
«Tanlangan o‘g‘ilchalar» yoxud adolat yutqazgan sayohat
Samarqandlik iqtidorli o‘quvchilar uchun ajratilgan sayohat imkoniyati viloyat MMTB xodimlari farzandlari o‘rtasida taqsimlandi. «Alыye parusa» sayohati ortida ochiq-oydin nepotizm, shaffoflik yo‘qligi va budjet mablag‘lari bo‘yicha javobsiz savollar mavjud.
Samarqandda nima bo‘ldi?
Xo‘p, avval boshda bu voqeadan xabardor bo‘lmaganlar uchun qisqacha izoh: Sankt-Peterburg shahrida har yili o‘tadigan «Alыye parusa» nomli an’anaviy bitiruv kechasi tadbiri bor. O‘tgan yili o‘sha tadbirga samarqandlik 14 nafar eng iqtidorli o‘quvchi va ularga rahbarlik qiladigan bir nafar guruh yetakchisi taklif etilgan. Ammo shu iqtidorlarni saralab, o‘sha tadbirga yuborishi kerak bo‘lgan Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov delegatsiya tarkibiga o‘z o‘g‘li va jiyanini ham qo‘shib yuborgan.
Birgina u emas, ajratilgan chiptalarning ayrimlari boshqarma xodimlarining farzandlariga ham berilgan. Ya’ni tanlov eng munosiblar — aytganimdek, viloyatning turli sohalardagi iqtidorli o‘quvchilari o‘rtasida emas, idora ichida hal qilingan. Jumladan, boshqarma davlat xaridlari bo‘limi xodimining o‘g‘li, inson resurslari bo‘limi bosh mutaxassisining o‘g‘li ham «tanlanganlar» qatorida bo‘lgan. Tasavvur qilyapsizmi, yoshlar kelajagiga mas’ul insonlar qilayapti bu ishlarni.
Hamdamov va boshqarma munosabati
Ishning misi chiqib, u tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘lar ekan, ko‘plab fikr yetakchilari va ijtimoiy tarmoq faollari holatni ochiq nepotizm deb baholashdi. Chunki bu yerda gap shunchaki sayohat haqida emas — bolalar haqi, adolat va teng imkoniyatlar haqida ketayotgan edi.
Kulgilisi, Muzaffar Hamdamov ijtimoiy tarmoqlarda masalaga to‘xtalar ekan, jumladan, holat haqida birinchi bo‘lib yozgan bloger Xayrulla Mamasoliyevning posti ostidagi izohida bu ish shunchalik katta gunoh ekanini bilmaganini yozgan. Ya’ni bolalar haqiga xiyonat qilinayotganini anglash uchun ham rahbar darajasidagi mas’ul shaxsda yetarli sezgi bo‘lmagan.
Boshqarma matbuot xizmatining biroz o‘tib e’lon qilgan rasmiy munosabatida esa Rossiyaga yuborish uchun tanlab olingan ayrim o‘quvchilarning xorijga chiqish pasporti bo‘lmagani, ayrim ota-onalar esa farzandlarini Rossiyaga yuborishni istamaganini aytgan. Natijada yetarli nomzod to‘planmagani qayd etilgan.
Lekin jamoatchilikni bu rasmiy munosabatda qoniqtirmagan jihat shundaki: 28-iyunda bo‘lib o‘tgan tadbirga taklifnoma 15-mayda kelgan. Nahotki, bir yarim oy ichida munosib bolalarni izlab topish imkoni bo‘lmagan?
1200 dan ziyod maktabi bo‘lgan Samarqand viloyatida nahotki 14 nafar munosib o‘quvchini topish qiyin bo‘lsa, tanlov boshqarma boshlig‘ining o‘g‘li, jiyani va boshqarma xodimlarining farzandlari bilan tugagan bo‘lsa?!
Albatta, yo‘q. Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etgan, xorijga chiqish hujjatlari tayyor bo‘lgan o‘quvchilar Samarqandda kam emas.
Modomiki shunday ekan, nega o‘quvchilarni ochiq va shaffof saralash mexanizmi ishga tushirilmagan? Nega e’lon berilmagan? Agar haqiqatan ham nomzodlar yetishmagan bo‘lsa, bu tarzda delegatsiya to‘plagandan ko‘ra safarni bekor qilish mumkin emasmidi? Yoki joylar bo‘sh qolgan taqdirda ham «zoye ketmasin, o‘zimiznikilar bora qolsin», degan tamoyil ishga tushishi shartmidi?
Eng alamlisi — bu imkoniyat aslida mehnati, bilimi va natijalari bilan munosib bo‘lgan bolalarga tegishli edi. Ular orasida haqiqatan ham xalqaro maydonda mamlakat sha’nini munosib himoya qila oladigan o‘quvchilar bor edi. Toki Samarqandda mavjud tizim ularni emas, amaldorlarning yaqinlarini tanlayotgan ekan — demak, muammo shaxsiy emas, institutsional tus olgan.
Qolaversa, Rossiyadagi barcha xarajatlarni mezbon tomon — Sankt-Peterburg shahri budjeti qoplagan. O‘zbekiston tomoni faqat aviachiptalarni xarid qilishi kerak bo‘lgan.
Samarqandlik jurnalist Farhod Norbo‘tayevning yozishicha, viloyat hokimligi tomonidan ham, viloyat moliya bosh boshqarmasi tomonidan ham pul ajratilmagan. Biroq viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining xarajatlar smetasidan taxminan 96 million so‘m Rossiyadagi bitiruv kechasiga sarflangan.
Eng muhim savol: agar Rossiya tomoni barcha xarajatlarni qoplagan bo‘lsa, nega 96 million so‘m sarflangan? Bu mablag‘ qay tartibda va kimning qarori bilan ajratilgan?
Bizga «oblono» va «rayono»lar nega kerak o‘zi?
Shu yerda tabiiy savol tug‘iladi: o‘zi bizga «oblono», «rayono» va «gorono»lar nega kerak, ular ta’limga nima beradi-yu, nega hamon saqlab qolinmoqda? 34 yildan beri ular ta’lim sifati uchun qanday real qiymat yaratdi o‘zi?
O‘qituvchi bolaga nima o‘qitishni yaxshi biladi, direktor esa jamoani boshqaradi. Xo‘sh, «oblono», «rayono» degan binolariga kirsangiz, naftalin hidi anqib turuvchi idoralar bugun byurokratiyani ushlab turish, qog‘oz to‘ldirtirishdan boshqa nima ish qilayapti?
O‘qituvchilar oyligini haqiqatda ko‘paytirish uchun shunday idoralarni butunlay tugatish kerak emasmikin? Axir har bir «rayono»da 50, «oblono»da 100 nafardan kishi ishlasa ham, bu — respublika miqyosida katta pul. O‘sha mablag‘lar joylarda haqiqiy mehnat qilayotgan o‘qituvchilar oyligiga qo‘shib berilsa, mana bu ta’limga real investitsiya bo‘lmaydimi? Kengroq qaralsa, dunyoda hatto ta’lim vazirliklari ham tugatilyapti. Bizning «oblono»chilarimiz qilgani esa shu.
Rasmiylar nima demoqda?
Yana asosiy masalaga qaytamiz. Kecha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vaziyat o‘rganilayotganini bildirib, qisqa munosabat bilan chiqdi:
«Mazkur holatni atroflicha o‘rganish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Ushbu tekshiruv natijalari bo‘yicha vazirlikning rasmiy sahifalari orqali qo‘shimcha ma’lumot beriladi», — deyiladi munosabatda.
Shuningdek, holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham o‘rganish ishlari olib borayotganini ma’lum qildi. Agentlik matbuot kotibiga ko‘ra, tekshiruv yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha axborot beriladi.
Xulosa
Bu mojaro shunchaki bir safar masalasi emas. Bu — tizimli muammoning kichik, ammo ochiq ko‘rinishi. Samarqandlik eng iqtidorli o‘quvchilar uchun ajratilgan o‘rinlar boshqarma mas’ullari va «tanish-bilish»larning farzandlari o‘rtasida taqsimlangan.
Bilasizmi, har qanday normal jamiyatda bolalar haqiga qo‘rqmay xiyonat qiladigan bunday insonlar egallab turgan lavozimida bir kun ham qoldirilmaydi. Ular bundan avval hatto hudud markaziy kanallari orqali chiqarilib, jamiyatdan uzr so‘ragan holda, kamida yarim soat bosh egib turishga ham majburlanadi. Chunki aslida aynan mayda qonunbuzarliklar va «arzimas» jinoyatlarga murosasiz bo‘lgan jamiyatlargina katta korrupsiyani, tizimli nepotizmni yo‘q qila oladi.
Shu sabab, nepotizm va shu orqali budjet mablag‘larini ishlatishda shubhali harakatlarga yo‘l qo‘ygan boshqarma boshlig‘i Muzaffar Hamdamov ortiq bu lavozimda qolmasligi kerak. Umuman, uning va boshqarmaning ishda qatnashgan boshqa xodimlarining ham harakatlariga qonuniy baho berilishi, shuningdek, ta’lim tizimiga loyiqligi haqida o‘ylab ko‘rilishi kerak. Chunki ta’lim tizimida adolat bo‘lmasa, jamiyatda adolat bo‘lmaydi. Adolat va teng imkoniyat haqida gapirish uchun, avvalo, shu prinsiplarga amal qilish shart. Aks holda, korrupsiyaga qarshi kurash haqidagi barcha balandparvoz bayonotlar qog‘ozda qolaveradi.
Jamiyat bu ishni kuzatmoqda. Agar bu holat jazosiz qolsa, ertaga har bir viloyatda shunday «tanlangan o‘g‘ilchalar» paydo bo‘laveradi.






