Global «yumshoq kuch» indeksi e’lon qilindi: O‘zbekiston 92-o‘rinda

Mazkur indeks mamlakatlarning harbiy yoki iqtisodiy bosimsiz, madaniyat, diplomatiya va xalqaro obro‘ orqali ta’sir o‘tkazish imkoniyatini baholaydi.

Global «yumshoq kuch» indeksi e’lon qilindi: O‘zbekiston 92-o‘rinda

«Global Soft Power Index 2026» xalqaro reytingi e’lon qilindi. Unda dunyo davlatlarining xalqaro nufuzi, ta’sir kuchi va global maydonidagi imidji baholandi.

33

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, reytingda AQSH birinchi o‘rinni egalladi. Mamlakat 74,9 ball to‘plab, global «yumshoq kuch» indeksi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi.

Ikkinchi o‘rinni 73,5 ball bilan Xitoy, uchinchi o‘rinni esa 70,6 ball bilan Yaponiya egalladi. Buyuk Britaniya (69,2 ball) va Germaniya (67,7 ball) reytingning dastlabki beshligidan joy oldi.

Reytingning kuchli o‘ntaligiga, shuningdek, Fransiya, Shveysariya, Kanada, Italiya va Birlashgan Arab Amirliklari ham kirgan.

Markaziy Osiyo davlatlari

Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natijani qayd etdi. U 35,9 ball bilan 82-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston reytingda 34,5 ball bilan 92-o‘rindan joy olgan. Shu bilan birga, Tojikiston 129-o‘rinni (31,0 ball), Turkmaniston 138-o‘rinni (30,2 ball), Qirg‘iziston esa 142-o‘rinni (29,8 ball) band etgan.

Reyting qanday tuziladi?

Ushbu reyting 100 dan ortiq mamlakatdan 150 ming nafardan ziyod respondent ishtirok etgan global so‘rovnoma natijalariga asoslanadi.

Ekspertlar davlatlarning xalqaro tanilganligi, global obro‘si va ta’siri kabi ko‘rsatkichlarni baholaydi. Shuningdek, mamlakatning investitsiyalar, savdo hamkorligi, iste’dodli mutaxassislar va sayyohlarni jalb qilish qobiliyati ham inobatga olinadi.

Jami hisobda reytingda BMTga a’zo 193 ta davlat ishtirok etgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur indeks mamlakatlarning harbiy yoki iqtisodiy bosimsiz, madaniyat, diplomatiya va xalqaro obro‘ orqali ta’sir o‘tkazish imkoniyatini baholaydi.

Теглар

Мавзуга оид