Tojikiston va Xitoy dushman bo‘lmaslikka ahdlashdi. Bu Markaziy Osiyo uchun qanchalik xavfli?

Бугун 19:205 дақиқа

Markaziy Osiyoda ta’sir doirasi uchun kurash tobora qizib bormoqda: mintaqa geosiyosatida asosan Xitoy, AQSH va Rossiya o‘zaro raqobatlashyapti. Bu boradagi so‘nggi muhim voqealardan biri Tojikiston va Xitoy o‘rtasida imzolangan «abadiy do‘stlik» to‘g‘risidagi shartnoma bo‘lib, u Pekinning Dushanbedagi ta’sirini yanada mustahkamladi.

Tojikiston va Xitoy dushman bo‘lmaslikka ahdlashdi. Bu Markaziy Osiyo uchun qanchalik xavfli?

 Yangi ittifoq 

O‘tgan hafta Markaziy Osiyo uchun muhim geosiyosiy voqea yuz berdi — Pekinda Tojikiston va Xitoy o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Garchi ikki davlat rahbarlari avval ham ko‘p bor uchrashib, qator hujjatlarni imzolagan bo‘lsa-da, munosabatlar hali bu qadar yuqori darajaga ko‘tarilmagan edi. Hujjatning asosiy shiori: «Abadiy do‘stmiz, hech qachon dushman emasmiz».

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, tomonlar hamkorlikka oid 31 ta hujjatni, jumladan 16 ta memorandumni tasdiqladi. Ro‘yxatdan Sun’iy intellekt sohasidagi Tojikiston-Xitoy hamkorlik markazi, «yashil» mineral resurslar bo‘yicha reja, «Kulma» nazorat-o‘tkazish punktini modernizatsiya qilish va «Konfutsiy» institutini rivojlantirish kabi loyihalar o‘rin olgan.

1

Eksport va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratilgan. Endi Tojikiston Xitoyga tovuq go‘shti, o‘rik va olxo‘ri eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, tomonlar qo‘shma qishloq xo‘jaligi ilmiy-texnik innovatsion parkini yaratishga kelishib oldi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi saytida qayd etilishicha, muzokaralar va ishbilarmon doiralar uchrashuvlari yakunida umumiy qiymati 8 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 80 dan ko‘proq yangi kelishuv imzolangan. Taqqoslash uchun: o‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi jami 4,3 milliard dollarni tashkil etgan edi.

Bunday yaqinlashuvning siyosiy asoslari ham yo‘q emas. 2019 yilda Dushanbe Shinjon-Uyg‘ur muxtor respublikasi masalasida Pekinni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan va BMTdagi Xitoy siyosatini himoya qiluvchi maktubga imzo chekkan edi. Ikki yil avval esa Chin diyori o‘z tarixida ilk bor Rossiyani ortda qoldirib, Tojikistonning asosiy savdo sherigiga aylandi. Shundan beri iqtisodiy aloqalar faqat o‘sib bormoqda: birgina o‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 46 foizga oshgan.

«AMarkets» xalqaro brokerlik kompaniyasining yetakchi tahlilchisi Igor Rastorguyevning TRT nashriga ma’lum qilishicha, bu hamkorlik tomonlarning bir-birini to‘ldirishiga asoslangan. Xitoy Markaziy Osiyodan resurslar va yangi logistika yo‘nalishlarini qidirayotgan bo‘lsa, Tojikiston o‘z iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va xavfsizligini mustahkamlash uchun sarmoya hamda texnologiyalarga muhtoj.

 «Tomonlarning manfaatlari aniq belgilab olingan: Xitoy o‘z chegaralari yaqinida barqarorlikni ta’minlashga va mintaqani «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusiga integratsiya qilishga intilmoqda, Tojikiston esa investitsiyalar va texnologik ko‘makka umid qilmoqda», — deya ta’kidladi u.

Hamma Markaziy Osiyodan nimani izlayapti?

Albatta, Xitoyning mintaqaga qiziqishi faqat Tojikiston bilan cheklanmaydi. So‘nggi yillarda Pekin butun Markaziy Osiyo bo‘ylab o‘z iqtisodiy ishtirokini sezilarli darajada oshirdi. Xitoyning mintaqaga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalari hajmi 2016 yildagi 19,6 milliard dollardan 2025 yilning o‘rtalariga kelib 35,9 milliard dollargacha o‘sdi. Ushbu sarmoyalarning qariyb 90 foizi uchta davlat hissasiga to‘g‘ri keladi: Qozog‘iston (32%), O‘zbekiston (30%) va Turkmaniston (27%).

Shu bilan birga, mintaqada boshqa yirik o‘yinchilar ham faollashgan. AQSH Qozog‘istonning foydali qazilmalariga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Masalan, Qarag‘anda viloyatidagi volfram koniga kiritilishi rejalashtirilgan Amerika sarmoyasi taxminan 1,1 milliard dollarga baholanyapti.

2

Ayni paytda Yaponiya mintaqa bilan texnologik hamkorlikka urg‘u bermoqda. 2025 yilning dekabrida Tokioda ilk bor davlat rahbarlari darajasida «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammiti bo‘lib o‘tdi. Unga bosh vazir Sanae Takaiti raislik qildi.

Yevropa Ittifoqi ham mintaqa bilan aloqalarni kuchaytirmoqda. O‘tgan yilning aprel oyida Samarqandda «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» birinchi sammiti bo‘lib o‘tgan edi. Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen o‘shanda: «Biz yangi strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yyapmiz. Bu bir-birimizga suyana olishimizni anglatadi va bu ayniqsa zamonaviy dunyoda muhim», — deya ta’kidlagandi.

Tahlilchi Igor Rastorguyevning fikricha, mintaqaga bo‘lgan bunday ulkan qiziqishning asosiy sababi — uning tabiiy boyliklaridir. Markaziy Osiyo nodir metallar, uran, mis, litiy va volframga o‘ta boy hudud sanaladi. Aynan mashu omil Xitoy, AQSH, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi e’tiborini tortmoqda.

Ammo bu resurslarni qazib olish va o‘zlashtirish ayrim to‘siqlarga duch kelmoqda. Nodir metallarni qazib olish murakkab relef, iqlim sharoiti, ekologik xavf-xatarlar, shuningdek, malakali kadrlar va zamonaviy texnologiyalarning yetishmasligi tufayli qiyin kechmoqda. Bundan tashqari, ekspertning ta’kidlashicha, siyosiy beqarorlik va tashqi omillar — sanksiyalar, narxlarning tez-tez o‘zgarishi hamda geosiyosiy nizolar investorlar uchun qo‘shimcha xavf tug‘diradi.

Moskvadagi yangi xavotirlar

Rossiya AQSH va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi faolligini katta hadik bilan qabul qilmoqda.

«Gap faqat iqtisodiy raqobat haqida emas, balki Rossiyani siqib chiqarish va chegaralarimiz yaqinida G‘arb tomonidan boshqariladigan infratuzilmani yaratishga bo‘lgan urinishlar haqida ketmoqda», — deya bayonot berdi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin.

Rossiyaning bunday munosabat bildirishining o‘ziga xos sabablari bor. Markaziy Osiyo o‘nlab yillar davomida savdo, energetika va xavfsizlik tizimlari orqali Moskva bilan chambarchas bog‘langan. Qozog‘iston va Qirg‘iziston YOIIga, Tojikiston esa KXSHTga a’zo. Qolaversa, mintaqadagi beshta davlatning barchasi MDH tarkibida.

Biroq Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng geosiyosiy manzara sezilarli darajada o‘zgardi. Bugungi kunda mintaqa davlatlari G‘arb sanksiyalari xavfini tobora ko‘proq hisobga olishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bunga Qirg‘iziston yaqqol misol bo‘la oladi. Yevropa Ittifoqi 20-sanksiyalar paketi doirasida uskunalarning ayrim turlari Rossiyaga qayta eksport qilinishi ehtimoli sababli ularni Bishkekka sotishni cheklab qo‘ydi.

3

Ammo xohish bo‘lgan taqdirda ham, Rossiya yo‘nalishining o‘rnini tezda bosib bo‘lmaydi. Mintaqa davlatlarining dengizga chiqish yo‘li yo‘q, shuning uchun xomashyo eksporti va uskunalarni yetkazib berish deyarli qo‘shnilar orqali tranzitga bog‘liq.

«Har qanday foydali qazilmani yo Rossiya orqali olib o‘tish kerak — u yerda sanksiyalar va unga bog‘liq mashmashalarga duch kelasiz, yo Xitoy orqali olib o‘tish kerak — biroq bu holatda ular qanday foiz talab qilishi va mahsulot qanday tashilishi noma’lum. Yoki bo‘lmasa Eron, Afg‘oniston yoxud Pokiston orqali. Xullas, qaysi yo‘nalishni tanlamang, hamma joyda qandaydir bosh og‘rig‘i bor», — deydi siyosatshunos Chingiz Lepsibayev.

Shuning uchun tashqi o‘yinchilarning faollashuvi mintaqa tezda Rossiya bilan hamkorlikdan voz kechadi, degani emas. Aksincha, mintaqadagi mavjud aloqalarga yangi yo‘nalishlar qo‘shilmoqda: Xitoyning logistika infratuzilmasi, AQSHning minerallarga bo‘lgan qiziqishi, Yevropaning transport yo‘laklari va Yaponiyaning texnologiyalari.

Igor Rastorguyevning so‘zlariga ko‘ra, barcha tomonlar mintaqa barqarorligi va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor, biroq ularning yondashuvlari turlicha. Rossiya Markaziy Osiyoni o‘zining geosiyosiy ta’sir doirasi va xavfsizlik kamari sifatida ko‘rsa, Xitoy asosiy e’tiborni iqtisodiy ekspansiya va mintaqani o‘z ta’minot zanjirlariga bog‘lashga qaratmoqda.

«Natijada Markaziy Osiyo turli manfaatlar to‘qnashadigan murakkab maydon bo‘lib qolmoqda. Bu vaziyatda mintaqa davlatlari ko‘p vektorli diplomatiyadan maksimal foyda ko‘rgan holda, yirik hamkorlar o‘rtasida muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda», — deya xulosa qiladi ekspert.

Теглар

Мавзуга оид