Logo

O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish: o‘sish sekinlashgani, statistikadagi tafovut va ishlamayotgan zavodlar

2026-yilda sement ishlab chiqarish o‘sishi deyarli to‘qtab qoldi. Ishlab chiqarish allaqachon ichki talabdan oshib ketgan. 42 ta zavoddan 17 tasi ishlamayapti, soha korxonalarining qariyb uchdan ikki qismi esa zarar bilan ishlamoqda. Bundan tashqari, 2025-yilda qancha sement ishlab chiqarilgani bo‘yicha ikki idoraning ma’lumotlari bir-biriga mos kelmaydi.

O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish: o‘sish sekinlashgani, statistikadagi tafovut va ishlamayotgan zavodlar © Statistika qo‘mitasi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 16,2 mln tonna sement ishlab chiqarilgan. Qo‘mita ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirmagan.

Ochiq manbalarda 2025 yilning shu davrida 15,3 mln tonna portlandsement ishlab chiqarilgani haqida ma’lumotlar bor. Biroq portlandsement sementning faqat bir turi bo‘lgani uchun bu raqam barcha turdagi sement hajmini aks ettirmaydi va joriy yilgi ko‘rsatkich bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirib bo‘lmaydi.

2026 yilning boshqa davrlari bo‘yicha ma’lumotlar o‘sish sekinlashganini ko‘rsatmoqda. Yanvar–iyun oylarida 10,1 mln tonna sement ishlab chiqarilgan, bu 2025 yilning shu davridagi 9,9 mln tonnadan bor-yo‘g‘i 0,2 mln tonna ko‘p. Yanvar–iyul oylarida bu ko‘rsatkich 12,1 mln tonnani tashkil etgan, o‘tgan yili shu davrda 12 mln tonna ishlab chiqarilgandi.

Uzoq muddatda esa o‘sish katta bo‘lgan. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda respublikada 24,1 mln tonna sement ishlab chiqarilgan, bu 2015-yildagidan (8,5 mln tonna) qariyb uch baravar ko‘p. So‘nggi o‘n yilda ishlab chiqarish 2016–2018-yillarda 8,6–9,1 mln tonna atrofida bo‘lgan. 2019-yilda bu ko‘rsatkich 10,5 mln tonnaga, 2021-yilda 13 mln tonnaga, 2023-yilda 14,6 mln tonnaga yetgan. 2024-yilda esa 17,6 mln tonna sement ishlab chiqarilgan.

Sement ishlab chiqarish o‘sish sur’ati nega pasaymoqda?

2026-yilda o‘sish sekinlashishining sabablaridan biri bozorning to‘yingani bo‘lishi mumkin. Hisob palatasi avgust oyida e’lon qilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, 2023-yilda ishlab chiqarish ichki talabning 92 foizini, 2024-yilda 99 foizini qoplagan bo‘lsa, 2025-yilda 19,9 mln tonna talabga nisbatan 21,5 mln tonna sement ishlab chiqarilgan. Ya’ni talabdan ko‘ra 8 foizga ko‘proq sement ishlab chiqarilgan.

Bundan tashqari, 2025-yilning 9 oyida 72 ming tonna sement import ham qilingandi. Keyinchalik Qozog‘istonning «QazCem» assotsiatsiyasi vakili O‘zbekiston 300 dollardan past narxdagi sement importini taqiqlaganini aytib chiqqandi. Biroq bu O‘zbekiston rasmiylari tomonidan tasdiqlanmagan.

2026-yildagi sement importi va eksporti bo‘yicha ma’lumotlar ochiq manbalarda uchramaydi.

Sement ishlab chiqaruvchi kompaniyalarda ahvol qanday?

2025-yilda sohadagi ko‘plab korxonalar moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan. 2025-yil yakuni bo‘yicha moliyaviy hisobot topshirgan 64 ta sement ishlab chiqaruvchi va xomashyo qazib oluvchi korxonadan 24 tasi foyda, 40 tasi (63 foiz) esa zarar bilan ishlagan. 42 ta sement zavodidan 17 tasi, jumladan, o‘z koni bo‘lgan 8 tasi faoliyat yuritmayapti. 28 ta korxonada 44 ta investitsiya loyihasi doirasida 2,5 mlrd dollar jalb qilingan bo‘lsa-da, 223,2 mln dollarlik investitsiya kiritilgan 9 ta korxona moliyaviy va boshqa muammolar sabab ishini to‘xtatgan.

Hisob palatasi so‘rovida qatnashgan korxonalarning 73 foizi logistika va transport muammolarini, 50 foizi talab yetishmasligi sabab quvvatlar to‘liq ishlamayotganini, 23 foizi esa tannarxning yuqoriligini asosiy muammo deb ko‘rsatgan. 81 foizi eksportni qo‘llab-quvvatlash, ya’ni imtiyozli kredit va soliq yengilliklari zarurligini bildirgan.

Ichki bozor to‘yinishi bilan import deyarli to‘xtagan, eksport esa oshgan. 2025-yilda import 2023-yilga nisbatan 44 baravar kamaygan, eksport esa 182 baravar oshib, 1,8 mln tonnaga yetgan. Birjadagi o‘rtacha narx 2025-yilda 651 so‘mni tashkil etib, 2023-yildagi 681,5 so‘mdan 4 foiz pasaygan.

Statistikadagi tafovut

Hisob palatasi va Statistika qo‘mitasining sement ishlab chiqarish bo‘yicha ma’lumotlari bir-biriga mos kelmaydi. Hisob palatasiga ko‘ra, 2023-yilda 15,5 mln tonna, 2024-yilda 17,9 mln tonna, 2025-yilda 21,5 mln tonna sement ishlab chiqarilgan. Statistika qo‘mitasi esa bu yillar uchun mos ravishda 14,6 mln tonna, 17,6 mln tonna va 24,1 mln tonna degan raqamlarni keltirgan. Ya’ni 2023–2024-yillarda Hisob palatasining ko‘rsatkichlari yuqoriroq bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda Statistika qo‘mitasi ma’lumoti 2,6 mln tonnaga ko‘proq ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston 4 ta xorijiy davlatga 44,4 mln AQSH dollarlik qariyb 1,1 mln tonna sement eksport qilgandi.

Теглар

Мавзуга оид