Starlink O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan, ammo xizmat qachon ishga tushadi?

Markaziy Osiyo davlatlari Starlink xizmatiga birin-ketin ulanayotgan bir paytda, O‘zbekistonda xizmat hanuz ishga tushmagan. VAQT.UZ xizmatning ehtimoliy narxlarini tahlil qildi hamda uning mamlakatda qachon ishga tushishi bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligidan izoh oldi.

Starlink O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan, ammo xizmat qachon ishga tushadi?

Markaziy Osiyo davlatlarida sun’iy yo‘ldosh interneti — Starlink xizmati kengayib bormoqda.

Starlink — bu SpaceX kompaniyasi tomonidan yaratilgan sun’iy yo‘ldosh internet tizimi bo‘lib, Yerdan taxminan 550 kilometr balandlikdagi past orbitada harakatlanuvchi minglab sputniklar orqali ishlaydi. Tizim yuqori tezlik va past kechikishni ta’minlaydi hamda internet infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan hududlarda ham barqaror aloqani taqdim etishga mo‘ljallangan.

Qirg‘iziston rasman tizimga qo‘shildi, Qozog‘iston va Tojikiston xizmatdan foydalanmoqda, Turkmanistonda esa rasman ishlamasa ham, foydalanuvchilar unga yo‘l topmoqda.

Shu fonda O‘zbekistonda ham bir savol yana kun tartibiga chiqdi: Starlink qachon ishga tushadi?

Markaziy Osiyo birin-ketin ulanmoqda

Qirg‘iziston. Qirg‘iziston Starlink ishlaydigan davlatlar qatoriga rasman qo‘shildi. Endi mamlakat fuqarolari o‘z manzilini kiritib, xizmat mavjudligi, hududdagi tariflar va uskunalar haqida ma’lumot olishi mumkin.

Mamlakatda Mini antennasi yetkazib berishsiz 27 ming 180 qirg‘iz somi yoki taxminan 310 dollar turadi. Standard to‘plami esa 36 ming 270 som yoki 414 dollar etib belgilangan.

Uy foydalanuvchilari uchun oylik abonent to‘lovi cheklanmagan trafik bilan 10 ming som yoki 114 dollar tashkil qiladi. Ma’lumotlarni qabul qilish tezligi 135–305 Mbit/s, uzatish esa 20–40 Mbit/s oralig‘ida.

Biznes foydalanuvchilari uchun esa bir nechta variant mavjud:

  • 50 GB — 3 ming 100 som (35 dollar);

  • 500 GB — 7 ming 900 som (90 dollar);

  • 1 terabayt — 13 ming 900 som (159 dollar);

  • 2 terabayt — 25 ming 900 som (296 dollar).

Tojikiston. Tojikiston ham 2026 yil 5-fevraldan Starlink xizmatidan foydalanayotgan mamlakatlar qatoriga qo‘shilgan.

Sun’iy yo‘ldosh interneti uchun Mini antennasi yetkazib berish xarajatlarisiz 2 ming 200 somoni yoki 235 dollar, Standard antennasi esa 2 ming 700 somoni yoki 288 dollar turadi.

Uy foydalanuvchilari uchun cheklanmagan trafik bilan oylik abonent to‘lovi 1 ming 100 somoni yoki 117 dollarni tashkil qiladi. Ma’lumotlarni qabul qilish tezligi 135–305 Mbit/s, yuborish tezligi esa 20–40 Mbit/s oralig‘ida.

Biznes foydalanuvchilari mahalliy ustuvorlik tariflari bo‘yicha quyidagi variantlardan foydalanishi mumkin:

  • 50 GB — 385 somoni (41 dollar);

  • 500 GB — 985 somoni (105 dollar);

  • 1 terabayt — 1 ming 735 somoni (185 dollar);

  • 2 terabayt — 3235 somoni (345 dollar).

Qozog‘iston. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston sun’iy yo‘ldosh internetini ilk qabul qilgan davlatlardan biri bo‘lgan. U yerda xizmat 2025 yil 13-avgust kuni ishga tushirilgan edi.

Dastlab tizim sinov rejimida ishlab, asosan chekka qishloqlardagi maktablarni internet bilan ta’minlash vazifasini bajardi. Keyinchalik xizmat keng foydalanuvchilar uchun ham ochildi.

Qozog‘istonda xizmatdan foydalanish uchun maxsus uskuna sotib olish kerak. Narxi tanlangan tarifga qarab 104 ming tangadan 201 ming tangagacha bo‘lib, bu taxminan 200–390 dollarga teng. Oylik abonent to‘lovi esa 23 ming — 52 ming tanga yoki taxminan 45–100 dollar oralig‘ida.

Turkmaniston: taqiq bo‘lsa-da talab yuqori

Mintaqadagi eng qiziq vaziyat aynan Turkmanistonda kuzatilmoqda. Mamlakatda Starlink rasman ishlamasa-da, unga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bunga internet sifati bilan bog‘liq muammolar, past tezlik va yuqori narxlar sabab bo‘layotgani aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, fevral oyidan boshlab Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan joriy qilingan tarmoqni «sustlashtirish» amaliyoti ham aholining sun’iy yo‘ldosh internetiga qiziqishini kuchaytirgan.

Shu yilning aprel oyidan boshlab Ashxobod va Annau shaharlarida Milliy xavfsizlik vazirligi, politsiya, prokuratura hamda aloqa vazirligi xodimlari ishtirokida qo‘shma reydlar o‘tkazilmoqda. Tekshiruvlar turarjoy binolari, ofislar va savdo obyektlarini qamrab olgan bo‘lib, asosiy e’tibor tomlarga o‘rnatilgan uskunalarga qaratilgan.

Aniqlangan Starlink qurilmalari musodara qilinmoqda, biroq hozircha foydalanuvchining o‘ziga qanday jazo qo‘llanishi haqida aniq ma’lumot yo‘q. 

Shunga qaramay, yuqori tezlik va nisbatan barqaror internet uchun to‘lashga tayyor foydalanuvchilar orasida Starlink ommalashib bormoqda. Kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan terminallarni xarid qilish va o‘rnatish uchun bir martalik xarajat taxminan 1–1,5 ming dollarni tashkil etadi.

Buning evaziga foydalanuvchilar oyiga 100 dollar to‘lab, 200 Mbit/s dan yuqori internet tezligiga ega bo‘lmoqda.

Taqqoslash uchun, Turkmentelecom aholi uchun eng yuqori tarif sifatida atigi 6 Mbit/s tezlik taklif qiladi. Starlink bilan taqqoslanadigan narxdagi tarif — taxminan 112 dollar — foydalanuvchilarga faqat
8 Mbit/s tezlik beradi.

Mamlakatdagi eng yuqori tezlik — 100 Mbit/s — 6280 dollar evaziga taklif qilinadi va bu ham faqat yuridik shaxslar uchun mavjud. Chet el kompaniyalari uchun esa maksimal internet tariflari oyiga 35 ming dollardan oshadi.

Biroq mutaxassislar asosiy muammo faqat tezlik emasligini ta’kidlamoqda. Mahalliy internet provayderlari faoliyati keng ko‘lamli blokirovkalar, tez-tez uzilishlar va tarmoqni cheklash amaliyotlari bilan ham tavsiflanadi.

Shuningdek, Starlink xizmati Gruziya, Armaniston va Ozarbayjonda ham ishlamoqda.

O‘zbekistonda qachon ishga tushiriladi?

O‘zbekistonda Starlink masalasi bir necha yildan buyon muhokama qilinmoqda. SpaceX kompaniyasi 2022 yilda mamlakatda yirik loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirgan edi.

Dastlab xizmatni 2023 yilda ishga tushirish rejalashtirilgani aytilgan bo‘lsa, keyinchalik muddat 2025 yilga, undan so‘ng esa yana bir yilga
surilgan.

2026 yil mart oyida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov mamlakatda sun’iy yo‘ldosh interneti joriy yilning o‘zida sinov tariqasida ishga tushirilishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi.

«Biz chekka hududlarni ulash vazifasini hal etyapmiz — joriy yilning o‘zidayoq sun’iy yo‘ldosh internetini sinov tariqasida ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, uning operatorlari uchun soliq imtiyozlari paketi shakllantirilgan», — degan edi Aripov.

Unga ko‘ra, mamlakatda keng polosali internet qamrovi 41 foizdan 99,5 foizgacha oshgan va endi asosiy e’tibor sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari yordamida chekka hududlarni qamrab olishga qaratilgan.

Starlink xaritasida ham O‘zbekiston va Turkmanistonga xizmat tez kunda ishga tushishi kutilayotganligi ko‘rish mumkin.

1


Screenshot: Starlink

«Ularning qilmoqchi bo‘layotgan rejalari haqida menda ma’lumot yo‘q»

Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot kotibi Sherzod Axmatov VAQT.UZ’ga O‘zbekistonda Starlink bo‘yicha hozircha aniq qaror yoki rasmiy kelishuv mavjud emasligini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, Starlink xususiy kompaniya hisoblangani sababli vazirlikning ushbu kompaniya bilan bevosita muzokaralar olib borayotgani haqida gapirish noto‘g‘ri bo‘ladi.

«Bu xususiy sektor hisoblanadi. Agar ularda qandaydir rejalar bo‘lsa, ularning o‘ziga murojaat qilish kerak. Vazirlik ular bilan nimadir qilyapmiz, deb aytish noto‘g‘ri bo‘ladi. Ularning qilmoqchi bo‘layotgan rejalari haqida menda ma’lumot yo‘q», — dedi Axmatov.

Shuningdek, uning aytishicha, O‘zbekiston faqat Starlink emas, boshqa texnologik yo‘nalishlar va davlatlar bilan ham turli variantlarni o‘rganmoqda.

Kompaniya allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan

2

Qiziq jihati shundaki, 2025 yil 6-avgust kuni “Starlink U-Stan” MCHJ O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Kompaniyaning ustav kapitali 400 mln so‘mni tashkil etadi. Uning 99 foiz ulushi Starlink Holding Netherlands B.V'ga, qolgan 1 foizi esa SpaceX Netherlands B.V'ga tegishli. Kompaniya rahbari sifatida Alimov Olimjon Davronovich qayd etilgan.

Bu kompaniya mamlakatda huquqiy infratuzilmani shakllantirish boshlangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi, biroq bu xizmatning yaqin kunlarda ishga tushishini anglatmaydi.

Iqtisodchilar nima deydi?

Qizig‘i shundaki, butun dunyo sun’iy yo‘ldosh internetiga o‘tayotgan bir paytda O‘zbekistonda Starlink qurilmalariga nisbatan huquqiy cheklovlar hanuz saqlanib qolmoqda.

Avvalroq Samarqandda Starlink qurilmasini noqonuniy olib kirgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi
qo‘zg‘atilgan edi. Xususan, «Jartepa» postida taxminan 6 mln so‘mlik qurilma aniqlanib, musodara qilingan.

Starlink atrofidagi muhokamalarda iqtisodchilar ham turli qarashlarni ilgari surmoqda. Ularning fikricha, masala faqat internet tezligi yoki yangi xizmat paydo bo‘lishida emas, balki texnologiyalarga bo‘lgan yondashuv va bozorning qanchalik ochiqligida ham.

Iqtisodchi Botir Qobilov Starlink qurilmalariga nisbatan taqiq va cheklovlar yangi texnologiyalar rivojlanishini sekinlashtirishi mumkinligini ta’kidladi.

«Starlink uskunasini O‘zbekistonga olib kirish noqonuniyligini aytib qolishdi. Qonunchilikda shunday yozilgan bo‘lsa, demak bu juda yomon qonun. Yana bir bor eslataman, ko‘chada 2026 yil. Yangi texnologiyalardan foydalanishga taqiqlar barchaning zarariga ishlaydi. Agar kimdir tezroq internetdan foydalanaman desa, bundan g‘araz niyat ko‘rish kerak emas. Toqqa xayking qilgani, kemping qilgani chiqqanida internetdan foydalanaman deb Starlink olib ishlatsa, uyda tezroq internetim bo‘lsin desa Starlinkdan yaxshiroq alternativa yo‘q», — deydi Qobilov.

Uning fikricha, Starlink kabi texnologiyalarni mahalliylashtirishga urinish ham samara bermaydi.

«Dronlarga o‘xshab Starlink uchun ham taqiq bu o‘zimizning progressni sekinlashtiradi», — degan u.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov esa Starlink texnologiyasining amaliy qo‘llanilishiga e’tibor qaratgan. Uning fikricha, bunday tizimlar avvalo transport va chekka hududlar uchun foydali bo‘lishi mumkin.

«Idealda Afrosiyob poyezdlariga va havo yo‘llari samolyotlariga Starlink qo‘yish kerak. O‘zi umuman, hamma chekka qishloqlarda Starlink bo‘lishi kerak. Yangi asrga yangi kommunikatsiyalar yarashadi. Ular kerak, kelajakdagi raqobatbardoshligimiz uchun, eng kamida», — deydi Hoshimov.

Mutaxassislarning fikrlaridan ko‘rinishicha, muhokama markazida faqat yangi internet texnologiyasi emas, balki O‘zbekiston telekommunikatsiya bozorining kelajakdagi rivojlanish modeli ham turibdi.

Starlink O‘zbekistonda qancha turishi mumkin?

Starlink O‘zbekistonda qachon ishga tushishi noma’lum bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo davlatlaridagi amaldagi tariflar va mavjud ma’lumotlar taxminiy narxlarni hisoblash imkonini beradi.

«Beshtor» kanali ma’lumotiga ko‘ra, Starlink va SpaceX Toshkentda allaqachon yuridik shaxs tashkil etgan. Biroq bu xizmat yaqin kunlarda ishga tushadi degani emas. Sun’iy yo‘ldosh operatori sifatida ishlaydigan kompaniya uchun mahalliy huquqiy va texnik infratuzilmani shakllantirish zarur bo‘ladi.

Bundan tashqari, to‘lovlarni fiskallashtirish, IP-manzillar bilan ishlash, sotuv va ulanish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi qo‘shimcha jarayonlar ham mavjud. Bu bosqichlarning qancha vaqt olishi hozircha noma’lum.

Narxlar masalasida esa qo‘shni davlatlar muayyan tasavvur beradi. Qirg‘izistonda uskunalar 310–414 dollar, Tojikistonda 235–288 dollar, Qozog‘istonda esa 200–390 dollar oralig‘ida sotilmoqda. Oylik abonent to‘lovlari esa 45–117 dollar atrofida shakllangan.

Shundan kelib chiqib, VAQT.UZ tahlil qilishicha, O‘zbekistonda qurilmalar narxi taxminan 250–350 dollar yoki 3–5 mln so‘m oralig‘ida bo‘lishi mumkin.

Oylik abonent to‘lovi esa 90–120 dollar atrofida yoki kamida 500 ming so‘mdan boshlanishi ehtimoldan xoli emas. Buning evaziga foydalanuvchilar cheklanmagan trafik va taxminan 200–300 Mbit/s internet tezligiga ega bo‘lishi mumkin.

Bu rasmiy ma’lumot emas. Hisob-kitoblar Markaziy Osiyo davlatlaridagi amaldagi tariflar va ochiq ma’lumotlar asosida shakllantirilgan.

Davlat

Qurilma narxi

Oylik to‘lov

Qirg‘iziston

310–414 dollar

114 dollar

Qozog‘iston

200–390 dollar

45–100 dollar

Tojikiston

235–288 dollar

117 dollar

O‘zbekiston (taxminan)

250–350 dollar 

90–120 dollar

Markaziy Osiyo davlatlarida Starlink narxlari. VAQT.UZ

Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo davlatlari birin-ketin Starlink xizmatiga ulanayotgan bir paytda O‘zbekiston hali bu yo‘nalishni o‘rganish bosqichida turibdi. Biroq kompaniyaning mamlakatda ro‘yxatdan o‘tishi va muhokamalarning faollashishi mavzu hanuz dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

Agar xizmat mamlakat bozoriga kirib kelsa, bu faqat yangi internet emas, balki hozir yirik o‘yinchilar ustunlik qilib kelayotgan sohada raqobat va foydalanuvchi tanlovini oshirishi mumkin.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 134

Барчаси

Мавзуга оид