Logo

Uch karra yer solig‘idan qutulgan aholi, poytaxtda tinimsiz qimmatlashayotgan uylar va Jahon chempionatidagi tarixiy debyut — 18-iyun dayjesti

Кеча 22:473 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Uch karra yer solig‘idan qutulgan aholi, poytaxtda tinimsiz qimmatlashayotgan uylar va Jahon chempionatidagi tarixiy debyut — 18-iyun dayjesti

O‘zbekistondagi birinchi kichik atom reaktori 2029 yil oxirida ishga tushirilishi mumkin

O‘zatom agentligi rahbari Azim Axmedxo‘jayev ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda qurilayotgan birinchi kichik modulli atom reaktorini texnik ishga tushirish 2029 yilning oktabr–noyabr oylariga rejalashtirilgan. Birinchi reaktordan keyin har olti oyda navbatdagi reaktorlarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ilk yirik atom reaktorini 2033 yilda foydalanishga topshirish, butun loyihani esa 2034–2035 yillarda yakunlash maqsad qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilishi rejalashtirilgan atom elektr stansiyasining umumiy quvvati 2110 MVtni tashkil etadi va yiliga 17 mlrd kVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqara oladi. Bu hozirgi energetika tizimi quvvatining 8 foizidan kamrog‘ini tashkil etsa-da, mamlakatda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining qariyb 20 foizini ta’minlashi mumkin. Loyihada xavfsizlikka alohida e’tibor qaratilmoqda va jarayon Xalqaro atom energiyasi agentligi ekspertlari ishtirokida xalqaro standartlar asosida amalga oshirilmoqda.

Eng qimmat Mirobodda: Poytaxtda uy narxlari qanday o‘zgarmoqda?

Toshkentda ko‘p qavatli uylar narxi o‘sishda davom etmoqda. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahliliga ko‘ra, 2026 yil may oyida birlamchi bozorda eng qimmat uylar Mirzo Ulug‘bek va Mirobod tumanlarida qayd etilgan. Ayniqsa, Mirobod tumani ikki, uch va to‘rt xonali yangi kvartiralar segmentida ham narxlar, ham o‘sish sur’atlari bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Ikki xonali kvartiralarning bir kvadrat metri bu yerda bir yil ichida 27,1 foizga qimmatlashgan.

Ikkilamchi bozorda ham Mirobod eng qimmat hudud bo‘lib qolmoqda. Tahlillarga ko‘ra, deyarli barcha tumanlarda foydalanilgan uylar narxi oshgan. Shu bilan birga, ayrim hududlarda to‘rt xonali kvartiralar arzonlashgani kuzatilmoqda. Mutaxassislar bu holatni xaridorlar tomonidan bir va ikki xonali, likvidligi yuqori bo‘lgan uylarga talab kuchaygani bilan izohlamoqda.

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun 3 karra yer solig‘i bekor qilindi

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun hujjatsiz foydalanilgan yer uchastkalariga nisbatan qo‘llanib kelgan 3 karra yer solig‘i bekor qilindi. Yangi qonunga muvofiq, 2020 yil 1-yanvardan 2024 yil 1-iyungacha bo‘lgan davr uchun hisoblangan mazkur soliq summalari qayta ko‘rib chiqiladi va qayta hisob-kitob qilinadi.

Shuningdek, qonun o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni qonuniylashtirish tartibini ham soddalashtirdi. Hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlari qisqartirilib, fuqarolar uchun qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar joriy etildi.

Markaziy bank islomiy bank ochish bo‘yicha ilk takliflar kelib tushganini ma’lum qildi

O‘zbekistonda islomiy banklar faoliyatiga ruxsat beruvchi qonun kuchga kirishi arafasida mazkur sohaga qiziqish ortib bormoqda. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirovning ma’lum qilishicha, xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan mamlakatda to‘liq islomiy bank tashkil etish bo‘yicha dastlabki takliflar kelib tushgan. Shu bilan birga, ayrim amaldagi tijorat banklari ham «Islom darchasi»ni ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Markaziy bankka ko‘ra, islomiy banklar soniga nisbatan maxsus cheklovlar bo‘lmaydi. Biroq litsenziya olish uchun belgilangan talablar barcha ishtirokchilar uchun majburiy hisoblanadi. Regulyator islomiy va an’anaviy banklar uchun teng raqobat sharoitlari yaratilishini, shuningdek ayrim soliq imtiyozlari islomiy moliya institutlariga ham tatbiq etilishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionatidagi debyutida Kolumbiyaga yutqazdi

O‘zbekiston milliy jamoasi futbol bo‘yicha Jahon chempionatidagi tarixiy debyutini mag‘lubiyat bilan boshladi. K guruhi 1-tur uchrashuvida Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa Kolumbiyaga qarshi maydonga tushib, 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Uchrashuvning eng muhim voqealaridan biri Abbos Fayzullayevning goli bo‘ldi. U O‘zbekiston terma jamoasining mundiallar tarixidagi ilk goli muallifi sifatida nomini tarixga yozdirdi. Kolumbiya safida Daniel Munios, Luis Dias va Xorxe Kampaz gol urdi. Endi O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichining ikkinchi turida 23-iyun kuni Portugaliyaga qarshi bahs olib boradi.

Теглар

Мавзуга оид