500 mln so‘mgacha loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab etilmaydi
9 ta davlat bankiga bir oyda biznesni o‘stirishga ko‘maklashadigan 20 ta yangi bank mahsulotini taklif etish vazifasi qo‘yildi.
© Prezident matbuot xizmatiPrezident Andijonda davlat banklarini mijozlar biznesini o‘stirish tamoyili asosida transformatsiya qilish zarurligini aytdi.
Uning aytishicha, yil boshidan garov yoki kafil topa olmagan 35 ming kishiga kredit berilmagan. Banklar an’anaviy garov va bir xil standart shartlar bilan cheklanib qolmasligi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endi real pul oqimi, buyurtma va shartnomalar, debitorlik qarzi, tovar aylanmasi hamda biznes zanjiriga asoslangan kompleks moliyaviy mahsulotlar keng joriy qilinadi.
Kichik tadbirkorlarning lider korxona yoki yirik buyurtmachi bilan uzoq muddatli shartnomasi kredit garovi sifatida qabul qilinadi.
500 million so‘mgacha loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab etilmaydi. Kredit garovga emas, pul oqimiga qarab ajratiladi. Eksportbop mahsulot uchun xomashyo sotib olish kreditlarida esa sug‘urta polisining o‘zi garov sifatida yetarli bo‘ladi.
To‘qqizta davlat bankiga bir oyda biznesni o‘stirishga ko‘maklashadigan 20 ta yangi bank mahsulotini taklif etish vazifasi qo‘yildi. Mahalla bankirlari yangi xizmatlarni aholi va tadbirkorlarga tushuntirib boradi.
Soliq idoralari ham tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish va ish o‘rinlarini saqlab qolishga ko‘maklashishi zarurligi ta’kidlandi.
Viloyatda ayrim korxonalar aylanmasi va ish o‘rinlari qisqargani, bir qator biznes subyektlari faoliyati tugatilgani qayd etildi. Mahallaga tushgan soliq xodimlari bunday holatlarning sabablarini o‘rganib, yechim topishga faol kirishishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endi daromadi yoki ish o‘rni kamaygan korxonaga mahalla soliqchisi borib, muammoni o‘rganadi. Hokim yordamchisi va mahalla bankiri bilan birga soliq to‘lovini kechiktirish, kredit muddatini uzaytirish, aylanma mablag‘, bozor yoki eksportga ko‘maklashish bo‘yicha tuman shtabiga taklif kiritadi. Mazkur jarayonda har bir biznesning daromadga kirish davri va xususiyati inobatga olinadi. Yoshlar bandligi mahalla soliqchilari faoliyatini baholash va mehnatiga haq to‘lashda samaradorlik mezoni qilib belgilanadi.
Tadbirkorlarning masalalarini sudda ko‘rishni tez va samarali tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi. Prezidentga ko‘ra, ular kredit, oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kommunal va soliq qarzdorligiga oid nizolarni ko‘rib chiqish cho‘zilayotganini aytmoqda. Dalillar yetarli bo‘lgan ishlar bo‘yicha jarayonlarni soddalashtirish va muddatlarni qisqartirish mumkinligi qayd etildi.
Oliy sud, Biznes-ombudsman va Adliya vazirligi Andijonda tadbirkorlarning murojaatlarini eshitib, masalalariga yechim topishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Oktyabr–noyabr oylarida respublika bo‘ylab tadbirkorlar va davlat tashkilotlari yuristlari uchun nizolarni sudgacha hal qilish, ularni kamaytirish va sud jarayoni bo‘yicha o‘quvlar o‘tkaziladi. Bir oyda protsessual qonunchilik tahlil qilinib, qaysi ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish va muddatlarni qisqartirish mumkinligi yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.





