Ozarboyjon banki «Davr bank»ni sotib olmoqda

Бугун 17:102 дақиқа

«Davr bank» Ozarboyjonning yirik banki bilan 51 foiz ulushini sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Ozarboyjon banki «Davr bank»ni sotib olmoqda © YANDEX MAPS

Ozarboyjonning «Azərbaycan Beynəlxalq Bankı» — ABB 2026-yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistondagi «Davr bank» aksiyalarining 51 foizini sotib olish orqali mamlakat bank bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ozorboyjonning mahalliy nashrlaridan biri xabar berdi.

ABB rahbariyati barcha huquqiy va texnik jarayonlarni 2026-yil yakuniga qadar yakunlashga umid qilmoqda. Bitim yakunlanishi uchun har ikkala davlatning regulyatori ruxsatlari kerak bo‘ladi. Hozirda tomonlar bitimni rasmiylashtirish va zarur ruxsatnomalarni olish jarayonini olib bormoqda.

Yirik investitsiya

Ma’lumotlarga ko‘ra, bankni sotib olish bo‘yicha umumiy investitsiyalar hajmi 100 mln dollardan oshishi mumkin. Bitim muvaffaqiyatli yakunlansa, bank kelgusida «ABB Davr bank» nomi ostida faoliyat yuritishi mumkin.

ABB bir qator moliya institutlari bilan muzokaralar olib borgan va yakunda aynan «Davr bank» variantida to‘xtalgan. Tahlilchilar fikricha, agar bitim amalga oshsa, bu O‘zbekiston biznes tarixi uchun eng yirik va kam uchraydigan xususiy bank xaridlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, «Davr bank» aktivlari taxminan 1 mlrd dollarga teng. Hozirda 1,4 mln nafar mijozga xizmat ko‘rsatadi va mamlakat bo‘ylab 43 ta filialga ega. Shuningdek, bank «YeBRR», «XMK», «OTB» kabi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilib keladi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, uning asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlari 30–45 foizga o‘sgan.

ABB esa 2025-yilni 404,5 mln manat sof foyda bilan yakunlagan. Bu 2024-yilga nisbatan 12,4 foizga ko‘pdir.

Shuningdek, bank kredit portfeli 12 foizga o‘sib, 7 mlrd manatdan oshgan. Faol mijozlar soni esa bir yil ichida 15 foizga ko‘paygan.

Теглар

Мавзуга оид

Ozarboyjon banki «Davr bank»ni sotib olmoqda | Vaqt.uz