YI Kanadaga «assotsiatsiyalashgan a’zo» bo‘lishni taklif qildi. Tramp qarshi
Vaziyat Vashington e’tiboridan chetda qolmadi, Oq uy rahbari taklif qabul qilinsa, Yevropa tovarlariga juda yuqori bojlar joriy qilish bilan tahdid qildi. Karnining «dollarga dollar, stavkaka stavka» deb ta’riflagan Kanadaning javob bojlaridan AQSHdan olib kiriladigan yuzlab turdagi mahsulotlar zarar ko‘rmoqda. Ularning umumiy qiymati qariyb 20 mlrd dollarni tashkil etadi.
© abcnews.com«Men Kanada uchun YI eshiklarini ochish va uni ittifoqning birinchi assotsiatsiyalashgan a’zosi qilish imkoniyatini muhokama qilmoqchiman», — dedi fon der Lyayen.
Uning so‘zlariga ko‘ra, YI va Kanada hozirning o‘zida Ukraina, mudofaa, xomashyo hamda yetkazib berish zanjirlari kabi masalalarda hamkorlik qilmoqda.
Endi tomonlar bu aloqalarni yanada kuchaytirib, «umumiy farovonlik va iqtisodiy xavfsizlik makoni»ni yaratmoqchi.
Fon der Lyayen, shuningdek, yuqori texnologiyalar, mudofaa sanoati, Arktika, muhim foydali qazilmalar, akkumulator ishlab chiqarish, sun’iy intellekt va kvant kiberxavfsizligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni taklif qildi.
«Bu hamkorlik hech kimga qarshi emas, balki umumiy kuchimizni oshirish uchun», — dedi Yevrokomissiya rahbari.
U YI Kanada bilan munosabatlarni «imkon qadar yuqori darajaga» olib chiqmoqchi ekanini ta’kidladi.
Assotsiatsiyalashgan a’zo nima degani?
YI qonunchiligida hozircha «assotsiatsiyalashgan a’zo» degan rasmiy maqom mavjud emas. 16-sentabr kuni «Financial Times» nashri YI davlatlari Kanadaning ittifoq tuzish haqidagi tashabbusiga katta qiziqish bildirmaganini yozdi. Bunga Kanada bosh vaziri Mark Karni AQSH va Xitoyga qarshi hamkorlikni kuchaytirishga chaqirgani ham sabab bo‘lgan.
13-sentabr kuni «The Wall Street Journal» Mark Karni AQSH bilan munosabatlar yomonlashayotgan bir paytda Kanadani Yevropa Ittifoqiga sezilarli darajada yaqinlashtirmoqchi ekani haqida yozdi.
Karni bu masalani bir necha oy davomida Fransiya, Germaniya, Italiya va boshqa Yevropa davlatlari rahbarlari bilan muhokama qilgan.
Biroq Kanada avvalroq Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lishni rejalashtirmayotganini bildirgan edi.
2025-yilning iyun oyida Karni Kanada YIga qo‘shilmasligini aytgan. Shu bilan birga, u Ottava Yevropa Ittifoqi bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilishni istashini bildirgan va Kanadani «Yevropaga kirmaydigan davlatlar ichida eng yevropalashgani» deb atagan.
O‘sha paytda Kanada va YI mudofaa sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Tomonlar dengiz xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni ham kengaytirishga kelishib olgan.
Tramp qarshi
Vaziyat Vashington e’tiboridan chetda qolmadi, AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqi Kanadaga blokning birinchi assotsiatsiyalashgan a’zosi maqomini berish taklifini qabul qilsa, unga qarshi choralar ko‘rish bilan tahdid qildi.
«Agar ular buni amalga oshirsa, agar men buni dushmanona harakat deb hisoblasam, juda jiddiy bojlar joriy qilaman yoki Yevropa bilan ko‘plab tovarlar bo‘yicha savdoni to‘xtataman», — dedi Tramp jurnalistlarga.
U bu taklifni «kulgili» deb atadi.
«Agar bu yaxshi niyat bo‘lsa, unda hammasi joyida. Agar yomon niyat bo‘lsa, Yevropa tovarlariga juda yuqori bojlar joriy qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Fransiyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Benjamin Haddad AQSH YIning geosiyosiy qarorlariga veto qo‘yish huquqiga ega emasligini aytdi.
«AQSH — va boshqa hech kim — yevropaliklarning siyosiy va geosiyosiy yo‘nalishini tanlash huquqiga ega emas», — dedi u «Public Senat» telekanaliga.
«Reuters» agentligiga ismini oshkor qilmagan yevropalik diplomat esa shunday dedi:
«Yaxshiyamki, shu vaqtga kelib prezident Trampning har bir bayonotini jiddiy qabul qilmaslikni o‘rgandik».
Trampning navbatdagi tahdidlari haqidagi savolga Karni ittifoq Yevropa, Kanada va AQSHning suverenitetini kuchaytirishini aytdi.
«Kuchliroq, barqaror va suveren Kanada AQSH uchun yanada samarali hamkor bo‘ladi. Xuddi shu gapni Yevropa Ittifoqi haqida ham aytish mumkin», — dedi u.
Amerika o‘rniga
Karnining Yevropaga safari avgust oyida Kanada va AQSH o‘rtasidagi savdo muzokaralari muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan keyin boshlandi. Shundan so‘ng ikki tomon bir-birining tovarlariga bojlar joriy qila boshladi.
O‘tgan hafta Kanadaning bir qator Amerika tovarlariga nisbatan joriy qilgan bojlari kuchga kirdi. Bu AQSHning Kanada mahsulotlariga 50 foizlik boj joriy qilganiga javob bo‘ldi. Kanada tomonidan joriy etilgan 15 foizdan 50 foizgacha bo‘lgan javob bojlariga po‘lat va mebeldan tortib futbolkalargacha bo‘lgan ko‘plab Amerika mahsulotlari tushadi. Ularning umumiy qiymati qariyb 20 milliard dollarni tashkil etadi.
AQSH va Kanada rasmiylari kelishuvga erishishni istagini aytmoqda. Biroq avgust oxirida muzokaralar to‘xtaganidan beri ularni qayta boshlash bo‘yicha hech qanday siljish kuzatilmagan.
Hozir AQSHda Kanada avtomobillari va yuk mashinalari, shuningdek, Kanada po‘lati, alyuminiyi va yog‘och mahsulotlariga 25 foizlik boj amal qilmoqda. Avgust oxirida Tramp sut mahsulotlari, alkogol, xokkey tayoqchalari va atir-upa kabi boshqa mahsulotlarga ham 50 foizlik yangi bojlar joriy qildi.
Karnining «dollarga dollar, stavkaka stavka» deb ta’riflagan Kanadaning javob bojlaridan AQSHdan olib kiriladigan yuzlab turdagi mahsulotlar zarar ko‘rmoqda. Ushbu bojlar Kanada AQSHdan olib kiriladigan, Kanada, AQSH va Meksika o‘rtasidagi erkin savdo kelishuviga mos kelmaydigan avtomobil va yuk mashinalariga avvaldan joriy qilgan javob bojlariga qo‘shimcha tarzda kiritildi.
Sentyabr boshida Karni Kanada hali ham har ikki davlat manfaatlariga javob beradigan «uzoq muddatli» kelishuvga umid qilayotganini aytdi. Karni Kanada savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga va kelgusi o‘n yil ichida AQSHga to‘g‘ri kelmaydigan savdo hajmini ikki baravar oshirishga va’da berdi. Iyul oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Kanada eksportida AQSHning ulushi savdo urushigacha bo‘lgan o‘rtacha 75 foizdan 66 foizgacha tushgan.
Kimga foydali?
Fon der Lyayenning bayonoti ayrim kuzatuvchilarni hayron qoldirdi. Chunki YI Germaniyaning may oyida Ukrainaga to‘laqonli a’zolikka o‘tishdan oldingi bosqich sifatida assotsiatsiyalashgan a’zo maqomini berish haqidagi taklifiga unchalik iliq munosabat bildirmagan edi.
YI tarixan huquqiy maqomga ega bo‘lmagan moslashuvchan ittifoqlarga ehtiyotkorlik bilan qarab kelgan. Kanada bilan assotsiatsiyalashgan a’zolik bo‘yicha qarorni esa fon der Lyayenning o‘zi emas, YIga a’zo davlatlar qabul qiladi.
YI diplomatlaridan biri fon der Lyayenning taklifidan hayratda qolganini aytib, «aslida hech kim bu nimani anglatishini bilmaydi», dedi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa komissiyasi rahbari «haddan tashqari katta va’dalar berayotgani va ularni bajara olmasligi» mumkinligidan xavotirlar bor. Fon der Lyayen o‘z nutqida YI va Kanada barcha sohalarda hamkorlik qilishini aytdi.
«Biz aqlli ishlab chiqarish ustida ishlaymiz. Texnologik ittifoq tuzamiz. Mudofaa sanoati bazalarimizni birlashtiramiz. Arktikani hamkorlikdagi asosiy loyihaga aylantiramiz. Hamkorliklar — Yevropa uchun strategik tanlov. Shu bilan birga, ular xalqaro tizimdagi va qoidalarga asoslangan tartibdagi bo‘linishga javob hamdir», — deya qo‘shimcha qildi u.
17-sentabr kuni yana bir yevropalik diplomat bu taklifni «muvaffaqiyatsiz taklif, u hech qachon a’zo davlatlar bilan muhokama qilinmagan», deb atadi.
«European Policy Centre» tahlil markazi ijrochi direktori Fabian Zuleg «Reuters» agentligiga bergan intervyusida har ikki tomon uchun ham katta iqtisodiy foyda bo‘lishini kutmayotganini aytdi. Biroq u Trampning iqtisodiy bosimiga qarshi «birgalikda harakat qilish» va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash borasida hamkorlik qilish imkoniyati borligini ta’kidladi.
Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy xavflardan biri — aytilgan gaplar aniq amaliy harakatlar bilan davom ettirilmasligi. Bu esa «oxir-oqibat bizni kuchliroq emas, balki zaifroq qiladi».





