Ipoteka krediti miqdori oshirildi

17.02.2026 | 16:381 дақиқа

2026 yilda ipoteka dasturiga 23 trln so‘m ajratilib, 73 mingdan ortiq oila uy-joy bilan ta’minlanishi rejalashtirilmoqda.

Ipoteka krediti miqdori oshirildi

Prezidentning 16-fevraldagi qaroriga muvofiq, 2026 yilda ipoteka dasturlarini moliyalashtirish uchun jami 23 trln so‘m yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, ipoteka kreditlarining eng yuqori miqdori oshirilib, Toshkent shahrida 480 mln so‘m, hududlarda esa 380 mln so‘m etib belgilandi.

Mablag‘ni moliyalashtiruvchi manbalar

Moliyalashtirish manbalariga ko‘ra, 12,2 trln so‘m davlat budjeti hisobidan, 7,8 trln so‘m tijorat banklari mablag‘lari orqali, yana 3 trln so‘m «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ mablag‘lari hisobiga ajratiladi. Bu hajm ipoteka bozorida likvidlikni ta’minlash va aholi talabini qondirishga qaratilgan.

Shuningdek, ipoteka kreditlarini subsidiyalash uchun qo‘shimcha 2,7 trln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Mazkur mablag‘lar orqali fuqarolarning boshlang‘ich badal hamda foiz to‘lovlarining bir qismi qoplab beriladi.

Necha nafar fuqaro subsidiya bilan ta’minlanadi

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ajratilgan resurslar hisobidan 73 mingdan ortiq oila uy-joy bilan ta’minlanishi kutilmoqda. Qariyb 30 ming nafar fuqaro ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ushbu choralar uy-joy bozorida talabni rag‘batlantirish, qurilish sohasida faollikni oshirish hamda aholining uy-joy sharoitini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilda O‘zbekistonda bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka krediti miqdori 15 foizga oshirilishi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida ma’lum qilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид