Logo

Rossiya dizeli mojarosi: Tramp ruxsat berdi, tankerlar esa AQSHga bormadi

Бугун 09:107 дақиқа

Tramp va Putin o‘rtasidagi dizel kelishuvi amalda kutilgan natijani bermadi: Rossiyadan AQSHga yo‘l olgan tankerlar boshqa yo‘nalishga burildi, yuklarni qabul qilish esa huquqiy bahslarga sabab bo‘ldi.

Rossiya dizeli mojarosi: Tramp ruxsat berdi, tankerlar esa AQSHga bormadi

AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida dizel yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan kelishuv hozircha kutilgan natijani bermayapti. Rossiyadan AQSHga yo‘l olgan bir nechta yoqilg‘i tankeri yo‘nalishini o‘zgartirdi. Hozirga qadar mamlakatga mazkur kelishuv doirasida birorta ham dizel partiyasi yetkazib berilgani rasman tasdiqlanmagan.

Tramp ma’muriyati Rossiya dizelini sotish, yetkazib berish va AQSHga import qilishga vaqtincha ruxsat bergan bo‘lsa-da, bu qaror Vashingtonda jiddiy huquqiy va siyosiy bahslarni keltirib chiqardi. AQSH Kongressi a’zolari va ayrim shtat gubernatorlari import jarayonida ishtirok etgan kompaniyalar javobgarlikka tortilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bunday noaniq vaziyatda treyderlar va port operatorlari qaror qabul qilishda o‘ta ehtiyotkorlik qilmoqda.

Tramp va Putin qanday kelishuvga erishgan edi?

2026 yil 9-oktabr kuni Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbatdan so‘ng Tramp Rossiya AQSH va jahon bozorlariga dizel yoqilg‘isi yetkazib berishga rozi bo‘lganini e’lon qildi.

Tramp o‘zining «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozishicha, dastlab Rossiya bozorga zudlik bilan 300 ming tonnadan ortiq, noyabr oyida yana 500 ming tonna, keyinroq esa 1 million tonna dizel yetkazib berishi kerak edi. Shuningdek, u Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarining imkoniyatiga qarab, keyinchalik qo‘shimcha 3 million tonna dizel yetkazib berilishi mumkinligini ham aytib o‘tgan.

Kelishuv e’lon qilingan vaqtda AQSHda dizel narxi keskin ko‘tarilgan edi. Tramp mazkur bitimning asosiy maqsadlaridan biri sifatida mamlakat ichida yoqilg‘i narxini arzonlashtirishni ko‘rsatgan. Dizel qishloq xo‘jaligi texnikalari, yuk transporti va uylarni isitish tizimlarida keng qo‘llanilgani sababli, uning qimmatlashishi nafaqat transport xarajatlariga, balki barcha turdagi tovarlar narxiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

«Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki 300 ming tonna dizel taxminan 2,25 million barrelga teng keladi. Taqqoslash uchun, AQSHning o‘zi kuniga qariyb 1,5 million barrel dizel eksport qiladi.

Shu bilan birga, mazkur kelishuvning tijoriy shartlari hanuzgacha ochiqlanmagan. Oq uy ham, Kreml ham bitimning yozma shaklda rasmiylashtirilgani, dizelning qanday narxda sotilishi, to‘lovlar qay tartibda amalga oshirilishi va qaysi kompaniyalar yetkazib berish jarayonida ishtirok etishi haqida hech qanday ma’lumot bermagan.

Bunday noaniqlik kelishuv e’lon qilinganidan keyin ham uning amaliy mexanizmlari bo‘yicha ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda.

Tankerlar nega AQSHga bormay qoldi?

Kelishuv e’lon qilingach, Rossiyaning Boltiq dengizidagi Primorsk portidan AQSHning Sharqiy sohiliga yo‘l olgan bir nechta yoqilg‘i tankeri ochiq dengizga chiqqan. Biroq ularning ayrimlari ko‘p o‘tmay belgilangan yo‘nalishni o‘zgartirgan.

«Al Jazeera» telekanalining «Kpler» va «MarineTraffic» ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Rossiyaning «Talisman» tankeri hamda Serra-Leone bayrog‘i ostida suzayotgan «Leruo» kemasi boshida AQSHning Sharqiy sohilini manzil sifatida ko‘rsatgan. Ammo keyinchalik ulardan biri Braziliya tomon, ikkinchisi esa O‘rta yer dengizi yo‘nalishiga burilib ketgan.

Shimoliy Atlantikada harakatlanayotgan uchinchi tanker esa navigatsiya tizimida Nyu-York manzili o‘rniga «Buyurtma bo‘yicha» (For orders) belgisini ko‘rsatgan. Bu yukning yakuniy tushirish porti hali aniqlanmaganini anglatadi.

«Reuters» agentligi ham 5-noyabrda «Kpler» va «LSEG» ma’lumotlariga tayanib, transatlantik yo‘nalishni ko‘rsatgan kamida oltita Rossiya dizel yuki kuzatilganini, ulardan ikkitasi AQSHning Atlantika sohiliga boradigan yo‘nalishini o‘zgartirganini yozgan. O‘sha paytga qadar kelishuv doirasida birorta ham Rossiya dizeli AQSHga yetib bormagandi.

Agentlik xabariga ko‘ra, Nyu-Yorkka yetib kelishi kutilgan birinchi tanker yukini tushirish masalasi ham ochiq qolgan. «Kpler» tahlilchisi Mett Smit buning sababini huquqiy, tartibga solish va sanksiyalar bilan bog‘liq xavotirlar bilan izohlagan.

Asosiy to‘siq — AQSHdagi huquqiy bahs

Rossiya dizelining AQSHga yetib bormasligiga sabab bo‘layotgan asosiy omillardan biri — sanksiyalar va importni taqiqlovchi qonunchilik o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatdir.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng, 2022 yil 8-martda AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiya nefti va neft mahsulotlari importini taqiqlovchi farmonni imzolagan edi. Ko‘p o‘tmay, 2022 yil 8-aprelda AQSH Kongressi «Ending Importation of Russian Oil Act» (Rossiya nefti importini tugatish to‘g‘risidagi akt) qonunini qabul qildi. Ushbu hujjat Rossiyada ishlab chiqarilgan va AQSH tovarlar tarif tasnifining 27-bobiga kiruvchi energetika mahsulotlarini (shu jumladan, dizelni) mamlakatga olib kirishni qat’iy taqiqlaydi.

Qonunning uchinchi moddasida import taqiqini bekor qilishning aniq tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, prezident ushbu taqiqni bekor qilishi uchun Rossiya bir qator shartlarni bajarishi lozim. Xususan, Ukraina hukumatining roziligi bilan harbiy kuchlarini olib chiqish va harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish, NATO davlatlariga bevosita harbiy tahdid solmaslik hamda Ukraina xalqining o‘z hukumatini mustaqil tanlash huquqini tan olish kabi majburiyatlar yuzasidan prezident Kongressga yozma tasdiqnoma kiritishi shart.

Shunday tasdiqnoma taqdim etilgan taqdirda ham, taqiqni bekor qilish 90 kalendar kundan keyingina kuchga kiradi. Bu davr mobaynida esa Kongress maxsus qaror bilan prezident tashabbusini rad etish vakolatiga ega.

Biroq 2026 yil 9-oktabrda AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Rossiya dizelining sotilishi, yetkazib berilishi, tushirilishi va AQSHga import qilinishi bilan bog‘liq operatsiyalarga ruxsat beruvchi 135-sonli umumiy litsenziyani e’lon qildi.

Mazkur hujjatga ko‘ra, Rossiyadan kelib chiqqan dizel yoqilg‘isi bilan bog‘liq va amaldagi Rossiya sanksiyalari doirasida taqiqlangan operatsiyalarga 2027 yil 7-aprel kuni (Sharqiy Amerika vaqti bilan soat 00:01 gacha) vaqtincha ruxsat berilgan. Ammo bu litsenziya Rossiya Markaziy banki, Milliy farovonlik jamg‘armasi yoki Moliya vazirligi hisoblariga AQSH moliya institutlari orqali pul o‘tkazishga huquq bermaydi.

Muammoning mohiyati shundaki, OFAC litsenziyasi sanksiya reglamentlari bo‘yicha ayrim operatsiyalarga ruxsat beradi, biroq u Kongress tomonidan 2022 yilda qabul qilingan import taqiqi bo‘yicha huquqiy bahsni avtomatik ravishda bartaraf etadimi yoki yo‘qmi — bu noaniq.

Aynan shu jihat Nyu-Jersi shtati gubernatori Miki Sherrilning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. U 2-noyabr kuni shtatdagi port va terminal operatorlariga murojaat yo‘llab, Rossiya dizelini qabul qilish federal qonunchilikni buzish deb baholanishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Gubernator o‘z maktubida 2022 yilgi qonun importni qat’iyan taqiqlaganini, prezident yoki Moliya vazirligi esa bu taqiqni istalgan paytda shunchaki maxsus litsenziya bilan bekor qilish vakolatiga ega emasligini ta’kidlagan. Uning fikricha, taqiqni olib tashlash uchun qonunda belgilangan qat’iy shartlar bajarilishi zarur.

AQSH Kongressida ham bu kelishuvga qarshi chiqishlar bo‘ldi. Ikki partiya vakillaridan iborat senatorlar guruhi Tramp ma’muriyatini bu bitimni zudlik bilan bekor qilishga chaqirdi. Ular Rossiyadan yoqilg‘i sotib olish Putin hukumatiga urushni davom ettirish uchun qo‘shimcha moliyaviy resurs taqdim etishi mumkinligini ta’kidlashgan.

Kongress a’zolari banklar, port ma’muriyatlari va yoqilg‘i tarqatuvchi kompaniyalarni ham ogohlantirdi. Ularning fikricha, Rossiya dizelini qabul qilish va bu bilan bog‘liq moliyaviy operatsiyalarda qatnashgan tashkilotlar nafaqat fuqaroviy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi, balki kelajakda Kongress tekshiruvlariga ham duch kelishi mumkin.

O‘z navbatida, Tramp ma’muriyati OFAC litsenziyasi amaldagi barcha qonunlarga to‘liq muvofiq ekanini ta’kidlamoqda. AQSH Moliya vazirligining «Associated Press» agentligiga bergan izohida ham litsenziya barcha tegishli qonun hujjatlari asosida chiqarilgani bildirilgan.

Rossiyaning o‘zida ham dizel bilan bog‘liq muammolar bor

Kelishuvning amalga oshishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yana bir jiddiy omil — bu Rossiyadagi neftni qayta ishlash sanoatining bugungi holatidir.

Ukraina armiyasi tomonidan Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) qilingan dron hujumlari kuchayishi natijasida mamlakatda yoqilg‘i ishlab chiqarish quvvatlarining bir qismi ishdan chiqdi. Bu holat ichki bozorda benzin va dizel ta’minotiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

Xalqaro energetika agentligining 2026 yil 17-sentabrda e’lon qilingan tahliliga ko‘ra, Rossiyada jami 32 ta yirik neftni qayta ishlash zavodi mavjud bo‘lib, ularning umumiy o‘rnatilgan quvvati kuniga 6,5 million barrelni tashkil etadi.

Biroq 2026 yilning iyun oyida Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi kuniga 3,8 million barrelgacha tushib ketgan. Bu so‘nggi 20 yildan ortiq vaqt ichidagi eng past ko‘rsatkich bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 30 foizga kamdir.

IEA ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilga nisbatan benzin ishlab chiqarish 20 foizga, dizel ishlab chiqarish esa qariyb 30 foizga qisqargan. Shu sababli Rossiya hukumati ichki bozorni yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida eksportga vaqtinchalik cheklovlar kiritishga majbur bo‘ldi.

Rossiyadagi murakkab vaziyat faqatgina zavodlarga qilingan hujumlar bilan cheklanmaydi. Mamlakat hukumati ichki bozorda yoqilg‘i taqchilligi yuzaga kelishining oldini olish maqsadida dizel eksportini ham cheklab qo‘ygan.

Kreml kelishuv amalga oshishiga ishonmoqda

Rossiya tomoni tankerlarning yo‘nalishini o‘zgartirgani haqidagi G‘arb OAVlari xabarlariga butunlay boshqacha munosabat bildirmoqda.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov barcha dizel yuklari o‘z xaridorlarini topishini ishonch bilan ta’kidlagan. Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev esa tankerlar AQSHga bormayotgani haqidagi xabarlarni «soxta» deb atab, kemalar o‘z yo‘nalishida davom etayotganini yozgan.

«Reuters» xabariga ko‘ra, Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Pankin mazkur kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi biznes va boshqa aloqalarni bosqichma-bosqich tiklash uchun muhim asos bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Uning bu fikri mazkur kelishuvning Rossiya uchun ahamiyati faqatgina dizel savdosi bilan cheklanib qolmasligini ko‘rsatadi. Biroq diplomatning bu bayonoti tankerlar haqiqatan ham AQSHga yetib borganini yoki xarid shartlari uzil-kesil hal qilinganini anglatmaydi. «Reuters» ushbu kelishuvning amalda qanday ishlashi hali ham mavhumligicha qolayotganini qayd etgan.

Теглар

Мавзуга оид

Rossiya dizeli mojarosi: Tramp ruxsat berdi, tankerlar esa AQSHga bormadi | Vaqt.uz