Logo

AQSHda «Audi»ning 4 mlrd dollarlik zavodi quriladi

Бугун 12:282 дақиқа

Germaniya avtomobil ishlab chiqaruvchisining zavodi bojxona bojlari, oqilona tartibga solish siyosati va Kaliforniyaning yoqilg‘i tejamkorligi bo‘yicha o‘z standartlarini belgilash huquqidan mahrum qilinishi tufayli quriladi.

AQSHda «Audi»ning 4 mlrd dollarlik zavodi quriladi © auto.ru

AQSH prezidenti Donald Tramp Germaniyaning «Audi» avtomobil ishlab chiqaruvchisi Jorjiya shtatida 4 mlrd dollarlik zavod qurishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Ushbu zavodda yiliga 200 mingta yo‘ltanlamas avtomobil ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.

Agentlikning qayd etishicha, Oq uy rahbari avtomobil ishlab chiqaruvchilarga bosim o‘tkazmoqda. U avtomobillar, po‘lat, alyuminiy va ehtiyot qismlar importiga bojlarni oshirish orqali kompaniyalarni ishlab chiqarishni AQSHga ko‘chirishga undamoqda.

Tramp o‘tgan yili joriy etgan bojlar «Audi»ga 1,4 mlrd dollar zarar keltirgan. Buning sababi kompaniya AQSH bozori uchun avtomobillarning barchasini Yevropa yoki Meksikadan import qiladi.

«Biz eng yirik va yuqori toifadagi yo‘ltanlamas avtomobillarimizni bu yerga olib kelib, Jorjiya shtatidagi Meykon shahrida ishlab chiqarmoqchimiz. Bu uzoq muddatli investitsiya, chunki biz Amerika bozoriga ishonamiz», — dedi «Audi» bosh direktori Gernot Dyollner.

Tramp esa kompaniyaning AQSHda zavod qurishga qaror qilishiga aynan bojxona bojlari sabab bo‘lganini aytdi.

Senator Berni Morenoning ta’kidlashicha, bojlar, oqilona tartibga solish siyosati va Kaliforniyaning yoqilg‘i tejamkorligi bo‘yicha mustaqil standartlar belgilash imkoniyati cheklanmaganida, Germaniya avtomobil ishlab chiqaruvchisining zavodi AQSHda hech qachon qurilmagan bo‘lardi.

«Audi» ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur investitsiya AQSHda taxminan 4,5 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Zavod qurilishi 2027-yilda boshlanishi, avtomobil ishlab chiqarish esa 2030-yillar boshida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

«Reuters» bilan suhbatlashgan, ismi oshkor etilmagan amerikalik rasmiyning aytishicha, zavodda Audi Q7, Q8 va Q9 rusumli yo‘ltanlamas avtomobillar yig‘iladi.

O‘tgan yilning aprel oyida Tramp import qilinadigan avtomobillarga 25 foizlik boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Shuningdek, avtomobil ehtiyot qismlariga ham bojlar belgilangan. Bu choralar avvaldan amal qilib kelgan bojlarga qo‘shimcha ravishda joriy etilgan.

Imtiyozli boj stavkalaridan foydalanmoqchi bo‘lgan avtomobil ishlab chiqaruvchilar har bir mahsulot tarkibida AQSHda ishlab chiqarilgan qismlar ulushi qancha ekanini ko‘rsatuvchi hujjatlarni taqdim etishi kerak. Agar hujjatlar ma’qullansa, 25 foizlik boj faqat AQSHdan tashqarida ishlab chiqarilgan qismlar qiymatiga nisbatan qo‘llanadi.

O‘tgan yilning aprel oyida Yaponiyaning «Nissan Motor» avtomobil konserni ham Tramp ma’muriyati joriy etgan yangi bojlardan qochish maqsadida ishlab chiqarishning bir qismini AQSHga ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida «Nikkei» nashri xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda sakkiz oy ichida eng ko‘p qaysi avtomobillar ishlab chiqarilgani haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид