Venchur investitsiyalari: O‘zbekiston jadal o‘smoqda, Qozog‘iston esa soxta «startaplar» girdobida
O‘zbekistonda startaplar va venchur bozoriga katta mablag‘lar tikilmoqda. Ammo qo‘shni Qozog‘iston tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat grantlariga suyangan ekotizim haqiqiy biznes o‘rniga «grantxo‘rlar»ni yetishtirib chiqarishi mumkin. Biz qanday xatolardan saqlanishimiz kerak?

2026-yil boshiga O‘zbekistonda 15 dan ortiq venchur fondlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Venchur kapital hajmi 180 mln dollardan oshgan. Bozor mintaqada Qozog‘istondan so‘ng ikkinchi o‘rinda va faol o‘smoqda. 2030-yilga qadar jalb etiladigan venchur investitsiyalari hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish, startaplar soni esa 5 mingtagacha oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Bu rejalar va choralar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida bayon etilgan.
Belgilangan rejalarda 2 mingta yoshlar startap g‘oyalarini tijoratlashtirish va ularning 400 ga yaqinini global bozorga olib chiqish ko‘zda tutilgan. Eng yaxshi g‘oyalar tanlovlari va hakatonlar g‘oliblariga esa 20 ming dollargacha bo‘lgan miqdorda qarz mablag‘larini berilishi mumkin. Bu mablag‘larning barchasi davlat venchur fondlari tomonidan taqdim etiladi. Startapchilar, shuningdek, «Raqamli startaplar» dasturi doirasida 10 ming dollarlik grantni ham qo‘lga kiritishlari mumkin.
Mazkur maqolada venchur investitsiyalar nima, O‘zbekistonda bu borada qanday natijalarga erishgani, qo‘shni Qozog‘istonda bu sohada nimalar bo‘layotgani haqida gaplashamiz.
Venchur o‘zi nima?
«Venture» inglizcha so‘z bo‘lib — risk, avantyura yoki istiqbolli startaplarga yoxud biznesni kengaytirish va kelajakda yuqori daromad olishga intilayotgan kompaniyalarga kiritiladigan investitsiyalarni anglatadi.
Aytaylik, startap biznesi kasodga uchrasa, u bilan birga tikilgan investitsiyalar ham kuyib ketadimi?

Albatta, bunday risk doimo mavjud bo‘ladi, ammo loyiha muvaffaqiyatli chiqsa, investor yangi tuzilmaning hammuallifiga aylanadi. Binobarin, risk darajasi yuqori, biroq potensial daromad ham shunchalik kattadir.
Qolaversa, «Facebook» va «Instagram» kabi jahon kompaniyalari ham o‘z vaqtida boshlang‘ich kapitalni aynan venchur investorlaridan olishgan. Biznes tilida aytganda, har bir risk daromad yoki tajriba keltirishi lozim. Venchur investitsiyalarining bor siri mana shunda.
Dunyoda allaqachon 600 mlrd dollar atrofida venchur kapitali mavjud. Uning yarmidan ko‘pi AQSH hissasiga, 20 foizi Osiyo mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Yevropadagi venchur fondlari esa jahon ulushining 25 foiziga egalik qiladi.
Xullas, agar startap muvaffaqiyatsizlikka uchrasa — buni achchiq saboq yoki hayotiy tajriba o‘laroq baholash mumkin. Biz uchun bu soha yangi va tavakkal qilishni istaganlar u qadar ko‘p emas.
Yangi ilmiy yoki iqtisodiy startapga investitsiyalar venchur yo‘li bilan yoki davlat granti orqali amalga oshiriladi. Chunki bu yuqori risk hududi bo‘lib, hech qaysi bank buning uchun kredit ajratmaydi.
Qariyb 100 mln dollarlik venchur investitsiyalari
2025 yilda O‘zbekistonda venchur investitsiyalarining umumiy hajmi 99,3 mln dollarni tashkil etdi, bunda mablag‘larning salmoqli qismi «Uzum» kompaniyasining 65,5 mln dollarlik yirik raundi hisobiga ta’minlandi. Biroq ushbu bitimsiz ham bozor 33,8 mln dollargacha o‘sdi — bu ko‘rsatkich atigi 3 mln dollarni tashkil etgan uch yil oldingi davrga nisbatan 11 baravar ko‘pdir («RISE Research» tadqiqoti).
Ekspertlarning ta’kidlashicha, mintaqadagi taxminan har beshta startapdan biri venchur moliyalashtirishni jalb qilmoqda, bu esa rivojlangan ekotizimlar darajasiga mos keladi. Shu bilan birga, moliyalashtirilgan kompaniyalar zichligi pastligicha qolmoqda — 1 mln kishiga taxminan 4,6 ta startap to‘g‘ri keladi.

2025 yilda eng ko‘p investitsiyalar elektron tijorat (e-commerce) va marketpleyslarga yo‘naltirildi, ularning hissasiga jami mablag‘larning qariyb 40 foizi to‘g‘ri keldi. Keyingi o‘rinlarni fintex va korporativ dasturiy ta’minot sohalari egalladi. Oxirgisi bitimlar soni bo‘yicha yetakchiga aylandi, bu esa erta bosqichlarda B2B segmentining yuqori faolligidan dalolat beradi.
O‘zbekiston bozori avvalgidek kichik raundlarga yo‘naltirilgan: barcha bitimlarning 83 foizi — bu 200 ming dollargacha bo‘lgan investitsiyalardir. Kapitalning asosiy oqimi «pre-seed» va «seed» bosqichlariga to‘g‘ri keldi, bu esa yaqin yillarda yanada yetuk kompaniyalar paydo bo‘lishi uchun asos yaratadi.
Mamlakatdagi investitsiyalar asosan ichki ishtirokchilar tomonidan ta’minlanmoqda: kapitalning 85 foizi mahalliy fondlar va kvazidavlat tuzilmalaridan tushmoqda. Xalqaro investorlar mavjud, biroq ular bozorga asosan yirik xorijiy venchur fondlari orqali kirib kelmoqda.
2025 yil O‘zbekistonda yangi venchur fondlari soni bo‘yicha rekord yil bo‘ldi. Bozorga yettita tuzilma — «Yoshlar Ventures», «X-Togo», «United Ventures» (7 ta davlat banki tomonidan tashkil etilgan), «SQB Ventures», «Imkon Ventures», «Sarmo Ventures» va «Asaka Pharm Ventures» kirib keldi.
Ushbu ҳаволаdan O‘zbekistonda startaplarga investitsiya kiritgan venchur investorlar ro‘yxati bilan tanishishingiz mumkin.
Markaziy Osiyodagi vaziyat
2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasidagi venchur investitsiyalarining umumiy hajmi rekord darajadagi 320 million dollarga yetdi. Ushbu natijada ikkita megaraund asosiy rol o‘ynadi: Qozog‘istonning «Higgsfield» kompaniyasi «Series A» doirasida 130 mln dollar jalb qilib, Markaziy Osiyoning ilk «yakkashox» (unicorn)iga aylandi, O‘zbekistonning «Uzum» kompaniyasi esa 65,5 million dollarlik raundni yopdi.
Ushbu ikki bitim birgalikda bozor umumiy hajmining 61 foizini ta’minladi. Ularni hisobga olmagandagi tuzatilgan ko‘rsatkich 124,5 million dollarni tashkil etdi — bu 2024 yilga nisbatan 31 foizga ko‘pdir, bu esa barqaror organik o‘sishdan dalolat beradi.
«Mintaqada ilk «yakkashox»ning paydo bo‘lishi va «Uzum»ning rekord darajadagi raundi — Markaziy Osiyo salohiyatining jahon maydonida tan olinishining kuchli signalidir. So‘nggi uch yil ichida ko‘rib chiqilgan 2000 ta loyihadan 18,5 foizi investitsiya jalb qildi, bu yetakchi Yevropa hablari ko‘rsatkichlari bilan taqqoslanadigan darajadir», — deb ta’kidladi «RISE Research» asoschisi Aynur Janturina.
Qozog‘istonda venchur investitsiyalari deyarli uch baravarga — 209 mln dollargacha o‘sdi, mamlakat startap-portfelining umumiy bahosi esa 2,16 milliard dollardan oshdi. Sun’iy intellekt barcha investitsiyalarning qariyb yarmini o‘zida jamlagan holda asosiy tarmoq drayveriga aylandi.
To‘qayev nimadan norozi?
2026 yil 10-fevral kuni Qozog‘iston hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishida Prezident Qosim-Jo‘mart Toqayev Bosh vazir o‘rinbosari, sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyevga KazLLM startapi bo‘yicha dasturga talab pastligi (600 ming murojaat, mamlakat aholisining 3 foizi), kamchiliklari ko‘pligi, aholi asosan ChatGPT’ga (2,6 mln foydalanuvchi, aholining 13 foizi) murojaat qilayotgani bo‘yicha e’tiroz bildirdi.

Qozog‘istonda Kremniy vodiysi atributlari aniqlik bilan nusxalanmoqda: pufiklar va qahva tayyorlovchi mashinalarga ega oynavand kovorking markazlari, har hafta hakatonlar tashkil qilinadi; akseleratorlar, trekerlar, mentorlar bor; «Dunyoni o‘zgartiradigan 600 soniya» formatidagi pitchlar bilan demo-kunlar o‘tkaziladi. Minglab odamlarni yig‘adigan va Instagram uchun tonnalab kontent ishlab chiqaradigan «Digital Bridge» forumi mavjud. Shaklan hammasi mukammal.
2000 dan ortiq rezidentga ega «Astana Hub» texnoparki, ishtirokchilarning 1,7 mlrd dollardan oshadigan umumiy daromadi ham bor. Hatto 1,3 mlrd dollarga baholangan birinchi «yakkashox» — Higgsfield AI ham yaratilgan. Sirtdan qaraganda, Qozog‘iston — Markaziy Osiyoning texnologik yo‘lbarsi.
Amalda esa prezident vazirdan xalq nega davlat resurslari ajratilgan milliy neyron tarmoqda emas, balki ChatGPT’da o‘tirganini ochiqchasiga so‘ramoqda.
Startaperlarmi yoki «grantxo‘rlar»?
Normal startap ekotizimida kompaniya Product-Market Fit (PMF)— mahsulot bozorga sinib kegani va uni xarid qilishga tayyorlar ko‘p bo‘lgan holatni qidiradi. PMF bo‘lmasa, startap o‘ladi. Bu tabiiy tanlanish: beshafqat, ammo adolatli. Bozor hisobotlarni qabul qilmaydi, bozor faqat obuna uchun to‘langan pullarni qabul qiladi.
Qozog‘istonda «innovatsion» kompaniyalarning salmoqli qismi mutlaqo boshqacha «fit» qidirmoqda. Ularning mijozi foydalanuvchi emas, balki grant komissiyasidir. Ularning vazifasi — obuna sotish emas, balki moliyalashtirish uchun arizani to‘g‘ri to‘ldirishdir. Ularning muvaffaqiyat metrikasi — olingan transh summasidir.

«Grantxo‘r»ning hayot sikli soatdek ishlaydi. G‘oya amaldorlar nutqidagi joriy haypga (shov-shuvga) moslashtiriladi: kecha bu blokcheyn edi, bugun — AI va LLM, ertaga kvant hisoblashlari bo‘ladi. MVP (mahsulotning minimal ko‘rinishi) demo-kunida slaydlarni ko‘rsatish uchungina «qo‘l uchida» yaratiladi. Grant yeb bitirilganidan so‘ng, startap jimgina o‘ladi, jamoa esa keyingi moliyalashtirish raundi uchun yangi nom ostida qayta yig‘iladi hamda sikl boshidan takrorlanadi.
KazLLM — davlat darajasidagi ushbu patternning ideal illyustratsiyasidir. Loyiha «raqamli suverenitet» vositasi sifatida taqdim etilmoqda, ya’ni u boshidanoq foydalanuvchi uchun emas, balki strategik hisobot uchun yaratilgan. Chunki 600 mingta «so‘rov» (hatto unikal foydalanuvchilar ham emas, aynan so‘rovlar) — bu suverenitet emas. Bu vazirning hisoboti uchun KPI. Kundalik ChatGPT’ni ochadigan 2,6 million qozog‘istonlik esa — bozorning haqiqiy ovozidir. Odamlar klik orqali o‘zlariga ma’qul mahsulot uchun ovoz berishmoqda.
«Sxema» qanday ishlaydi?
Qozog‘istondagi davlat innovatsiyalarining butun ekotizimi yagona tomoshabin — davlat bo‘lgan teatr kabi ishlaydi. Har bir ishtirokchi o‘z rolini o‘ynaydi va har biri o‘yin qoidalarini biladi.
Amaldorlar muvaffaqiyatni miqdoriy KPI bilan o‘lchaydilar: «2000 ta startap ochildi», «hududlarda 2900 ta tadbir o‘tkazildi», «7 yil ichida 840 mln dollar investitsiya jalb qilindi». Raqamlar salmoqli yangraydi. Ammo amaldor uchun ushbu startaplar bir yildan keyin omon qoladimi-yo‘qmi, muhim emas. Uning uchun natija emas, jarayon muhim.

To‘qayev idoralar raqamlashtirish bilan avtonom tarzda, yagona nazoratsiz shug‘ullanganini va bu «davlat mablag‘larining bemulohaza sarflanishiga» olib kelganini ochiq aytdi.
Texnoparklar kuch markazlaridan ko‘ra ko‘proq tadbirlarni tashkil etish agentliklariga aylanmoqda. «Astana Hub»ning 2025 yilgi hisobotlarida — 2900 dan ortiq tadbir va hududlarda 65 ming ishtirokchi tilga olingan. Lekin keling, eksport tuzilmasiga qaralsa 2000 ta rezidentdan atigi 500 tasi eksportchi hisoblanadi. Ulardan faqat 10 ta kompaniya yiliga 10 mln dollardan ortiq daromad keltiradi. Ya’ni rezidentlarning 0,5 foizi asosiy eksport tushumini yaratadi, qolgan 99,5 foizi esa — hisobot uchun fon, xolos.
Startapchilar professional pitcherlarga (taqdimotchilarga) aylanmoqda. Ular yillab konferensiya va forumlarda yurishadi, diplom va sertifikatlar yutishadi, lekin ularda mahsulot yaratish uchun vaqt yo‘q — navbatdagi «Digital Bridge» uchun taqdimot tayyorlash kerak. Ularning ba’zilari chin dildan muhim ish qilyapmiz deb ishonishadi. Ba’zilari allaqachon hamma narsani tushunib bo‘lgan va shunchaki tizim qoidalari bo‘yicha o‘ynashadi. Tizim esa ikkalasini ham birdek boqadi — toki budjet bor ekan.
«Astana Hub» real o‘sishni ko‘rsatmoqda. 1,7 mlrd dollar umumiy daromad, 633 mln dollar IT-xizmatlar eksporti, yildan-yilga 20 foizlik o‘sishga erishmoqda, deb e’tiroz bildirish mumkin. Agregatsiyalangan raqamlarga qaralsa, bu to‘g‘ri. Ammo chuqurroq nazar tashlansa, bu raqamlarning asosiy qismini kichik bir guruh kompaniyalar yaratayotgani ko‘rinadi va ularning aksariyati «Astana Hub»ga «ekotizim» uchun emas, balki soliq imtiyozlari uchun kelgan.
«Higgsfield AI»: karton shoxli «yakkashox»?
2025 yilda 1,3 milliard dollarlik baholashga erishgan «mintaqaning birinchi yakkashoxi» «Higgsfield AI» 2026 yilning fevralida mojarolar markazida qoldi. «GitHub»da to‘lov qiluvchi foydalanuvchilarni ommaviy bloklash, «cheksiz» tariflarda yashirin limitlar, o‘z ishlanmalari niqobi ostida begona modellardan (Kling, Minimax Hailuo) foydalanish va «Trustpilot»dagi sharhlarni manipulyatsiya qilish ayblovlari bilan batafsil tekshiruv e’lon qilindi. Kompaniyaning «X» (Twitter) dagi akkaunti bloklandi.

Hammuassis Aleks Mashrabov muammolarni «o‘sish kasalliklari» deb atab, ochiqchasiga uzr so‘radi. Ikkinchi hammuassis Yerzat Dulat esa «raqobatchilarning muvofiqlashtirilgan hujumi» haqida bayonot berdi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ko‘p maqtalgan «Higgsfield AI» begona modellardan foydalanish imkoniyatini ustama narx bilan sotadigan va foydalanuvchilarni to‘lovdan keyin bloklaydigan startap bo‘lib chiqmoqda. Ya’ni, yagona shoxi, kartondan bo‘lgan «unicorn».
Chinakam tadbirkorlik faqat bozorda
Eng keskin insayt shundan iboratki, Qozog‘istondagi haqiqiy tadbirkorlik texnoparkda emas, balki bozorda yashaydi. Bozorda paypoq sotuvchisi yunit-iqtisodiyotni va mijozni jalb qilish qiymatini soliq to‘lovchilarning puliga ikki yildan beri «ekotizim yaratayotgan» va birorta to‘lov qiluvchi foydalanuvchisi bo‘lmagan faunderdan ko‘ra yaxshiroq tushunadi. Bozordagi savdogar bugun topganiga yashaydi. Agar uning mahsuloti yomon bo‘lsa, u kasodga uchraydi va ketadi. Unda «qayta ishlash uchun» davlat granti ko‘rinishidagi xavfsizlik yostiqchasi yo‘q. Uning yagona akseleratori — och qolish xavfi va u bexato ishlaydi.
Ozoda va qahva hidi ufurib turgan, Makbuklarga to‘la kovorkingda faunderlar mitaplarda «Unit Economics»ni muhokama qilishadi, lekin ularning shaxsiy biznesi subsidiyalar hisobiga yashaydi. Agar mahsulot yomon bo‘lsa — «pivot» (yo‘nalishni o‘zgartirish) uchun navbatdagi grantga ariza beriladi. Ish natijasi — PDF shaklidagi taqdimot.
Bozorda esa hamma yoq kir-chir, shovqin-suron va makbuklar o‘rniga kalkulatorlar klaviaturasi shaqillaydi. Ish natijasi — «real kesh-flou» (haqqoniy pul oqimi). Paradoks shundaki, aynan bozor har qanday kovorkingdan ko‘ra Kremniy vodiysi ruhiga yaqinroqdir. Chunki bu yerdagi muhmi davlat moliyalashtirishidagi oynavand ofislarda emas, balki yo‘qotadigan hech narsasi bo‘lmagan odamlar tomonidan garajlarda qurilgan.
* * *
Maqolada O‘zbekistonda oldinga qo‘yilgan marralar va bu borada bizdan ilg‘orroq Qozog‘istondagi vaziyat haqida tanishtirishga harakat qildik. Hali bizda startaplar borasida ishlar endi boshlanayapti. Katta pullar tikilmoqda. Qo‘shnilar yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklardan xulosa chiqarish, adashmaslik, pullarni noo‘rin sarflamaslik kerak. Toki g‘alvir suvdan ko‘tarilgan onlarda «pullarimiz behudaga ketmabdi», deya olaylik.
Теглар






