Prezident mahalliy bank inqirozidan keyin iste’foga chiqdi
Regulyator bank to‘lovlarni amalga oshirishda jiddiy muammolarga duch kelgani sababli uning boshqaruvini o‘z nazoratiga olgandi. Bu qarordan keyin bank mijozlarining hisoblaridagi mablag‘lar muzlatildi.
© Foto: quantumzeitgeist.comParagvay prezidenti Santyago Penya mamlakatdagi «Ueno Bank» faoliyati to‘xtatilganidan keyin iste’foga chiqqanini ma’lum qildi.
Prezident ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan video murojaatida uning asosiy maqsadi bankka omonat qo‘ygan fuqarolarning xotirjamligini ta’minlash ekanini aytdi. Shuningdek, u odamlar o‘z pullarini to‘liq qaytarib olishi kafolatlanishi kerakligini ta’kidladi.
Penya bank bilan bog‘liq muammolardan ikki kun o‘tib iste’foga chiqdi. Avvalroq Paragvay Markaziy banki «Ueno Bank» to‘lovlarni amalga oshirishda jiddiy muammolarga duch kelgani sababli uning boshqaruvini o‘z nazoratiga olgan edi.
Bu qarordan keyin bankning qariyb uch million mijozi hisoblaridagi mablag‘lar muzlatildi. Bu Paragvay aholisining deyarli yarmiga teng. Mamlakatda jami yetti milliondan ortiq kishi yashaydi.
Bank inqirozidan keyin mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar prezidentning iste’foga chiqishini talab qildi. Muxolifat esa Penyaga nisbatan impichment e’lon qilish taklifini parlamentga kiritdi.
5-noyabr kuni hukmron partiya deputatlari ham prezidentni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda murojaatlar bo‘yicha eng yomon natija ko‘rsatgan 10 ta bank nomi ochiqlangandi.





