Logo

«Ishsizlik nafaqasi va moddiy yordam pullarining 75 foizi ishlatilmagan» — deputat Bandlik vazirligi faoliyatini tanqid qildi

Бугун 15:093 дақиқа

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan majlisda ishsizlik nafaqasi va moddiy yordam uchun budjetdan ajratilgan mablag‘larning katta qismi ishlatilmagani ma’lum qilindi.

«Ishsizlik nafaqasi va moddiy yordam pullarining 75 foizi ishlatilmagan» — deputat Bandlik vazirligi faoliyatini tanqid qildi © Videodan kadr

2025 yilda O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish dasturlari uchun davlat budjeti hisobidan 45,5 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Bu mamlakat umumiy davlat xarajatlarining 11,9 foiziga teng.

3-iyun kuni bo‘lib o‘tgan parlament yig‘ilishida deputat Sayyora Imomova mazkur mablag‘lardan foydalanish samaradorligi past bo‘lganini ma’lum qildi.

«Vazirlik va unga tegishli tashkilotlar mablag‘lar ishlatilishida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganini ko‘rmoqdamiz. Birinchidan, Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga ajratilgan 485,6 milliard so‘mning 63,9 foizi ishlatilgan. Ikkinchidan, Bandlikka ko‘maklashish davlat maqsadli jamg‘armasiga ishsizlik nafaqasi va moddiy yordam uchun ajratilgan mablag‘larning 75 foizi, ya’ni 48,6 milliard so‘m ishlatilmay qolgan», dedi deputat.

Subsidiyalar muammosi

Deputat eng dolzarb masalalardan biri sifatida ayollar uchun mo‘ljallangan subsidiyalar taqsimotini tilga oldi. Uning ma’lum qilishicha, hokim yordamchilari tavsiyasi asosida 40 ming nafar xotin-qizga subsidiya ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, amalda ularning atigi 7 ming nafari mazkur imtiyozdan foydalangan.

Natijada 33 ming nafar ayolni tadbirkorlikka jalb qilish va iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar bajarilmay qolgan.

Subsidiyalar uchun ajratilgan mablag‘larning ham atigi 27 foizi ishlatilgani deputat tomonidan tanqid qilindi. U davlat mablag‘lari ajratilganiga qaramay, ehtiyojmand oilalar va ayollar yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmaganini ta’kidladi.

Rasmiylar javobi

Bandlik vaziri o‘rinbosari Alisher Murodov vaziyatni mablag‘ ajratish mexanizmlari o‘zgargani bilan izohladi. Uning aytishicha, samarasi past bo‘lgan 14 turdagi subsidiya bekor qilinib, ular o‘rniga foizsiz ssudalar va boshqa moliyaviy ko‘mak vositalari joriy etilgan.

«Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘larini ajratish tartibiga o‘zgarishlar kiritildi. Masalan, talab past yoki samarasi kam bo‘lgan 14 turdagi subsidiya bekor qilindi. Ularning o‘rniga kambag‘al oilalarni tadbirkorlik va daromadli mehnatga jalb etish uchun foizsiz ssudalar va boshqa moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etildi. Natijada hokim yordamchilarining tavsiyasi asosida subsidiya ajratilgan ayollar soni bo‘yicha belgilangan indikator rejaga nisbatan to‘liq bajarilmagan. Biroq mazkur holat aholini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘lar hajmi qisqartirishga emas, balki ulardan foydalanish mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qildi degan fikrdamiz», dedi vazirlik rasmiysi.

Biroq Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov mazkur izohni qoniqarli deb hisoblamadi. U vazirlik tomonidan aniq tahlil va asosli javob berilmaganini ta’kidladi.

«Agar Jamshid Anvarovichning javobini vazir o‘rinbosari ham aytganda, yaxshi bo‘lardi. Hozir uchta masala ko‘tarildi. Uchalasi bo‘yicha ham vazirlikning aniq javobi yo‘q. Boshqa obektiv sabablar bo‘lgani aytilyapti. Lekin bu yerda masala turibdi baribir. 40 ming nafar xotin-qizga subsidiya ajratish bo‘yicha hokim yordamchilari tavsiya beradi, yetti ming nafari oladi. Bu nima degan gap? Baribir, mana Jamshid Anvarovich aytyapti, vazirlik unga tanqidiy qarash kerak. Buni tahlil qilish kerak. Bu yil shuni takrorlamaslik choralarini ko‘rish kerak», dedi spiker.

Теглар

Мавзуга оид