Logo

Toshkentda vazirlik binosi sotildi

Бугун 19:022 дақиқа

Uni Qashqadaryoda ro‘yxatdan o‘tgan, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi korxona xarid qildi. Auksionning yakuniy narxi boshlang‘ich narxdan 80 foizga katta bo‘ldi.

Toshkentda vazirlik binosi sotildi © Foto: E-auksion

Joriy yilning 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan onlayn savdolarda poytaxtda qad rostlagan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining ma’muriy binosi 287,14 milliard so‘mga sotildi.

Bu bino Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan bo‘lib, uni «Shakhrisabz Agroport» kompaniyasi xarid qildi. Yakuniy narx boshlang‘ich narxdan 80 foizga katta bo‘ldi. Boshlang‘ich summa 159 milliard 524 million so‘m edi. Hozirda oldi-sotdi shartnomasini imzolash kutilmoqda.

rasm



Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mazkur obyektni oktabr oyida onlayn savdoga qo‘ygandi. Taras Shevchenko va Fidokor ko‘chalari kesishmasida joylashgan to‘rt qavatli ma’muriy binodan hozirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda bir nechta xalqaro tashkilotlar foydalanadi. Binolar va inshootlarning egallagan umumiy maydoni 6 502 kvadrat metrni tashkil etadi. Obyekt suv ta’minoti, kanalizatsiya, gaz va elektr energiyasi tarmoqlariga ulangan.

Yangi mulkdor binodan savdo, ko‘ngilochar, gastronomiya yoki turizm maqsadlarida foydalanishi mumkin. Bunda shaharsozlik me’yorlariga rioya qilishi talab etiladi.

Yuridik shaxslar davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, «Shakhrisabz Agroport» kompaniyasi 2026-yilning iyun oyida tashkil etilgan. Korxona Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida ro‘yxatdan o‘tgan, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniyaning ustav fondi 550,5 mln so‘mni tashkil etadi. Jasur Dostanovich Karimov uning yagona ta’sischisi va rahbari hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, davlat ko‘chmas mulki obyektining oldi-sotdi shartnomasi bayonnoma rasmiylashtirilganidan so‘ng, 10 ish kunidan kechiktirmay sotuvchi, balansda saqlovchi va auksion savdolarining g‘olibi o‘rtasida tuziladi. Agar auksion g‘olibi 5 ish kuni ichida operator xizmat haqiga yetarli mablag‘larni to‘lamagan yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashni rad etgan taqdirda, auksionning salohiyatli g‘olibi mavjud bo‘lsa, unga operator xizmat haqiga yetarli mablag‘larni to‘lash uchun 5 ish kunlik muddat beriladi. Agar salohiyatli g‘olib mazkur mablag‘ni to‘lamaganda yoxud mavjud bo‘lmaganda, takroriy auksion savdolariga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent davlat yuridik universitetining yotoqxonasi 195,7 mlrd so‘mga sotuvga qo‘yilgandi.

Теглар

Мавзуга оид