Logo

Qozog‘iston investitsiya xavfi bo‘yicha reytingda 17 pog‘onaga yuqoriladi

O‘zbekiston undan ancha past o‘rinda turibdi. So‘nggi 3 yil ichida pandemiya, ikkita yirik urush, global savdo tizimining parchalanishi va Yaqin Sharqdagi energetika inqirozi investorlar, hukumatlar hamda xalqaro harakatlanuvchi oilalarni «hozir qayer xavfsiz?» degan savolni berishga majbur qilgan.

Qozog‘iston investitsiya xavfi bo‘yicha reytingda 17 pog‘onaga yuqoriladi © forbes.kz

Qozog‘iston «Global Investment Risk and Resilience Index» (Global investitsiya xavfi va barqarorlik indeksi) reytingining 2026-yil may oyidagi yangilangan natijalarida 17 pog‘onaga ko‘tarilib, 53-o‘rinni egalladi. Bu mamlakatning iqtisodiy va geosiyosiy inqirozlarga bardosh berish qobiliyati bo‘yicha so‘nggi yillardagi eng katta yaxshilanishlardan biri hisoblanadi.

Joriy yilning may oyidagi indeks mamlakatlarni uzoq muddatli barqarorlik ko‘rsatkichlari va joriy bozor xavfi ma’lumotlarini birlashtirgan holda baholaydi. Reytingda yuqori o‘rinlarni egallagan davlatlar odatda xavfi pastroq va turli inqirozlarga chidamliroq hisoblanadi. O‘rindagi o‘zgarishlar xavfning mutlaq oshishi yoki kamayishini emas, balki davlatlarning bir-biriga nisbatan qanday baholanayotganini ko‘rsatadi.

Qozog‘iston Markaziy Osiyoda investitsiyalar bo‘yicha yetakchi davlatga aylanmoqda

Yangilangan reyting «Henley & Partners» kompaniyasi tomonidan «AlphaGeo» bilan hamkorlikda tayyorlangan bo‘lib, unda 2026-yil 1-aprel holatidagi «Country Risk Premium» (CRP) ma’lumotlari hisobga olingan.
Qozog‘istonning qo‘shnisi O‘zbekiston reytingda 81-o‘rinni, Qirg‘iziston 96-o‘rinni, Tojikiston esa 97-o‘rinni egallagan. Reytingda Shveysariya, Daniya va Norvegiya yetakchilik qilmoqda.

«AlphaGeo» asoschisi va bosh direktori Parag Xanna so‘nggi uch yil ichida pandemiya, ikkita yirik urush, global savdo tizimining parchalanishi va Yaqin Sharqdagi energetika inqirozi investorlar, hukumatlar hamda xalqaro harakatlanuvchi oilalarni «hozir qayer xavfsiz?» degan savolni berishga majbur qilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi reyting uchta muhim holatni ko‘rsatadi.

Birinchidan, mamlakatning uzoq muddatli barqarorligi va bozor tomonidan baholanayotgan xavf darajasi har doim ham bir xil yo‘nalishda bo‘lmaydi. Aynan shu farq investorlar uchun imkoniyatlar paydo bo‘ladigan nuqtalardan biridir. Ikkinchidan, rivojlangan davlatlar doimo xavfsiz, rivojlanayotgan davlatlar esa xavfli degan an’anaviy qarash endi to‘liq ishlamaydi. Bugungi kunda barqarorlik mamlakatdan mamlakatga keskin farq qiladi va vaziyat o‘zgarishi bilan tez yangilanadi. Uchinchidan, xalqaro miqyosda faoliyat yurituvchi oilalar uchun endi bitta davlatga tayanish yetarli emas.

Eng maqbul yo‘l — turli davlatlardagi yashash huquqi, fuqarolik imkoniyatlari, aktivlarni joylashtirish va harakatlanish imkoniyatlarini diversifikatsiya qilishdir.

Investorlar e’tibori yangi sohalarga qaratilayotgani aytildi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) tomonidan e’lon qilingan Jahon investitsiya hisobotiga ko‘ra, Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi jami xorijiy investitsiyalarning qariyb 66 foizini jalb qilgan va mintaqadagi eng yirik investitsiya yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. 2025-yil holatiga ko‘ra, Qozog‘istondagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (FDI) zaxirasi 156,4 milliard dollarni tashkil qilgan.

Qozog‘istonning reytingdagi yaxshilanishi investorlarning rivojlanayotgan bozorlarni baholash usuli o‘zgarayotganini ham ko‘rsatadi. Avvallari arzon ishchi kuchi va ishlab chiqarish xarajatlari davlatlarni global ishlab chiqarish zanjirlariga jalb qilishda asosiy omil bo‘lgan bo‘lsa, hozir kapital tobora ko‘proq raqamli infratuzilma, ilg‘or ishlab chiqarish va murakkab texnologik sohalarga yo‘naltirilmoqda.
Qozog‘iston ushbu o‘zgarishlarga moslashish uchun transport yo‘laklari, energetika infratuzilmasi, raqamli aloqa va zamonaviy ishlab chiqarish yo‘nalishlariga sarmoya kiritmoqda hamda investorlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Qozog‘istonga katta pul tikayotgani haqida yozgan edik. Qozog‘iston tomonining ma’lum qilishicha, imzolangan hujjatlarning umumiy qiymati 15 milliard dollardan oshadi.

Теглар

Мавзуга оид