Global qurol savdosi: bozorda kuchlar muvozanati o‘zgarib, yangi liderlar paydo bo‘lmoqda
Rossiya-Ukraina urushi fonida Yevropa qurol importini 210 foizga oshirdi. Ilgari harbiy masalalarda ehtiyotkor bo‘lgan Germaniya endi mintaqa xavfsizligining asosiy ustuniga aylanmoqda.

So‘nggi yillarda dunyodagi qurol savdosi geosiyosiy qarama-qarshiliklar, mintaqaviy urushlar va xavfsizlik tahdidlari ta’sirida keskin o‘zgarmoqda. Stokgolm Xalqaro Tinchlik Tadqiqot Instituti — Stockholm International Peace Research Institute (SIPRI) tomonidan e’lon qilingan 2021–2025 yillarga oid yangi hisobot bu jarayonlarni yanada aniqroq ko‘rsatib berdi.
Hisobotga ko‘ra, Germaniya qurol eksportchilari reytingida Xitoyni ortda qoldirib, to‘rtinchi o‘ringa chiqdi, Rossiyada esa eksport hajmi keskin pasaydi. Shu bilan birga, AQSH qurol bozoridagi ustunligini yanada mustahkamladi.
Global qurol savdosida o‘sish davom etmoqda
«SIPRI» ma’lumotlariga ko‘ra, 2021–2025 yillarda davlatlar tomonidan asosiy turdagi qurollarni xarid qilish hajmi 2016–2020 yillarga nisbatan 9,2 foizga oshgan. Bu so‘nggi o‘n besh yillikdagi eng katta o‘sishlardan biri hisoblanadi.
Bu tendensiya, avvalo, Yevropa va Ukrainadagi xavfsizlik vaziyati bilan bog‘liq. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan keyin Yevropa davlatlari mudofaa xarajatlarini keskin oshirdi. Natijada qurol importi ham jadal sur’atlarda o‘sdi.
«SIPRI» qurol uzatish dasturi direktori Metyu Jorjning ta’kidlashicha, Ukrainaga yetkazib berilayotgan qurollar bu o‘sishning eng muhim omili bo‘ldi. Biroq Yevropa davlatlarining aksariyati ham Rossiyadan kelayotgan tahdidlar fonida o‘z armiyalarini kuchaytirish uchun ko‘proq qurol sotib ola boshladi.
AQSH — mutlaq yetakchi
Hisobotga ko‘ra, AQSH dunyodagi eng yirik qurol sotuvchi davlat sifatida o‘z mavqeini yanada kuchaytirgan. 2021–2025 yillarda global qurol eksportining 42 foizi aynan Amerikaga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi besh yillik davrga nisbatan 6 foiz punktga yuqori.
Amerika qurollarini jami 99 davlat sotib olgan. Ularning 35 tasi Yevropada, 18 tasi Amerika qit’alarida, 17 tasi Afrikada, yana 17 tasi Osiyo va Okeaniyada joylashgan. Yaqin Sharqda esa 12 davlat AQSH qurollarini import qilgan.
So‘nggi yigirma yil ichida birinchi marta AQSH qurol eksportining eng katta qismi Yaqin Sharqqa emas, balki Yevropaga to‘g‘ri keldi. Yevropa ulushi 38 foizni tashkil etdi.
Yaqin Sharq esa 33 foiz bilan ikkinchi o‘ringa tushdi
Amerika qurollarining eng yirik xaridori hali ham Saudiya Arabistoni hisoblanadi. Bu mamlakat AQSH qurol eksportining 12 foizini tashkil qiladi.
Tadqiqotchi Piter Vezemanning fikricha, AQSH nafaqat ilg‘or harbiy texnologiyalarni yetkazib beradi, balki qurol savdosini tashqi siyosat vositasi sifatida ham qo‘llaydi. Shu orqali Vashington o‘z ittifoqchilari bilan strategik aloqalarni mustahkamlaydi.
Fransiya ikkinchi o‘rinda
Qurol eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Fransiya egallab turibdi. 2021–2025 yillarda Parij qurol eksport hajmini 21 foizga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
Shunga qaramay, Fransiyaning bozor ulushi 9,8 foizni tashkil qiladi va bu AQSHdan ancha orqada. Fransiya qurollarining asosiy xaridorlari Yevropa tashqarisida joylashgan davlatlar hisoblanadi.
Fransiya jami 63 davlatga qurol eksport qilgan. Ular orasida Hindiston asosiy xaridor bo‘lib, Fransiya qurol eksportining 24 foizi aynan shu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Rossiya qurol sotishni keskin kamaytirdi
«SIPRI» hisobotiga ko‘ra, Rossiya qurol eksportchilari orasida eng katta pasayishni qayd etgan davlat bo‘ldi. 2021–2025 yillarda Rossiya qurol eksporti 64 foizga qisqardi.
Natijada Rossiyaning global qurol bozoridagi ulushi 6,8 foizga tushib ketdi. Bu ko‘rsatkich avvalgi besh yillik davrda 21 foizni tashkil qilgan edi.
Mutaxassislar bu pasayishni asosan Ukrainadagi urush bilan bog‘lashmoqda. Urush Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksiga bosim o‘tkazdi va eksport salohiyatini chekladi. Shu bilan birga, Rossiya qurollarining xalqaro bozordagi obro‘si ham pasaygani ta’kidlanmoqda.
Rossiya qurollarining asosiy qismi atigi uchta davlatga sotilgan. Hindiston 48 foiz bilan birinchi o‘rinda tursa, Xitoy va Belarus har biri 13 foizdan ulushga ega.
Shu bilan birga, Moskva hali ham 30 ta davlat va bir nodavlat tashkilotga qurol yetkazib berishni davom ettirmoqda.
Germaniya — yangi kuch markazi
Hisobotda eng qiziqarli o‘zgarishlardan biri Germaniya bilan bog‘liq. 2021–2025 yillarda Berlin Xitoyni ortda qoldirib, dunyodagi to‘rtinchi yirik qurol eksportchisiga aylandi.
Germaniyaning global qurol eksportidagi ulushi 5,7 foizni tashkil etdi.
Nemis qurollarining qariyb 24 foizi Ukrainaga harbiy yordam sifatida yuborilgan. Yana 17 foizi esa boshqa Yevropa davlatlariga yetkazib berilgan.
Bu Germaniyaning Yevropa xavfsizligidagi rolini keskin oshirayotganini ko‘rsatadi. Ilgari Germaniya mudofaa sohasida ancha ehtiyotkor pozitsiyani egallab kelgan bo‘lsa, hozirda u Yevropa xavfsizligida faol ishtirok etmoqda.
Yevropa — eng yirik xaridor
2021–2025 yillarda Yevropa davlatlari global qurol importining 33 foizini tashkil etdi. Bu dunyodagi eng katta ko‘rsatkich hisoblanadi.
Yevropaga qurol importi 2016–2020 yillarga nisbatan 210 foizga oshgan. Bu esa Rossiya bilan munosabatlar keskinlashgani va NATO davlatlari mudofaa qobiliyatini kuchaytirishga harakat qilayotgani bilan izohlanadi.
Yevropaga yetkazib berilgan qurollarning deyarli yarmi AQSHdan kelgan. Germaniya 7,1 foiz, Fransiya esa 6,2 foiz ulush bilan keyingi o‘rinlarda turibdi.
Ukraina — asosiy importchi
Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinidan keyin Ukraina Yevropa davlatlari orasida eng yirik qurol importchisi bo‘lib qolmoqda. 2021–2025 yillarda u global qurol importining 9,7 foizini tashkil etdi.
Ukrainaga qurol yetkazib beruvchi asosiy davlatlar AQSH, Germaniya va Polsha hisoblanadi. 2022 yil fevral oyidan buyon kamida 36 davlat Kiyevga turli turdagi asosiy qurollarni yetkazib bergan.
Biroq 2025 yilda Ukrainaga qurol yetkazib berish hajmi 2023–2024 yillarga nisbatan kamaygan. Mutaxassislar bu holatni AQSHning harbiy yordam siyosatidagi o‘zgarishlar bilan bog‘laydi.
Global qurol bozori qaysi tomonga ketmoqda?
So‘nggi tendensiyalar dunyoda qurol savdosi faqat iqtisodiy emas, balki geosiyosiy vositaga ham aylanib borayotganligini ko‘rsatmoqda.
AQSH hali ham bozorda mutlaq yetakchi bo‘lib qolmoqda va uning ta’siri kuchaymoqda. Yevropa esa xavfsizlik tahdidlari sabab qurol importini keskin oshirmoqda.
Rossiya esa sanksiyalan va urush oqibatida o‘z pozitsiyalarini yo‘qotmoqda. Germaniya esa Yevropa mudofaa sanoatining yangi markazlaridan biriga aylanib bormoqda.
Tahlilchilarning fikricha, agar global geosiyosiy ziddiyatlar davom etsa, kelgusi o‘n yillikda qurol bozori hajmi yanada kengayishi mumkin.
Bu esa xalqaro xavfsizlik tizimi uchun ham yangi savollar va muammolarni keltirib chiqaradi.





