Har to‘rt turistdan uch nafari qo‘shni davlatdan: O‘zbekistonda turizm qanday rivojlandi?
2026 yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonga 5,35 million nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurdi. Turistlar soni rekord sur’atlarda o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, oqimning qariyb 75 foizi hamon Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Vaqt.uz turistik oqimning mamlakatlar kesimida tahlil qildi.

2026 yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonga 5 million 351 ming 868 nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27,3 foizga yoki qariyb 1,1 million nafarga ko‘p degani.
Bir qarashda raqamlar mamlakatning xalqaro turistik jozibadorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Ammo statistikaga chuqurroq nazar tashlansa, turistlar oqimining asosiy qismi hamon qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rish mumkin.
Milliy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar–may oylarida O‘zbekistonga kelgan xorijiy mehmonlarning qariyb to‘rtdan uch qismi Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston fuqarolaridan iborat bo‘lgan.
Shu bois O‘zbekiston turizmi haqida gap ketganda faqat sayyohlar soni emas, balki ular qayerdan kelayotgani haqida ham so‘z yuritish muhim.
To‘qqiz yilda turizm qanday o‘zgardi?
So‘nggi to‘qqiz yilda O‘zbekiston turizm sohasida sezilarli o‘sishni qayd etdi.
2017 yilda mamlakatga kelgan xorijiy turistlar soni atigi 2,7 million nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil yakunlariga kelib bu ko‘rsatkich 11,7 million nafarga yetdi. Boshqacha aytganda, sakkiz yil ichida turistlar oqimi 4,3 barobarga oshdi.
Bu o‘sishga viza rejimining erkinlashtirilishi, chegaralardagi to‘siqlarning qisqarishi, transport aloqalarining kengayishi va turizm sohasiga kiritilgan investitsiyalar asosiy turtki bo‘lgan.
Albatta, COVID-19 pandemiyasi tufayli 2020 yilda turistlar soni qariyb 78 foizga qisqarib, 1,5 million nafarga tushib ketdi. Biroq 2022 yilda chegaralarning qayta ochilishi va xalqaro safarlarning faollashishi natijasida turistlar oqimi qariyb uch barobarga oshgan.
2023 yilda O‘zbekistonga 6,6 million, 2024 yilda 8,2 million va 2025 yilda esa 11,7 million xorijiy turist tashrif buyurib, mamlakat har yili yangi rekord qayd etib kelgan.
Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston — asosiy turistik oqim
2026 yilning dastlabki besh oyida Qirg‘izistondan 1,54 million, Qozog‘istondan 1,25 million va Tojikistondan 1,21 million nafar fuqaro O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Ushbu uch davlat umumiy turistik oqimning 74,7 foizini shakllantirgan.
Qolgan mamlakatlar hissasi ancha kichik. Rossiyadan 465 ming nafar, Afg‘onistondan qariyb 199 ming nafar, Xitoydan 178 ming nafar turist kelgan. Turkmaniston, Turkiya, Hindiston va Germaniya ham birinchi o‘ntalikdan joy olgan bo‘lsa-da, ularning umumiy ulushi mintaqaviy yetakchilarniki bilan taqqoslanganda ancha past.
Nega aynan qo‘shni davlatlar?
Bu holatni bir nechta omillar bilan izohlash mumkin. Avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi tarixiy va madaniy yaqinlik muhim ahamiyatga ega. Chegaraning ikki tomonida qarindoshlik aloqalariga ega oilalar ko‘p. Shuning uchun safarlarning katta qismi oilaviy tashriflar bilan bog‘liq.
Ikkinchidan, iqtisodiy omillar muhim rol o‘ynaydi. Savdo-sotiq, tibbiy xizmatlar, ta’lim va tadbirkorlik maqsadidagi safarlar yildan-yilga ortib bormoqda.
Uchinchidan, transport aloqalarining yaxshilanishi ham harakatchanlikni kuchaytirmoqda. Yangi avtomobil yo‘llari, temir yo‘l qatnovlari va aviareyslar safarlarni ancha qulaylashtirdi.
Eng muhimi, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi vizasiz rejim va chegara tartiblarining soddalashtirilishi sayohat qilishni osonlashtirdi. Natijada Markaziy Osiyoning o‘zi O‘zbekiston turizmi uchun eng yirik bozorga aylandi.
Rossiya va Xitoyning ahamiyati oshib bormoqda
2026 yilning yanvar–may oylarida mamlakatga 465,9 ming nafar rossiyalik tashrif buyurgan bo‘lsa, 2025 yilning dastlabki sakkiz oyida bu ko‘rsatkich 663,2 ming nafarga yetgan.
So‘nggi ikki yilda Rossiya bozoriga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2024–2025 yillar Rossiya va Xitoyda «O‘zbekiston turizmi yillari» deb e’lon qilinib, 20 dan ortiq madaniy, taqdimot va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Bu esa O‘zbekistonning turistik yo‘nalish sifatidagi tanilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar baholashicha, Rossiyadan keluvchi turistlar oqimi 2023 yilga nisbatan ikki barobarga oshishi mumkin.
Xitoy esa O‘zbekiston turizmi uchun eng tez o‘sib borayotgan bozorlardan biriga aylanmoqda. Agar 2023 yilning dastlabki besh oyida mamlakatdan atigi 9,6 ming nafar turist kelgan bo‘lsa, 2026 yilning shu davriga kelib bu ko‘rsatkich 178,1 ming nafarga yetdi. Boshqacha aytganda, ikki yil ichida xitoylik mehmonlar soni qariyb 18 barobarga oshgan.
O‘sish sur’atlari 2025 yilda ham yuqori bo‘lgan. Yanvar–avgust oylarida Xitoydan 135,4 ming nafar turist tashrif buyurib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan uch barobardan ko‘proq o‘sish qayd etilgan.
Bu o‘sishda ikki davlat o‘rtasidagi transport aloqalarining kengayishi va viza tartibining yengillashtirilishi muhim omil bo‘ldi. 2025 yil iyunidan boshlab O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kunlik vizasiz tartib joriy etildi, haftalik aviareyslar soni esa 46 tadan 60 tagacha oshirildi.
Turizm iqtisodiyotga nimalar бераdi?
Turizmning ahamiyati faqat sayyohlar soni bilan o‘lchanmaydi. 2021 yilda turizm eksporti 679 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, turizm xizmatlari eksporti 1 milliard 103 million dollarni tashkil qilmoqda.
Bu mehmonxonalar, restoranlar, transport xizmatlari, savdo va ko‘ngilochar infratuzilmaning rivojlanishiga kuchli turtki bermoqda.
Bandlik ko‘rsatkichlari ham buni tasdiqlaydi. Agar 2017 yilda turizm sohasida 187 ming kishi ishlagan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu raqam 391 ming nafarga yetdi. 2025 yilda esa turizm qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra sayyohlar oqimining o‘sishi hisobiga 16 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Shuningdek, so‘nggi sakkiz yil ichida sohaga 6,5 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilindi va 130 mingdan ziyod yangi mehmonxona xonalari tashkil etilgan.
Shunga qaramay, turistik statistika sifati va uning tarkibi masalasi soha mutaxassislari o‘rtasidagi asosiy bahs mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda. Xususan, qo‘shni davlatlardan keluvchilar ulushining yuqoriligi ayrim ekspertlar tomonidan turistik oqim sifatini baholashda ehtiyotkor bo‘lish lozimligi haqidagi fikrlarni keltirib chiqaradi.
Vaqt.uz muxbiri avvalroq ushbu savol bilan Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulovga yuzlangandi.
Qo‘mita raisi O‘zbekiston turistik statistikani shakllantirishda Butunjahon turizm tashkiloti tomonidan qabul qilingan xalqaro metodologiyaga amal qilishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, chegarani kesib o‘tuvchilar 11 ta toifaga ajratiladi va shundan oltitasi turizm maqsadidagi tashriflar sifatida hisobga olinadi. Shu bois qo‘shni davlatlardan keluvchilarning barchasini mehnat migrantlari yoki tranzit yo‘lovchilar sifatida baholash to‘g‘ri emas.
Turistlar soni o‘tgan yili qariyb 30 foizga oshgan bo‘lsa, turizm xizmatlari eksporti hajmi 40 foizga o‘sgan. Bu esa mamlakatga ko‘proq mablag‘ sarflaydigan xorijiy sayyohlar oqimi ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda umumiy turistik oqimning qariyb 79 foizini qo‘shni davlatlar fuqarolari tashkil etadi. Biroq ularning muayyan qismi yuqori to‘lov qobiliyatiga ega turistlar hisoblanadi va mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli hissa qo‘shadi.
Avvalroq Butunjahon turizm tashkiloti O‘zbekistonmni sayyohlar oqimi eng tez o‘sgan mamlakatlar qatoriga kiritgandi.
World Tourism Barometer hisobotida qayd etilishicha, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘sishga erishgan top-7 mamlakat qatoriga kirgan.
Bundan tashqari, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasiga muvofiq, mamlakat yiliga 20 million nafar xorijiy turistni jalb etish, turizm eksporti hajmini 6 milliard dollardan oshirish hamda sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini ikki baravarga ko‘paytirishni maqsad qilgan.
Hozirgi o‘sish sur’atlari va so‘nggi yillarda qayd etilayotgan natijalar mazkur ko‘rsatkichlarga erishish imkoniyatlari yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.





