add

Amur oblastida yo‘qolgan An-24 samolyoti qulab, yonib ketgani ma’lum bo‘ldi

24.07.2025 | 15:0028073

Sahnida 49 kishi bo‘lgan An-24 samolyoti Amur oblastida radarlardan yo‘qolgandan so‘ng 15 km uzoqlikda yonib yotgan holda topildi. Halokat oqibatida omon qolganlar aniqlanmagan. Hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Amur oblastida yo‘qolgan An-24 samolyoti qulab, yonib ketgani ma’lum bo‘ldi
«Angara» aviakompaniyasiga tegishli An-24 rusumli yo‘lovchi samolyoti Amur oblastida halokatga uchragani haqida xabar bergan edik. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, «Rosaviatsiya»ning Mi-8 vertolyoti tomonidan samolyot fyuzelyaji yonib turgan holda topilgan. Qutqaruvchilar hozirda halokat joyiga piyoda harakatlanmoqda. Samolyot Xabarovsk — Blagoveshchensk — Tinda yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan va Tinda aeroportiga qo‘nish paytida ikkinchi aylanmaga o‘tib, radarlardan g‘oyib bo‘lgan. Mahalliy vaqt bilan taxminan soat 13:00 da aloqa uzilgan. Qoldiqlar Tindadan 15 kilometr uzoqlikdagi tog‘ yonbag‘rida aniqlangan. Gubernator Vasiliy Orlovning so‘zlariga ko‘ra, bortda 43 nafar yo‘lovchi, jumladan 5 nafar bola va 6 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. MCHS havodan olib borilgan tekshiruvlar jarayonida omon qolganlarni aniqlay olmagan. Rossiya Transport prokuraturasi va Transportdagi tergov qo‘mitasi tomonidan hodisa yuzasidan tekshiruv boshlangan. Rossiya Jinoyat kodeksining 263-moddasi 3-qismi (havo transportida xavfsizlik qoidalarini buzish, ko‘pchilikning o‘limiga sabab bo‘lgan holat) bo‘yicha qo‘zg‘atilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, halokatga uchragan An-24 borti RA-47315 raqamiga ega bo‘lib, u 1976 yilda Kiyevda ishlab chiqarilgan. 2018 yilda Irkutsk viloyatida ro‘y bergan kichik hodisada unda qanot shikastlangan, ammo o‘sha paytda jarohatlanganlar bo‘lmagan. Bu samolyot so‘nggi yillarda bir qator aviakompaniyalar tomonidan foydalanilgan va 2021 yildan «Angara» aviakompaniyasi tasarrufida bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid