Logo

Soliq imtiyozlari, shishib borayotgan tariflar va davlat boshqaruvi xarajatlari | «Avval iqtisod»

«Avval iqtisod» dasturining 20-sonida iqtisodchi Otabek Bakirov bilan soliq imtiyozlari, bank omonatlariga soliq taklifi, kommunal tariflarning keskin oshishi ehtimoli, davlat tashkilotlari sonining ko‘payishi va iqtisodiyotdagi boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

«Avval iqtisod» davomida soliq tizimida adolatni ta’minlash, iqtisodiyotda raqobat muhitini kuchaytirish, davlat xarajatlari samaradorligini oshirish va aholi uchun og‘irlik qilayotgan qarorlarning iqtisodiy asoslari haqida batafsil fikr yuritildi.

Dasturda, shuningdek, 178 trillion so‘mga yetgan soliq imtiyozlari, kommunal xizmatlar tariflarining keskin oshishi ehtimoli, Toshkent Invest vakolatlarining kengayishi, eskrou tizimining kechikishi hamda davlat boshqaruvi xarajatlarini qisqartirish rejalarining amalga oshish ehtimoli ham atroflicha tahlil qilindi.

Bank omonatlariga soliq: eng ko‘p bahs uyg‘otgan taklif

Fiskal muloqot yakunlanganidan so‘ng jamoatchilik asosan bitta taklif — bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga 5 foizlik soliq joriy etilishi haqida gapira boshladi.

Dasturda qayd etilishicha, budjet va soliq siyosati bo‘yicha bunday ochiq muloqotlar o‘tkazilayotganining o‘zi ijobiy holat. Chunki avvalgi yillarda kelgusi yil budjeti va soliq siyosatiga oid asosiy o‘zgarishlar parlamentda qisqa muddatda qabul qilinib, jamoatchilik ular haqida yil oxiridagina xabardor bo‘lar edi. Biroq omonatlarga soliq joriy etish taklifi qator xavotirlarni ham keltirib chiqardi.

Ta’kidlanishicha, bunday qaror qisqa muddatda budjetga qo‘shimcha tushum keltirishi mumkin. Ammo uzoq muddatda bank tizimiga bo‘lgan ishonch susayishi, omonatlar qisqarishi va natijada kredit resurslari qimmatlashishi ehtimoli mavjud.

Bugungi kunda aholining bank tizimiga ishonchi endigina mustahkamlanayotgan bir paytda bunday qaror salbiy signal bo‘lishi mumkinligi aytildi. Agar omonatlar hajmi qisqarsa, banklarning resurs bazasi kamayadi, bu esa kredit foizlarining oshishiga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Shu sababli taklif qilinayotgan 1,4 trillion so‘mlik qo‘shimcha soliq tushumi bilan iqtisodiyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar o‘zaro taqqoslanishi lozimligi ta’kidlandi.

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun yangi tartib

Muhokama qilingan takliflar orasida o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun ijtimoiy soliq tizimini o‘zgartirish ham bor. Hozirda ular yil davomida bazaviy hisoblash miqdori miqdorida ixtiyoriy to‘lov amalga oshiradi. Yangi taklifga ko‘ra esa ushbu to‘lov eng kam ish haqi miqdoriga tenglashtirilishi mumkin.

Bu ularga mehnat staji, kasallik nafaqasi va boshqa ijtimoiy kafolatlarni shakllantirish imkonini beradi.

Biroq adolat tamoyili hamma uchun bir xil ishlashi lozimligi ham qayd etildi. Bugungi kunda ayrim yirik kompaniyalar turli qarorlar asosida ijtimoiy soliqdan ozod qilingan yoki juda past stavkalarda to‘laydi. Agar o‘zini o‘zi band qilganlar uchun yangi talab joriy etilayotgan bo‘lsa, xuddi shunday yondashuv imtiyozli kompaniyalarga ham tatbiq etilishi kerakligi aytildi.

178 trillion so‘mlik soliq imtiyozlari nima bermoqda?

Fiskal muloqotda e’lon qilingan yana bir muhim raqam — 2025 yilda soliq imtiyozlarining umumiy hajmi 178 trillion so‘mdan oshgani bo‘ldi. Bu 2024 yilga nisbatan 31 foiz ko‘p. Bu ko‘rsatkich davlat budjeti daromadlari o‘sishidan ham tezroq oshgani qayd etildi.

Shu bilan birga, barcha imtiyozlarni bir xil baholab bo‘lmasligi aytildi. Soliq kodeksida belgilangan qonuniy imtiyozlar mavjud. Ammo bundan tashqari, ayrim kompaniyalarga yopiq qarorlar orqali berilgan soliq va bojxona imtiyozlari ham bor.

Aynan shunday yopiq imtiyozlar raqobat muhitiga zarar yetkazayotgani, teng sharoitni buzgani va korrupsiyaviy xavflarni kuchaytirayotgani ta’kidlandi.

Masalan, ayrim korxonalar utilizatsiya yig‘imidan ozod qilingan, boshqalari esa foyda solig‘i, QQS yoki ijtimoiy soliq bo‘yicha alohida preferensiyalarga ega. Bundan tashqari, maxsus iqtisodiy zonalarda faoliyat yuritayotgan ayrim korxonalar yillar davomida imtiyozlardan foydalanayotgan bo‘lsa-da, eksport bo‘yicha kutilgan natijalarni ko‘rsatmayotgani qayd etildi.

Shu sababli barcha imtiyozlarni inventarizatsiya qilish, ularning ochiq reyestrini shakllantirish va iqtisodiy samaradorligini qayta baholash zarurligi ta’kidlandi.

Tariflar oshmoqda, ammo xizmat sifati ham oshadimi?

Dasturda kommunal xizmatlar bo‘yicha subsidiya siyosati ham alohida muhokama qilindi.

Fiskal strategiyaga ko‘ra, markazlashgan issiqlik ta’minoti bo‘yicha subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish rejalashtirilgan. Bu esa tariflarning bir necha baravar oshishiga olib kelishi mumkin.

Muhokamada 60 kvadrat metrgacha bo‘lgan uy-joylar uchun ijtimoiy norma qo‘llanilishi, undan katta maydonlarga esa tijoriy tarif hisoblanishi rejalashtirilayotgani aytildi.

Biroq tariflarni oshirishdan oldin eng muhim savolga javob topilishi kerakligi ta’kidlandi: mavjud tariflarning tannarxi qanday shakllanmoqda?

Agar tizimda samarasiz xarajatlar yoki boshqaruvdagi muammolar mavjud bo‘lsa, ularni bartaraf etmasdan faqat narxlarni oshirish orqali muammoni hal qilib bo‘lmaydi.

Shuningdek, markazlashgan isitish tizimining jozibadorligi ham pasayishi mumkinligi qayd etildi. Chunki bugungi kunda ham ko‘plab xonadonlar uchun alohida gaz qozoni orqali isitish markazlashgan tizimdan arzonroq bo‘lib qolmoqda.

Tejalgan mablag‘ qayerga yo‘naltiriladi?

Muhokamada yana bir muhim savol o‘rtaga tashlandi. Agar keshbek bekor qilinsa yoki energetika subsidiyalari qisqartirilsa, natijada budjetda yuzaga keladigan trillionlab so‘m mablag‘lar qayerga sarflanadi?

Qayd etilishicha, bunday islohotlar faqat tejalgan mablag‘ning keyingi taqdiri aniq ko‘rsatilgandagina jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Masalan, ushbu mablag‘lar maktablar, talabalar yotoqxonalari, munitsipal uy-joylar va boshqa ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirilishi bo‘yicha aniq dastur bo‘lishi kerak.

Toshkent Invest vakolatlari kengaymoqda

Dasturda Toshkent Invest kompaniyasiga berilgan yangi vakolatlar ham muhokama qilindi.

Unga renovatsiya hududlari uchun kvartiralar bankini shakllantirish, davlat ishtirokidagi bozorlarni sotish va qator yirik aktivlarni boshqarish vazifalari yuklatilmoqda. Bunday vakolatlar kompaniya zimmasiga katta mas’uliyat ham yuklaydi.

Shu bois kompaniya faoliyati maksimal darajada ochiq bo‘lishi, moliyaviy hisobotlari muntazam e’lon qilinishi, kuzatuv kengashida mustaqil a’zolar ko‘pchilikni tashkil etishi hamda har bir yirik xarid va qaror jamoatchilik nazorati ostida bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, davlat aktivlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi maxsus agentlik mavjud bo‘lgan bir paytda ushbu vakolatlarning Toshkent Investga o‘tkazilgani ham qator savollarni keltirib chiqarayotgani aytildi.

Eskrou tizimi nega hanuz ishga tushmadi?

Uy-joy bozoridagi eng dolzarb mavzulardan biri — eskrou tizimi ham e’tibordan chetda qolmadi.

Prezident qaroriga ko‘ra, ushbu tizim 2026 yildan to‘liq joriy qilinishi kerak edi. Ammo qonunchilikdagi o‘zgarishlar haligacha yakuniga yetmagan.

Dasturda qayd etilishicha, aynan eskrou tizimi qurilishdagi firibgarliklarning oldini olish, xaridorlar mablag‘ini himoya qilish va ular uchun huquqiy kafolat yaratishning eng samarali mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli ushbu qonunning tezroq qabul qilinishi zarurligi ta’kidlandi.

Boshqaruv xarajatlari qisqaradimi?

Fiskal strategiyada 2027 yilda davlat boshqaruvi xarajatlarini qisqartirish rejalashtirilgan. Biroq bunday qisqarish qanday amalga oshirilishi hozircha ochiqlanmagan.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda boshqaruv xarajatlari har safar rejalashtirilganidan yuqori bo‘lgan. Shu bilan birga, vazirliklar, agentliklar va boshqa davlat idoralari soni qisqarishi o‘rniga yana ortib bormoqda.

Muhokama davomida ma’muriy islohotlar faqat nomiga emas, balki davlat boshqaruvi tizimini haqiqatan ham ixchamlashtirishga qaratilgan bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Xususan, bir-birini takrorlaydigan tashkilotlar, ortiqcha boshqaruv bo‘g‘inlari va funksiyasi bir xil bo‘lgan idoralarni qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi. Chunki ortiqcha bo‘g‘inlar nafaqat budjet xarajatlarini oshiradi, balki byurokratiya va korrupsiya xavfini ham kuchaytiradi.

 

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 172

Барчаси

Мавзуга оид