Neft narxi o‘sishi kriptobozorda yirik likvidatsiyaga sabab bo‘ldi
Neft narxi keskin qimmatlashgach, neft arzonlashadi deb tikkan kriptobozor treyderlari millionlab dollarlik pozitsiyalaridan ayrildi.

Yaqin Sharqdagi harbiy keskinlashuv ortidan neft narxining tarixiy sakrashi kriptovalyuta platformalarida yirik likvidatsiyalarga sabab bo‘ldi. Hyperliquid birjasida neftga bog‘langan tokenlashtirilgan fyuchers shartnomalari bo‘yicha qariyb 40 mln dollarlik pozitsiyalar yopildi. Ularning 36,9 mln dollari neft arzonlashadi deb tikkan qisqa (short) pozitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Coinglass ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida neft narxi taxminan 30 foizga oshgan. Bu esa neft narxi tushadi deb hisoblagan treyderlarning katta yo‘qotishlarga uchrashiga olib keldi. Hyperliquid platformasidagi CL-USDC neft kontrakti 114,77 dollargacha ko‘tarildi. Bu bir sutka ichida qariyb 20 foizlik o‘sishni anglatadi.
Shu bilan birga, USOIL-USDH savdo juftligi 135 dollarga yetdi. Bu ham bir kunda taxminan 9 foizlik o‘sishni ko‘rsatdi. Neft bozoridagi bu keskin harakat boshqa tovar bozorlarini ham ortda qoldirdi. Brent va WTI markali neft narxlari 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin kuzatilgan darajalarga yaqinlashdi.
Narxlar o‘sishining asosiy sababi Yaqin Sharqdagi siyosiy-harbiy vaziyatning keskin yomonlashuvi bo‘ldi. Eronda Mujtaba Xomanaiy yangi oliy rahbar sifatida tayinlandi. Shu bilan birga, Isroil Eron va «Hizbulloh» infratuzilmasiga yangi zarbalar berdi.
Mojaro mintaqada yanada kengayib, Eron tomonidan uchirilgan raketalar va dronlar Saudiya Arabistoni va Bahrayn hududlariga ham zarba berdi. Riyod yaqinida ikki kishi halok bo‘ldi va energetika infratuzilmalari nishonga olindi. Iroqda neft ishlab chiqarish hajmi taxminan 60 foizga qisqardi.
Shu bilan birga, Kuvayt va BAA ham ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur bo‘ldi, Ormuz bo‘g‘ozi orqali tanker harakati keskin kamaydi.
Natijada neftga qarshi pozitsiya olgan treyderlar katta zarar ko‘rdi. Hyperliquid birjasidagi neft shartnomalari bitkoin va efirdan tashqari eng yirik likvidatsiya voqealaridan biriga aylandi.





