O‘zini o‘zi band qilganlar bo‘yicha qaysi vazirlik yolg‘on gapirmoqda va «ishli» ishsizlar uchun javob beradigan bormi?
So‘nggi kunlarda o‘zidan bexabar ishga joylashtirilgan fuqarolar haqidagi murojaatlar ortidan bandlik statistikasi va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga oid savollar ko‘paymoqda. Vaqt.uz fuqarolar murojaatlari va uch yillik statistikani o‘rganib, Bandlik vazirligidan mazkur masala yuzasidan izoh oldi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda minglab fuqarolar o‘zlari bilmagan holda turli korxona va tashkilotlarga «ishga joylashtirib qo‘yilgani» haqidagi xabarlar muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mehnat inspeksiyasining ma’lum qilishicha, birgina 2026 yilning birinchi yarmida ushbu masalaga oid murojaatlar soni 1,5 mingga yetgan.
Tekshiruvlar yakunlariga ko‘ra, 143 ta korxona va tashkilot rahbariga nisbatan ma’muriy va jinoiy choralar ko‘rilgan, 56 ta tashkilotga yozma ko‘rsatmalar kiritilgan. Fuqarolarning mehnat huquqlarini tiklash maqsadida 2020–2025 yillar oralig‘ida Yagona milliy mehnat tizimiga kiritilgan soxta ma’lumotlar bazadan o‘chirilgan.
Biroq bu raqam dengizdan bir tomchi, xolos. Chunki odamlarning o‘zi bexabar ishga joylashtirilishi, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi yoki mehnat tarixiga haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni kiritish bilan bog‘liq muammo bugun paydo bo‘lgan emas.
Vaqt.uz’ga ham bunday holatlar bo‘yicha vatandoshlardan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Ularning ayrimlari xorijda o‘qib yoki ishlab yurgan paytida O‘zbekistonda «ishga kirib qolgan», ba’zilari universitetni tamomlamasidan turib o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan.
Quyida Vaqt.uz’ga yuborilgan ana shunday murojaatlarning ayrimlari keltiriladi.
«Mahallaga borganimda meni o‘zini o‘zi band qilgan qilib qo‘yishdi»
Vaqt.uz’ga murojaat qilgan fuqarolarning katta qismi o‘zlari bilmagan holda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilganini aytmoqda.
«Mahallaga ish bilan borganimda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishdi. “Zarari yo‘qmi?”, deb so‘raganimda, soliq to‘lanmasa, ro‘yxat avtomatik bekor qilinadi, deyishdi».
Yana bir murojaatchining aytishicha, u maktabda ishlashiga qaramay, tizimda yana bir korxona xodimi sifatida ham qayd etilgan.
«Men Farg‘ona viloyati, Rishton tumanidagi maktabda ishlayman. My.gov.uz orqali tekshirsam, yana “Rishton Agropilla Fayz” firmasida ham ishlayotganim chiqdi. Zo‘rg‘a o‘chirtirdim. Mahalladagi ishsizlar va maktab bitiruvchilarining deyarli barchasi shu firmaga ishga joylashtirilgan, o‘zlari esa bundan bexabar».
Xorijda bo‘lsa ham, O‘zbekistonda «ishlayapti»
Murojaatlarning yana bir qismi xorijda bo‘lib turgan fuqarolarga tegishli.
«Bir necha yildan buyon Rossiyada ishlayman. Bolalar nafaqasiga hujjat topshirganimizda tizimda davlat tashkilotida ishlaydi va yuqori maosh oladi, degan ma’lumot chiqdi. Aslida Namanganda yashayman, bazada esa Surxondaryoda ishlaydi deb ko‘rsatilgan. Shu sababli nafaqani rasmiylashtira olmadik».
Yana bir foydalanuvchi Rossiyada bo‘lib turganida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgani haqida SMS kelganini yozadi.
«Rossiyada bo‘lib turgan tanishimga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgani haqida SMS kelgan. O‘zbekistonga qaytmaguncha bu holatni bekor qilishning iloji bo‘lmagan».
Bitiruvchilar ham statistikani to‘ldirish vositasiga aylangan
Murojaatlar orasida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining hikoyalari ham bor.
Ulardan biri universitetni bitirish arafasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishga majbur qilinganini aytadi.
«Bu yil universitetni tamomladim. Malakaviy amaliyot bahosini olish uchun meni va kursdoshlarimni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishga majbur qilishdi. Natijada statistikada ish bilan ta’minlangan bitiruvchilar bo‘lib qoldik».
Yana bir bitiruvchining yozishicha, unda ham ixtiyoriy, lekin majburiy tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilganini eslaydi.
«2025 yilda universitetni bitirayotganimizda xonama-xona yurib, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan qanday o‘tishni o‘rgatishdi. Keyin men va kursdoshlarimning barchasini ro‘yxatdan o‘tkazishdi. “Ro‘yxatdan o‘tmasangiz, ertaga diplom olishda muammo bo‘ladi”, deb aytishgandi».
Tizimdagi xatoni tuzatish ham oson emas
Ayrim fuqarolar noto‘g‘ri ma’lumotni aniqlagach ham uni o‘chirish oson bo‘lmaganini aytmoqda.
«My.gov.uz orqali tekshirsam, meni ikkita fermer xo‘jaligida ishlagan deb ko‘rsatgan. Aslida esa bunday joylarda umuman ishlamaganman».
Yana bir murojaatchining yozishicha, u muammoni hal qilish uchun bir nechta idoraga murojaat qilgan.
«To‘qqiz oydan beri o‘zini o‘zi band qilganlar ro‘yxatida ekanman. Korxonani topa olmaganim sababli prokuratura, fuqarolik sudi va Bandlik organlariga murojaat qildim. Ammo masala haligacha yechim topgani yo‘q».
Boshqa bir foydalanuvchi esa xorijda bo‘lgan vaqtida fermer xo‘jaligida ishlagan deb qayd etilganini yozadi.
«Ikki yil hokimlikda, qariyb ikki yil maktabda ishlaganman. My.gov.uz’dagi shaxsiy kabinetimni tekshirganimda xorijda bo‘lgan davrimda 28 kun fermer xo‘jaligida oddiy ishchi sifatida ishlaganim qayd etilganini ko‘rdim. Aslida esa o‘sha vaqtda O‘zbekistonda bo‘lmaganman».
Yana bir fuqaro esa bir necha yil oldin ishdan bo‘shagan bo‘lishiga qaramay, tizimda hanuz o‘sha korxona xodimi sifatida ko‘rsatilayotganini bildirgan.
«2021 yilda bir korxonada ishlaganman. My.gov.uz orqali tekshirsam, 2026 yil mart oyida ham o‘sha korxonada ishlayotganim ko‘rsatilgan. Aslida esa ikki yildan buyon dekret ta’tilidaman».
O‘zini o‘zi band qilganlar soni qanday o‘zgardi?
Fuqarolarning murojaatlari ortidan yana bir savol paydo bo‘ladi. So‘nggi uch yilda O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar soni bo‘yicha e’lon qilingan rasmiy statistika bir-biriga qanchalik mos? Raqamlarga qaralsa, manzara juda qiziq.
2023 yilning birinchi yarim yilligida o‘zini o‘zi band qilganlar soni 1,6 mln nafarni tashkil etgan. 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich ikki baravardan ko‘proq oshib, 3,5 mln nafarga yetdi.
2025 yilda esa Soliq qo‘mitasi o‘zini o‘zi band qilganlar soni 5,5 milliondan oshganini ma’lum qildi. Bu o‘sha paytdagi rekord ko‘rsatkich edi.
Oradan yana bir yil o‘tib, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov 14-iyul kuni «Axborot 24» (8:20 daqiqada) telekanaliga bergan intervyusida hozirgi kunda «o‘zbandlar» soni 2,8 mln nafar ekanini ma’lum qildi.
Ammo Soliq qo‘mitasi 2026 yil uchun rasmiy statistikani hali e’lon qilgani yo‘q.
Agar mavjud ikki raqamni taqqoslasak, bir yil ichida 2,7 mlnga yaqin o‘zini o‘zi band qilgan vatandosh statistikadan «yo‘qolgan» bo‘lib chiqadi. Soddaroq aytganda, o‘zini o‘zi band qilganlar soni bir yilda qariyb ikki baravar qisqargan degani.

Manba: Soliq qo‘mitasi ma’lumotlari (2026 yilgi ko‘rsatkich Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan).
Buning ortidan esa bir qancha savollar tug‘iladi. Birinchidan, nega bir yilda statistika karrasiga qisqarib ketdi? Kim, qaysi vazirlik raqamlar keltirishda ko‘zbo‘yamachilik qilyapti? Avvalgi yillardagi statistika ham shishirilgan va ishlilar hamda o‘zini band qilganlar soni yolg‘on bo‘lganmi?
Bandlik vazirligi: O‘zini o‘zi band qilganlar soni 5 milliondan oshadi
O‘zini o‘zi band qilganlarning 1 yillik ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq juda katta tafovutga oydinlik kiritish maqsadida Vaqt.uz Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Marat Jo‘rayev bilan suhbatlashdi. Vazir o‘rinbosarining aytishicha, mamlakatda o‘zini o‘zi band qilganlar soni 2,8 million emas, balki 5 milliondan ham ko‘p.
«Normal holatda 5 mlndan yuqori hali ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar bor. Hozir Soliq qo‘mitasi bilan birga ma’lumot tayyorlayapmiz. Uni ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikka taqdim qilamiz. Hozircha aytishim mumkinki, ro‘yxatdan o‘tgan o‘zini o‘zi band qilganlar soni 5 mlndan yuqori», – deb Vaqt.uz’ga ma’lum qildi vazir o‘rinbosari.
Biroq bu raqamlar avvalroq Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari tomonidan e’lon qilingan statistika bilan mos kelmaydi. Vaqt.uz muxbirining Marat Jo‘rayevdan ushbu tafovutga izoh berishni ham so‘radi.
— Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Fozil Karimov «Axborot»dagi intervyusida o‘zini o‘zi band qilganlar sonini 2,8 mln deb aytgandi. Siz esa 5 mlndan ortiq deyapsiz. Demak, u keltirgan raqam noto‘g‘rimi?
— Bilmayman.
Shuningdek, suhbat davomida nafaqat o‘zini o‘zi band qilganlar soni bo‘yicha rasmiy statistikadagi tafovut, balki fuqarolarning o‘zidan bexabar ishga joylashtirilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan ham vazirlik munosabatini so‘radi.
Jo‘rayevning aytishicha, vazirlik bu muammodan xabardor va unga «o‘ta salbiy» munosabatda.
«Bu juda salbiy holat. Vazirligimiz bunga o‘ta salbiy nuqtayi nazardan qaraydi. Bu masala bilan bevosita shug‘ullanayotgan vazirlikmiz. Mehnat inspeksiyasi bu masalani alohida nazoratga olgan», – deydi Bandlik vaziri o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Mehnat inspeksiyasi aniqlagan qariyb 1,5 mingta holat asosan avvalgi yillarda sodir bo‘lgan qonunbuzarliklar bilan bog‘liq.
«Aytib o‘tgan 1500 ta atrofidagi holatlar o‘tgan yillardan o‘tuvchi holatlar. Ya’ni 2026 yilda bu holatlarning oldi olindi to‘liq», – aytmoqda Marat Jo‘rayev.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun mehnat shartnomalarini tuzish tartibi o‘zgartirilmoqda.
«Mehnat shartnomasi imzolanganda uni elektron tarzda imzolash va bunda shartnoma ikki tomonlama elektron raqamli imzo yoki Face ID orqali imzolanishini qonunchilikka kiritаяпмиз. Qonun qabul bo‘lsa, mehnat shartnomalarini Face ID orqali tasdiqlagan holda imzolash amaliyotga joriy qilinadi. Face ID hech qachon fuqaroning ishtirokisiz yoki xabarisiz amalga oshirish imkonini bermaydi, deb o‘ylayman», – deydi u.
Shuningdek, Jo‘rayev fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari qayerdan sizib chiqayotgani ham o‘rganilayotganini aytdi.
«Shaxsga doir ma’lumotlarning tarqalishi bizning vazirlik vakolatiga kirmaydi. Lekin biz tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilyapmiz. Bu ma’lumotlar aynan bizning tizimdan chiqyaptimi yoki boshqa tizimlardanmi, buni ham oxirigacha aniqlab, qo‘shimcha munosabat bildiramiz», – deydi Bandlik vazirligi mutasaddisi.
Murojaatlar bilan ishlash mexanizmlari haqida gapirar ekan, vazir o‘rinbosari quyidagilarni ma’lum qildi:
«Yagona milliy mehnat tizimi direksiyasida murojaatlarga tezkor javob beruvchi alohida blok tashkil qildik. Har bir hududda direksiya vakilini alohida shtat bilan joriy qildik. Bundan tashqari, alohida call-centr (1176) yo‘lga qo‘yilgan. Mehnat inspeksiyasida ham ikkita xodim aynan shu murojaatlar bilan ishlash uchun biriktirilgan», – deya ma’lum qildi vazirlik o‘rinbosari Marat Jo‘rayev.
«Roziliksiz ro‘yxatga olish bandlik statistikasiga kirmaydi»
Fuqarolarni ularning roziligisiz o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish holatlari ortidan yana bir muhim savol tug‘iladi: bunday holatlar rasmiy bandlik statistikasini sun’iy ravishda oshirishga xizmat qilganmi?
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot kotibi Gulnoza Alimova Vaqt.uz bilan suhbatda bunday bog‘liqlik yo‘qligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi platformasida fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganining o‘zi uni avtomatik ravishda Bandlik vazirligi e’lon qiladigan umumiy bandlik statistikasiga kiritmaydi.
«Kimdir fuqaroning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanib uni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan taqdirda ham, bu biz chiqaradigan bandlik statistikasida aks etmaydi. Yakuniy ko‘rsatkich Soliq qo‘mitasi ma’lumotlari, jumladan daromad solig‘i bo‘yicha ma’lumotlar bilan solishtirilgandan keyingina shakllantiriladi», – deydi Alimova.
Uning ta’kidlashicha, aynan shu sababli Soliq platformasida qayd etilgan barcha o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ham rasmiy bandlik statistikasida aks etmaydi.
Shuningdek, Bandlik vazirligi tizimidagi hududiy boshqarma va bo‘limlar faoliyatini baholashda bandlik statistikasini sun’iy ravishda oshirish yoki kamaytirishga oid KPI mavjud emas.
«Bandlik boshqarmalari va bo‘limlarining KPI'sida statistikani oshirish yoki pasaytirish degan ko‘rsatkich yo‘q. Aksincha, noto‘g‘ri ma’lumotlar bizning ishimizni qiyinlashtiradi. Biz ham toza va haqqoniy statistika tarafdorimiz», – deydi vazirlik matbuot kotibi.
Avvalroq, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov ham Gazeta.uz'ga bergan intervyusida Bandlik vazirligi xodimlari uchun ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha KPI belgilanmaganini ta’kidlagandi.
«Hujjatni qarasangiz, KPI barcha tarmoq va hududlarda mavjud, lekin hech qayerida Bandlik vazirligi faloncha ishchi o‘rni yaratsin deyilmagan. Bandlik bo‘limi xodimlariga bunday KPI qo‘yilmagan», — degan edi vazir.
Alimovaning aytishicha, vazirlik fuqarolarni my.gov.uz va my.mehnat.uz platformalari orqali o‘z mehnat tarixini muntazam tekshirib borishga ham bir necha bor chaqirgan.
«Biz qayta-qayta fuqarolarga o‘z ma’lumotlarini tekshirib turishni tavsiya qilganmiz. Odamlar shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishi kerak. Hali ham bank kartasi yoki ID-kartasi nusxasini begonaga yuboradigan holatlar uchrab turibdi», – dedi Alimova.
Shuningdek, aynan shu turdagi murojaatlar ko‘paygani sababli vazirlikning 1176 qisqa raqamli call-markazi hamda «@munosibmehnat_bot» Telegram botiga kelayotgan murojaatlar soni ham sezilarli oshgan.
Bandlik vazirligi yaqin kunlarda Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda o‘zini o‘zi band qilganlar bo‘yicha yangilangan statistikani e’lon qilishini Vaqt.uz’ga ma’lum qildi. Ehtimol, bu so‘nggi kunlarda yuzaga kelgan bandlik ko‘rsatkichi bilan bog‘liq savollarga oydinlik kiritadi.
Agar muammo faqat statistikada bo‘lganida, uni yangi raqam bilan hal qilish mumkin edi. Biroq muammo odamlarning shaxsiy ma’lumotlari va davlat tizimlariga bo‘lgan ishonchiga borib taqalmoqda. Lekin qizig‘i, bu masalada mas’ul organlarning o‘zi hali aniq raqamlarda kelisholmay sarson.
Bugun minglab fuqarolar o‘zlari bilmagan holda ishga joylashtirilgani yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida murojaat qilmoqda. Shu bois odamlarni endi yangi statistika emas, undan ham muhimroq savollar qiziqtiradi: bu ma’lumotlarni tizimga kim kiritdi? Shaxsiy ma’lumotlar qayerdan sizib chiqyapti? Nega bunday holatlar yillar davomida davom etsa ham unga barham berilmayapti? Va eng muhimi, bunday pala-partishliklar uchun nega mas’ul organ topilmayapti?
Albatta, fuqarolar ham o‘z ma’lumotlar bazasini nazorat qilish mas’uliyatidan xoli emas. Bugun «o‘z ma’lumotingni, o‘zing asra» degan mem allaqachon hayotiy o‘gitga aylandi. Ammo mas’uliyatni faqat odamlarning zimmasiga yuklab bo‘lmaydi.
Asosiy vazifa shunday tizim yaratishki, odamlar ertaga my.gov.uz yoki Soliq ilovasiga kirib, o‘zlari bilmagan holda boshqa joyda «ishlayotganini» yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganini ko‘rib, uni bekor qilish uchun oylab sarson bo‘lmasligi kerak. Negaki shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi ham, ular asosida noqonuniy ro‘yxatga olishlarning oldini olish ham, bunday holatlar uchun javobgarlikni ta’minlash ham bitta omilga — davlatning kuchli nazorat mexanizmiga bog‘liq.
Теглар






