Logo

Endi yong‘in sababchisi qurbonlarning oilasiga 1 mlrd 320 mln so‘mgacha tovon puli to‘laydi

Prezident imzolagan qonunga ko‘ra, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzib, odamlar o‘limi yoki nogironligiga sabab bo‘lgan aybdorlarga BHMning 3000 baravarigacha tovon puli to‘lash majburiyati yuklatiladi.

Endi yong‘in sababchisi qurbonlarning oilasiga 1 mlrd 320 mln so‘mgacha tovon puli to‘laydi

O‘zbekistonda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzib, insonlar o‘limi yoki jarohatlanishiga sabab bo‘lgan shaxslarga nisbatan yetkazilgan zararni qoplashdan tashqari, yirik miqdorda tovon puli to‘lash majburiyati joriy etildi. Bu haqda 2-noyabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonunda belgilandi.

«Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan yangi 51-bobga (351 va 352-moddalar) muvofiq, yong‘in oqibatida fuqarolar va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar aybdor tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi shart. Bunda odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rni davlat foydasiga undiriladigan moliyaviy sanksiyalar va boshqa jarimalardan oldin (birinchi navbatda) undirilishi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, sud tomonidan yong‘in aybdorining zimmasiga moddiy zararni qoplashdan tashqari qo‘shimcha ravishda quyidagi miqdorlarda tovon puli to‘lash majburiyati yuklatilishi mumkin:

• jabrlanuvchi vafot etgan taqdirda — bazaviy hisoblash miqdorining 3000 baravarigacha (amaldagi BHM bo‘yicha 1 milliard 320 million so‘mgacha);

• jabrlanuvchi I guruh nogironi bo‘lib qolgan taqdirda — BHMning 1500 baravarigacha (660 million so‘mgacha);

• jabrlanuvchining sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetkazilganda — BHMning 600 baravarigacha (264 million so‘mgacha).

Mazkur qat’iy choralar yong‘in xavfsizligiga bee’tiborlikning oldini olish va jabrlangan fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida joriy etilmoqda. Yangi tartib va tovon to‘lash majburiyatlari hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.

Теглар

Мавзуга оид