Logo

«TikTok» ortidan 84 mlrd dollar: Ilova asoschisi Xitoyning eng boy odami bo‘ldi

Бугун 20:403 дақиқа

«Forbes» jurnali 2026-yilgi Xitoyning eng boy kishilari ro‘yxatini e’lon qildi.

«TikTok» ortidan 84 mlrd dollar: Ilova asoschisi Xitoyning eng boy odami bo‘ldi

Dunyo bo‘ylab millionlab foydalanuvchilarga ega «TikTok» ilovasining asoschisi Chjan Imin ilk bor Xitoyning eng boy odami maqomini qo‘lga kiritdi. Bu haqda 5-noyabr kuni e’lon qilingan «Forbes» jurnalining yangi hisobotida ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «ByteDance» kompaniyasi hammuassisi Chjan Iminning boyligi 14,7 milliard dollarga oshib, 84 milliard dollarga yetgan. Bu o‘sish kompaniyaning sun’iy intellekt (SI) sohasiga va infratuzilmasiga joriy yilda 70 milliard dollargacha sarmoya kiritish rejalari bilan izohlanmoqda.

Shu bilan birga, 2026 yilgi Xitoyning eng boy 100 tadbirkorining umumiy boyligi o‘tgan yilgi 1,35 trillion dollardan 3,7 foizga kamayib, 1,3 trillion dollarni tashkil etgan.

Besh yil davomida reytingda birinchi o‘rinni egallab kelgan «Nongfu Spring» ichimliklar kompaniyasi asoschisi Chjun Shanshan esa ikkinchi o‘ringa tushdi. Uning boyligi 16,9 milliard dollarga kamayib, 60,2 milliard dollarni tashkil qilgan. Bunga ichki bozordagi to‘yinganlik va kompaniya aksiyalari narxining qariyb chorak qismga arzonlashishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Nashrning ta’kidlashicha, Xitoydagi sust iste’mol va ko‘chmas mulk sektoridagi inqiroz tufayli ro‘yxatdagi tadbirkorlarning teng yarmidan ko‘pi o‘z boyligini yo‘qotgan. Shuningdek, bazaviy «CSI 300» indeksi so‘nggi hisob-kitoblardan beri 7 foizga pasaygani qayd etilgan.

Sun’iy intellekt sohasidagi o‘sish va yangi milliarderlar

Garchi umumiy ko‘rsatkichlar tushgan bo‘lsa-da, sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar katta daromad ko‘rgan. Xususan, mahalliy «DeepSeek» kompaniyasi asoschisi Lyan Venfen dollar hisobida eng katta moliyaviy o‘sishga erishib, ro‘yxatda 31 pog‘ona yuqoriladi. Oktyabr oyida mazkur xususiy kompaniyaning 75 milliard dollarga baholanishi ortidan uning boyligi 34,5 milliard dollarga ko‘payib, 46 milliard dollar bilan uchinchi o‘ringa chiqdi.

To‘rtinchi o‘rinni 45,8 milliard dollar bilan «CATL» vakili Robin Szen egallagan bo‘lsa, kuchli beshlikni «Tencent Holdings» rahbari Ma Xuaten yakunladi. Uning boyligi o‘tgan yilgi 62,8 milliard dollardan 45,3 milliard dollarga tushib ketgan.

Shuningdek, «Hengli Group» neft-kimyo konglomerati raisi Chen Szyanxua ro‘yxatda 30 pog‘ona ko‘tarilib, 10-o‘rindan joy oldi. Global miqyosda yangi kemalarga bo‘lgan talabning ortishi ortidan uning boyligi ikki barobarga o‘sib, 25,2 milliard dollarga yetgan.

Joriy yilgi ro‘yxatda sun’iy intellekt, robototexnika va turdosh sohalardan jami 7 nafar yangi milliarder paydo bo‘ldi:

Eng boy yangi ishtirokchi — «CXMT» chip ishlab chiqaruvchi kompaniyasi hammuassisi Chju Imin (31-o‘rin, 13 mlrd dollar).

Ro‘yxatda debyut qilgan yagona ayol — «Guangdong Dtech Technology» boshqaruvchisi Van Sin (55-o‘rin, 7,9 mlrd dollar).

Reytingdagi eng yosh milliarder — 36 yoshli «Unitree» gumanoid robotlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi asoschisi Van Sinsin (56-o‘rin, 7,8 mlrd dollar).

Bu yilgi yuzlik ro‘yxatga kirish uchun minimal boylik chegarasi 4,6 milliard dollardan 4,75 milliard dollarga ko‘tarilgan. Barcha hisob-kitoblar 2026 yil 16-oktabr holatidagi aksiyalar narxlari va valuta kurslariga asoslangan holda olib borilgan.

Теглар

Мавзуга оид