Logo

208 o‘qituvchiga 616 million so‘mdan mukofot beriladi

Бугун 19:572 дақиқа

O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilgan «Yil o‘qituvchisi» tanlovi g‘oliblari aniqlandi. Unda 46 mingdan ortiq pedagog ishtirok etdi.

208 o‘qituvchiga 616 million so‘mdan mukofot beriladi

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan «Yil o‘qituvchisi» tanlovi g‘oliblari aniqlandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.

Xabar qilinishicha, mazkur bellashuvda butun respublika bo‘ylab 46 ming nafardan ortiq pedagoglar ishtirok etgan. Ular orasidan jami 208 nafar pedagog g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Respublikaning 208 ta tuman va shahri bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘oliblarning har biri 616 million so‘m (bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari) miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

G‘olib o‘qituvchilarning ism-familiyalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi e’lon qilgan to‘liq ro‘yxatda keltirilgan.

Tanlov shartlari va baholash mezonlari

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, «Yil o‘qituvchisi» tanlovida qatnashish uchun aniq talablar belgilangan. Unda oliy yoki 1-malaka toifasiga hamda kamida 5 yillik pedagogik stajga ega, asosiy shtatda faoliyat yuritayotgan fan yoki boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ishtirok etishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Qoidalarga asosan, nomzodlar o‘zlari dars beradigan bitta fandan, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari esa boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida qatnashgan.

Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar saralash bosqichi boshlanadigan yilning avgust-sentabr oylarida pedagog.uzedu.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tgan.

Bellashuv jarayonlari jami uch bosqichda tashkil etilgan:

Birinchi bosqichda nomzodlarning mutaxassislik fani, pedagogik mahorati va kasb standarti bo‘yicha nazariy bilimlari baholangan. Bu jarayon malaka toifa sinovlari bilan integratsiya qilingan holda onlayn tarzda o‘tkazilgan.

Ushbu bosqichda har bir tuman va shahardan ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda eng yuqori ball to‘plagan 3 nafardan nomzod ikkinchi bosqichga o‘tkazilgan.

Ikkinchi bosqichda esa nomzodlarning pedagogik mahorati baholash mezonlari asosida hakamlar hay’ati hamda pedagoglar tomonidan ko‘rib chiqilgan. O‘qituvchilar o‘tgan darslarining videoyozuvlarini maxsus platformaga joylashtirgan. Ushbu bosqich yakunidan har bir hududdan eng yuqori ball to‘plagan 2 nafardan nomzod hal qiluvchi bosqichga yo‘llanma olgan.

Uchinchi bosqichda nomzodlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati hamda kitobxonligi taqdimot asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholangan. Bunda nomzodlarning ushbu bosqichda olgan ballari avvalgi bosqichlarda olgan ballariga qo‘shilgan hamda tuman miqyosida umumiy hisobda eng yuqori ball to‘plagan nomzod g‘olib deb topilgan.

Теглар