiya zavodidan mahalliy aeroportgacha xavfsiz olib o‘tishning o‘zi uchun to‘rt hafta davomida haftasiga olti kun, 12 soatlik smenalarda ishlagan.

 

Теглар

Мавзуга оид