Logo

O‘zbekistonda nasiya savdo bozori 10,1 trln so‘mga yetdi

Бугун 19:302 дақиқа

Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, nasiya savdo bozori qiymati 10 trln so‘mlik marradan oshib o‘tdi. Regulyator bozorni nazorat qilishga harakat qilmoqda.

O‘zbekistonda nasiya savdo bozori 10,1 trln so‘mga yetdi

2026-yil 1-yanvar holatiga nasiya savdo (BNPL) xizmatlari hajmi 10,1 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 trln so‘m yoki 1,2 barobarga oshdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

BNPL (Buy Now, Pay Later — “Hozir sotib ol, keyin to‘la”) xizmatlari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda faol marketing kampaniyalari va iste’molchilar talabining oshishi fonida keng ommalashdi.

Odamlar uchun do‘konlarda ko‘pincha bitta pasport bilan rasmiylashtiriladigan nasiya savdo mikromoliyalashtirishga muqobil sifatida qabul qilina boshladi.

Banklardan qimmatroq

Biroq, mahsulot ustiga to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lovlar sabab nasiya bozori bank kreditlariga nisbatan aholi uchun ancha qimmatga tushadi.

Mazkur holatning iste’molchilar uchun haqiqiy xarajatlarini baholash maqsadida Markaziy bank o‘tgan yili nasiya savdo va bank kreditlari shartlarini qiyosiy tahlil qilgan edi.

1

Unda nasiya savdo orqali xarid qilingan mahsulotlar bank kreditlariga nisbatan bir necha barobar qimmatroq ekani ko‘rsatilgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, ayrim nasiya mahsulotlarining real qiymati yillik hisobda 74 foizlik kredit stavkasiga teng keladi. Banklarda esa mikroqarz o‘sha paytda 40,3 foizdan, mikrokredit 24,7 foizdan ajratilayotgan edi.

Hozirda mikroqarzlarning o‘rtacha foiz stavkasi 29 foiz atrofida bo‘lib, sezilarli pasayish qayd etilgan.

Nasiya bozori nazorat yo‘lida

Bo‘lib to‘lash xizmatlaridagi yuqori ustamalar va iste’molchilar uchun yuzaga kelayotgan qo‘shimcha xarajatlar Markaziy bankni ushbu bozorni tartibga solish masalasini ko‘rib chiqishga undadi.

Biz nasiya bozori biznesiga qarshi emasmiz, lekin davlat tomonidan tartibga solishni rejalashtiryapmiz, — degan edi 2025 yil yozida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov.

Keyinchalik, regulyator nasiya bozori ishtirokchilarini nazorat qilish maqsadida Axloq kodeksini taqdim qildi.

Kodeksga qo‘shilgan kompaniyalarga maxsus “Ishonch belgisi” beriladi. Buning evaziga ular faoliyati bo‘yicha bir qator ochiqlik talablariga rioya qilishi kerak bo‘ladi.

2

Jumladan, tashkilotlar o‘z saytlarida xizmatlar shartlari, to‘lov tartibi, shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmi va maxfiylik siyosati haqidagi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilishi lozim.

Shuningdek, mijozlarga shartnoma tuzilishidan oldin mahsulotning yakuniy narxi, ustama va komissiyalar, to‘lov jadvali hamda jarimalar haqida to‘liq axborot berilishi talab etiladi.

Kodeks reklama masalasiga ham e’tibor qaratadi. Xususan, “0 foiz” yoki “bepul” kabi iste’molchini chalg‘ituvchi iboralardan foydalanish cheklanadi.

Bundan tashqari, yangi mijozlar uchun dastlabki nasiya limiti 2 mln so‘m etib belgilanib, limitni oshirishda mijozning qarz yuklamasi darajasi hisobga olinishi nazarda tutilgan.

Axloq kodeksi 2025-yil 1-noyabrdan boshlab ishga tushishi taklif qilingan edi. Biroq, bu rasman e’lon qilinmadi.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, nasiya bozorini hukumat avval Axloq kodeksi orqali yumshoqroq ko‘rinishda tartibga solishga harakat qiladi. Keyinchalik esa qonun ishlab chiqiladi va aniq talab-majburiyatlar belgilanadi.

Теглар

Фозил Қамбаров

Фозил ҚамбаровМақолалар сони: 184

Барчаси

Мавзуга оид