Logo

Kriptobozorda qulash: Bitkoin o‘z qiymatining deyarli uchdan bir qismini yo‘qotdi

Бугун 10:553 дақиқа

Sentyabr oyi oxirida 87 ming dollar atrofida savdo qilingan bitkoin qisqa muddat ichida 2024 yil yozidagi darajaga qaytdi.

Kriptobozorda qulash: Bitkoin o‘z qiymatining deyarli uchdan bir qismini yo‘qotdi

Dunyodagi eng yirik kriptovalyuta — bitkoin narxi so‘nggi haftalarda keskin pasaydi. 2026 yil sentabr oyining oxirida 87 ming dollar atrofida savdo qilingan BTC 15-noyabr kuni 62 022 dollargacha tushdi. Bu qariyb 29 foizlik pasayish bo‘lib, kriptovalyuta qiymati 2024 yil yozidagi darajaga qaytdi.

19-noyabr holatiga ko‘ra, bitkoin 62 ming 600 dollar atrofida savdo qilinmoqda. Biroq narxning biroz tiklanishi bozordagi kayfiyat o‘zgarganini anglatmaydi. Investorlar AQSH Federal zaxira tizimining foiz stavkasi bo‘yicha qarorlarini, kriptovalyuta fondlaridan mablag‘ chiqishini va sohadagi yirik xavfsizlik hodisalarini diqqat bilan kuzatmoqda.

«Forbes» nashri tahliliga ko‘ra, bitkoinning pasayishiga bir nechta omil bir vaqtning o‘zida ta’sir ko‘rsatgan.

 

AQSHda foiz stavkalari oshishi xavfi kuchaydi

Bitkoin narxiga bosim o‘tkazayotgan asosiy omillardan biri — AQSHdagi pul siyosatiga oid kutilmalardir. AQSH Federal zaxira tizimi (FZT) foiz stavkalarini oshirishi yoki yuqori darajada saqlab turishi mumkin. Bunday taxminlar investorlarning riskli aktivlarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdi.

2026 yil oktabr oyida AQSHdagi bazaviy inflatsiya kutilganidan yuqori chiqdi. Shu sababli moliya bozori ishtirokchilari dekabr oyida FZT foiz stavkasini oshirishi ehtimolini ham hisobga ola boshladi.

«RBC Crypto» va «CoinDesk» ma’lumotlariga ko‘ra, 17–18-noyabr kunlari bozor fyucherslari bunday qaror ehtimolini 92–96 foiz oralig‘ida baholagan.

 

«Binance»ga qilingan 6,3 mlrd dollarlik xakerlik hujumi bozorga ta’sir qildi

Bitkoin pasayishiga hamroh bo‘lgan yana bir yirik voqea — dunyodagi eng katta kriptovalyuta birjalaridan biri «Binance»ga qarshi amalga oshirilgan kiberhujumdir.

2026 yil 29-oktabrda birjaning kriptovalyuta hamyonlaridan taxminan 6,36 mlrd dollarlik aktivlar o‘g‘irlandi. «Chainalysis» va «TRM Labs» kabi blokcheyn tahlil kompaniyalari hujumni Shimoliy Koreya bilan bog‘liq «TraderTraitor» xakerlik guruhi amalga oshirgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

«Associated Press» xabariga ko‘ra, «Binance» zararni qoplash uchun o‘z mablag‘laridan 6,34 mlrd dollardan ortiq zaxira ajratganini ma’lum qilgan. Birja hamkorlari bilan birgalikda o‘g‘irlangan aktivlarning qariyb 3 mlrd dollarini muzlatishga ham erishgan.

Bu hodisa kriptovalyuta bozorida xavfsizlik va markazlashgan birjalarga ishonch masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi. «Bloomberg»ning 18-noyabrdagi tahliliga ko‘ra, hujumdan keyin bitkoin bozorining likvidligi sezilarli yomonlashgan. «Talos» kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bitkoinning joriy narxidan 1 foiz yuqori va pastdagi buyurtmalar hajmi hujumdan oldingi yillik yuqori ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 38 foizga qisqargan.

 

 

«Anthropic» IPOsi ham sotuvlarga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin

«Forbes» maqolasida bitkoin pasayishiga ta’sir qilgan ehtimoliy omillardan yana biri sifatida sun’iy intellekt kompaniyasi — «Anthropic»ning birlamchi ommaviy aksiyalar joylashtirishi (IPO) tilga olingan.

«ViaBTC» kompaniyasining bosh tahlilchisi Jeff Ko ayrim investorlar «Anthropic» IPOsida qatnashish uchun bitkoin kabi likvid aktivlarini sotib, mablag‘ bo‘shatgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. «Binance» asoschisi Chanpen Chjao ham ushbu yo‘nalishdagi ehtimoliy kapital oqimiga e’tibor qaratdi. Biroq investorlar bitkoinni aynan IPO uchun sotganini tasdiqlovchi rasmiy ma’lumot yo‘q.

«Anthropic» kompaniyasi 18-noyabr kuni o‘z aksiyalarining IPO narxini 83 dollar etib belgiladi. Aksiyalar 19-noyabrdan «Nasdaq Global Select Market» birjasida «ANT» belgisi ostida savdoga chiqishi rejalashtirilgan. IPO doirasida jami 980 mln dona «A» toifasidagi aksiya taklif etilgan.

 

Bitkoinni nima kutmoqda?

Tahlilchilar narxning keyingi harakati bo‘yicha turli ssenariylarni ko‘rib chiqmoqda. «Wintermute» 60 ming dollar darajasini muhim chegara sifatida baholagan. «CoinShares» tahlilchilari esa kuchli tashqi omil paydo bo‘lmaguncha bozor 60–90 ming dollar oralig‘ida harakatlanishi mumkinligini bildirgan. Bular faqat bozor ishtirokchilarining taxminlari hisoblanadi.

Bitkoinning barqaror tiklanishi uchun investorlar talabining qaytishi va AQSH Federal zaxira tizimi siyosatidagi noaniqlikning kamayishi muhim omillar bo‘lib qoladi.

Теглар

Мавзуга оид