Endi uy olmoqchi bo‘lganlar pullarini to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchiga bermasligi mumkin
Qonunchilik palatasi ulushli qurilishda fuqarolar pulini himoya qiluvchi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni qurishda fuqarolarning pullari endi to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchiga berilmaydi, balki bankdagi eskrou hisobvarag‘ida saqlanadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Senatga yuborilgan yangi qonun loyihasida ma’lum qilindi.
«Ko‘p kvartirali uylarni va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida»gi qonun quyi palata tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Unga ko‘ra, quruvchi fuqarolar tomonidan to‘langan mablag‘larni faqatgina uy foydalanishga topshirilgandan keyingina bankdan olish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, aholi pulini faqat Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan, vakolatli bank bilan bitim tuzgan va loyiha deklaratsiyasini e’lon qilgan quruvchilargina jalb qila oladi.
Shartnomalar majburiy notarial tasdiqlanadi va firibgarlikning oldi olinadi
Yangi qonunga asosan, quruvchi va xaridor o‘rtasidagi shartnoma hamda unga kiritiladigan har qanday o‘zgarishlar notarial tasdiqlanishi shart. Bu amaliyot bir xonadonni bir necha kishiga sotib yuborish va norasmiy «qo‘shimcha kelishuvlar» orqali shartlarni o‘zgartirish holatlariga chek qo‘yadi.
Uyni foydalanishga topshirish muddati buzilgan taqdirda, qurilish obyektini muammoli deb topish uchun yana olti oy kutish talab etilmaydi. Shu bilan birga, quruvchi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etmasdan turib, faqat tovon puli to‘lash orqali muammoli obyektlar reyestridan chiqa olmaydi.
Agar quruvchi tomonidan mablag‘lar qonun talablarini buzgan holda yig‘ilgan bo‘lsa, ulushdor (xaridor) o‘z pulini foizi bilan qaytarib berishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Mazkur qonun talablari u rasman kuchga kirganidan keyin qurilishga ruxsat olingan obyektlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Adliya vazirligi yangi tartib xaridorlar mablag‘ini himoya qilsa-da, uy-joy narxiga ta’sir qilishi mumkinligi haqida aytgandi.
Vazirlikning Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Mirzayevning ta’kidlashicha, eskrou tizimida xaridorlar, ipoteka kreditlari va davlat subsidiyalari hisobidan to‘langan barcha mablag‘lar maxsus bank hisobvarag‘iga joylashtiriladi. Qurilish kompaniyasi ushbu mablag‘lardan obyekt belgilangan shartlar asosida qurib bitkazilmaguncha foydalana olmaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda ko‘plab quruvchilar qurilish ishlarini xaridorlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilingan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirmoqda. Yangi tizimda esa developerlar aylanma mablag‘ uchun bank kreditlariga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi va bu qo‘shimcha foiz xarajatlarini keltirib chiqaradi.
«Bu masala bo‘yicha to‘rtta ilmiy tashkilot o‘rganish qilib, o‘z xulosasini bergan: qurilish narxi ko‘tarilishi ehtimoli bor. Sababi hozirgi kunda quruvchilar pulni fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, hech qanday foiz va risklarsiz olib ishlatyapti. Bu tartibda esa kredit olgach, unga foiz hisoblanadi. Bizning asosiy maqsadimiz — fuqarolarning pul mablag‘larini himoya qilish, shuning uchun yangi tizimni joriy qilishga majburmiz. Ertaga, to‘g‘ri, uyning narxi ko‘tariladi, lekin fuqaro, masalan, uyni ololmay qolsa, bankdan pulini bemalol olishi mumkin bo‘ladi», — dedi Jamshid Mirzayev.
Iyun oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev eskrou hisobvaraqlarini joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi bilan tanishgandi.





