Toshkent viloyatida 5 mlrd dollarlik tog‘-chang‘i zonasi, sayyohlik majmuasi va tibbiyot shaharchasi barpo etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Toshkent viloyatida 5 mlrd dollarlik tog‘-chang‘i zonasi, sayyohlik majmuasi va tibbiyot shaharchasi barpo etiladi © Foto: president.uz

Yig‘ilishda davlat rahbari Toshkent viloyati poytaxtga yaqin joylashgani uchun bu yerda yashovchi aholi ish o‘rinlari, daromad va turmush sharoiti ham Toshkent shahri darajasiga munosib bo‘lishini kutishini ta’kidladi. Shu bois, viloyat tadbirkorlik va biznes muhitini yaxshilash, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida namuna bo‘lishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

So‘nggi yillarda hududda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2024-2025 yillarda viloyat uchun 23 ta qaror qabul qilinib, ular doirasida budjet va xorijiy investitsiyalar hisobidan yirik resurslar yo‘naltirildi. Shu davrda 14 ta yangi sanoat zonasi tashkil etildi, 115 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi, 237 ta yangi eksportchi paydo bo‘ldi va 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

O‘tgan bir yil ichida Parkent, Ohangaron va Olmaliqda elektrotexnika, metallurgiya, farmatsevtika, to‘qimachilik, mashinasozlik va tog‘-kon sohalaridagi yirik loyihalar ishga tushirildi. Poytaxt ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 87 ta korxona va yangi sanoat loyihalarini Toshkent viloyatiga ko‘chirish ishlari boshlandi, hozirgacha 15 dan ortiq to‘qimachilik korxonasi ko‘chib keldi va 4700 nafar fuqaro o‘z yashash joyida ishli bo‘ldi.

Umuman, 2025 yilda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 7,1 foizga, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,6 foizga, qishloq xo‘jaligi 4,2 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasi 15,2 foizga, qurilish-pudrat ishlari hajmi 9,8 foizga o‘sdi.

2026 yilda viloyat iqtisodiyotini 9,1 foizga, sanoatni 8,8 foizga, xizmatlarni 17,2 foizga, qurilish ishlarini 15 foizga va qishloq xo‘jaligini 6,6 foizga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 6,2 milliard dollar investitsiya jalb etish va 2,8 milliard dollar eksportni ta’minlash mo‘ljallangan.

Bundan buyon tumanlar salohiyatini sun’iy intellekt yordamida tahlildan o‘tkazib, sanoat, investitsiya va eksport bo‘yicha yangi imkoniyatlarni aniqlash zarurligi qayd etildi. Bu ishlar samarasini yanada oshirish uchun viloyatda “Raqamli taraqqiyot – sun’iy intellekt markazi”ni ochish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Viloyatda sanoatni boshqarish bo‘yicha yangi tizim joriy etilayotgani, hokimning sanoat masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga investitsiya va eksportni ko‘paytirish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilanishi aytildi.

Joriy yilda 883 ta mahallani kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, 84,7 ming aholini doimiy ishga joylashtirish, 37 ming norasmiy ish o‘rnini legallashtirish va 13,3 ming ishsiz fuqaroni kasbga o‘qitish vazifasi qo‘yildi.

Sanoatdagi qo‘shimcha o‘sish manbalari sifatida qator yangi loyihalar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, Angren shahrida keramik va keramogranit plitka ishlab chiqarish, Yangiyo‘l tumanida “Tinchlik” kichik sanoat zonasi, Parkent tumanida “Parkent Pharm” erkin iqtisodiy zonasi, O‘rta Chirchiq tumanida mebelchilikka ixtisoslashgan klaster, qo‘ziqorin yetishtirish va shirin makkajo‘xori ishlab chiqarish, Yangiyo‘lda turkiyalik sarmoyador ishtirokida baliqchilik majmuasi, Nurafshon shahrida to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, chorva va parranda go‘shti yetishtirish hajmi hanuz poytaxt va viloyat ehtiyojlari uchun yetarli emas. Shu bois, Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish va ozuqa bazasini kengaytirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bu yerda Qo‘ychilik va echkichilik ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etib, 50 ming bosh naslli qo‘y va echki olib kelish rejalashtirilgan. Ohangaron o‘rmon xo‘jaligi balansidagi o‘rmon bilan qoplanmagan 60 ming gektar yaylovni auksion orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi.

Теглар

Мавзуга оид