Logo

AQSHdan izoh so‘ragan O‘zbekiston, kredit xavfidan ogohlantirgan Turdimov hamda vodiy va vohaga qatnaydigan yangi elektropoyezdlar — 11-iyun dayjesti

Кеча 23:264 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

AQSHdan izoh so‘ragan O‘zbekiston, kredit xavfidan ogohlantirgan Turdimov hamda vodiy va vohaga qatnaydigan yangi elektropoyezdlar — 11-iyun dayjesti

Erkinjon Turdimov: «Kredit olsangiz, ko‘chada qolishga tayyor bo‘ling»

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov aholi qabuli davomida tomorqa yeriga suv chiqarish uchun 120 mln so‘m kredit olishda yordam so‘ragan fuqaro murojaatiga munosabat bildirdi. Hokim kredit rasmiylashtirish o‘rniga muammoni mahalliy hokimlik ko‘magida hal qilish mumkinligini aytib, qarz mablag‘larini qaytarish bilan bog‘liq xavflar haqida ogohlantirdi.

Turdimovning ta’kidlashicha, kredit mablag‘lari foizlari bilan birga qaytarilishi kerak va bu ayrim holatlarda jiddiy moliyaviy yukka aylanishi mumkin. «Ko‘chada qolishga tayyorman, desangiz, bankka boring. Bo‘lmasa, kreditga murojaat qilmang», degan hokim fuqaroning tomorqasiga suv chiqarish masalasi hokimlik ko‘magida hal etilishini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda baliq yetishtirish hajmi 500 tonnadan oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev baliqchilik sohasini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishib, tarmoqni modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Hozirda mamlakatda yiliga 206 ming tonna baliq yetishtirilayotgan bo‘lsa, 2027 yilgacha bu ko‘rsatkichni 500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Buning uchun intensiv texnologiyalarni keng joriy etish, suv havzalari va yer maydonlarini shaffof tarzda ijaraga berish hamda naslchilik ishlarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Rejaga ko‘ra, yopiq suv aylanma tizimlari, naslli ona baliqlar importi va quyosh panellari uchun subsidiyalar ajratiladi. Shuningdek, forel va osyotr yetishtirish quvvatlari tashkil etiladi, baliqchilik sohasini boshqarish uchun yagona elektron platforma ishga tushirilib, sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinadi. Hukumat aholini sifatli va arzon baliq mahsulotlari bilan ta’minlash hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratishni maqsad qilgan.

Toshkentdan Andijon va Termizga tezyurar poyezdlar yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi temiryo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish uchun yangi elektropoyezdlar xarid qilishni rejalashtirmoqda. Bu masala Janubiy Koreyada «O‘zbekiston temir yo‘llari» va Hyundai Rotem rahbariyati o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, «Jaloliddin Manguberdi» nomli yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni yetkazib berish jarayonini ham ko‘rib chiqdi.

Uchrashuvda Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida harakatlanishi rejalashtirilgan 8 ta zamonaviy elektropoyezdning texnik xususiyatlari va xarid shartlari muhokama qilindi. Loyiha amalga oshirilsa, yo‘lovchilar uchun safar vaqti qisqaradi, hududlar o‘rtasidagi transport aloqalari yaxshilanadi va iqtisodiy faollik oshishi kutilmoqda. Tomonlar temiryo‘l sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Surxondaryoda 205 tonna unni birjasiz sotgan korxona jazolandi

Raqobat qo‘mitasi Surxondaryo viloyatidagi «DENOV OLTIN DON» MCHJ faoliyatini o‘rganish davomida qonunchilik talablarining buzilganini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, korxona 2025 yil oktabridan 2026 yil mart oyigacha birja orqali xarid qilingan 273 tonna bug‘doyni qayta ishlab, ishlab chiqarilgan 205 tonna unni birja savdolariga chiqarmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport shartnomasi asosida sotgan. Mazkur mahsulotlar qiymati 634 mln so‘mdan oshgan.

Qo‘mita bu holatni raqobat qonunchiligi talablarining buzilishi sifatida baholab, korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atgan. Maxsus komissiya qarori bilan «DENOV OLTIN DON» MCHJga tegishli ta’sir chorasi qo‘llanilgan hamda qonunbuzilish oqibatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berilgan.

TIV O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari tekshirilgani yuzasidan AQSHdan izoh so‘radi

AQSHning Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Niderlandiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan o‘zbek delegatsiyasi a’zolariga nisbatan o‘tkazilgan xavfsizlik tekshiruvlari yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQSHning tegishli idoralaridan rasmiy tushuntirish so‘radi. Vazirlik ma’lum qilishicha, Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxona orqali amerikalik mas’ullar bilan aloqa o‘rnatilgan. TIV xavfsizlik choralarini davlatlarning ichki qoidalari sifatida tushunishini bildirgan holda, bunday jarayonlar sport ruhi va o‘zaro hurmat tamoyillariga putur yetkazmasligi lozimligini ta’kidladi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari va murabbiylari qo‘l metallodetektorlari bilan tekshirilgani aks etgan videolar tarqalgan edi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro buni odatiy xavfsizlik amaliyoti deb baholagan. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi esa tekshiruv xavfsizlik talablari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Hozircha AQSH tomonidan rasmiy izoh berilmagan.

Теглар

Мавзуга оид

AQSHdan izoh so‘ragan O‘zbekiston, kredit xavfidan ogohlantirgan Turdimov hamda vodiy va vohaga qatnaydigan yangi elektropoyezdlar — 11-iyun dayjesti | Vaqt.uz