Logo

«Payme»ning 9 oylik sof foydasi qariyb 316 mlrd so‘mga yetdi

Бугун 18:152 дақиқа

Kompaniyaning sof tushumi bir yilda 48,2 foizga o‘sib, 791,6 mlrd so‘mga yetdi. Biroq kompaniyaning jami aktivlari yil boshiga nisbatan ikki baravardan ortiq qisqardi.

«Payme»ning 9 oylik sof foydasi qariyb 316 mlrd so‘mga yetdi © Payme

«Payme» AJ 2026-yilning to‘qqiz oyida 315,5 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga (288 mlrd so‘m) nisbatan 10 foizga ko‘p. Bu haqda kompaniya tomonidan e’lon qilingan 9 oylik hisobotda ma’lum qilindi.

Hisobot davrida kompaniyaning mahsulot va xizmatlarni sotishdan tushgan sof tushumi 2025-yilning shu davriga (534,2 mlrd so‘m) nisbatan 48,2 foizga o‘sib, 791,6 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Xarajatlar va daromadlar dinamikasi

Kompaniyaning sotilgan mahsulot va xizmatlar tannarxi 141,5 mlrd so‘mdan 268,6 mlrd so‘mga oshgan bo‘lsa, yalpi foyda 33,2 foizga o‘sib, 392,7 mlrd so‘mdan 523,0 mlrd so‘mga ko‘tarilgan.

Davr xarajatlari ham o‘sib, 131,9 mlrd so‘mdan 174,3 mlrd so‘mga yetgan. Jumladan, sotish xarajatlari 48,9 mlrd so‘mdan 91,0 mlrd so‘mga, boshqa operatsion xarajatlar esa 29,5 mlrd so‘mdan 49,9 mlrd so‘mga oshgan. Shu bilan birga, ma’muriy xarajatlar 53,5 mlrd so‘mdan 33,5 mlrd so‘mgacha kamaygan.

Natijada, asosiy faoliyatdan olingan foyda 260,8 mlrd so‘mdan 348,7 mlrd so‘mga ortgan. Biroq, moliyaviy faoliyatdan daromadlar 32,0 mlrd so‘mdan 18,7 mlrd so‘mga qisqargan va moliyaviy xarajatlar 0,4 mlrd so‘mdan 11,3 mlrd so‘mga ko‘paygan (shundan 11,1 mlrd so‘mi foizlar shaklidagi xarajatlardir).

Foyda solig‘igacha bo‘lgan foyda 356,1 mlrd so‘mni tashkil etgan va foyda solig‘i 4,8 mlrd so‘mdan 40,5 mlrd so‘mga keskin oshgan. Yakuniy sof foyda esa 287,6 mlrd so‘mdan 315,5 mlrd so‘mga (9,7 foizga) o‘sgan.

Aktivlar va kapital qisqarishi

Hisobot davrida kompaniyaning jami aktivlari keskin kamaygani qayd etilgan. Yil boshidagi 1 020,6 mlrd so‘mlik aktivlar 504,0 mlrd so‘mgacha (50,6 foizga) qisqargan. Shuningdek, pul mablag‘lari 636,9 mlrd so‘mdan 169,7 mlrd so‘mga tushgan. Yil boshida qayd etilgan 250 mlrd so‘mlik qisqa muddatli bank kreditlari esa to‘qqiz oylik hisobot davri oxirida ko‘rsatilmagan.

Bundan tashqari, xususiy kapital 740,7 mlrd so‘mdan 388,9 mlrd so‘mgacha kamaygan. Uning asosiy qismini tashkil etuvchi taqsimlanmagan foyda ham 716,7 mlrd so‘mdan 365,0 mlrd so‘mga tushgan. Ustav kapitali esa o‘zgarishsiz, 20 mlrd so‘mligicha qolgan.

Ma’lumot uchun, «Payme» to‘lov tashkiloti TBC Uzbekistan ekotizimining bir qismi hisoblanadi. TBC Group to‘lov tashkilotini 2023-yili to‘liq sotib olgandi. O‘shanda TBC Payme’ning 49 foiz ulushi uchun 55,7 mln dollar to‘lagandi. Qolgan 51 foizlik ulush esa 2019-yili xarid qilingan. Kompaniya 2025-yilda 390 mlrd so‘m sof foyda olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Click» to‘qqiz oyda qancha foyda olganligi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид