Eron droni Britaniyaning Kiprdagi aviabazasiga zarba berdi
Kiprdagi Britaniya harbiy obyektiga berilgan zarba 1986-yilda Liviya jangarilari tomonidan raketa hujumidan beri harbiy obektga qilingan ilk hujum bo‘ldi.

2-martga o‘tar kechasi Eronda ishlab chiqarilgan «Shahed» droni Kiprdagi Britaniyaning Akrotiri harbiy-havo bazasiga zarba berdi. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida uchish-qo‘nish yo‘lagiga yengil shikast yetgan, qurbonlar yo‘q.
Kipr hech qanday harbiy operatsiyalarda ishtirok etish niyati yo‘q
Kipr prezidenti Nikos Xristodulides dron soat 00:03 da harbiy hududga qulaganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, respublika barcha xavfsizlik xizmatlari to‘liq shay holatga keltirilgan. Shu bilan birga, Kipr hech qanday harbiy operatsiyalarda ishtirok etmayotgani va ishtirok etish niyati yo‘qligini bildirdi.
Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer 1-mart kuni London AQSHning iltimosini qabul qilib, bazalarni Eron raketalariga qarshi mudofaa zarbalari uchun foydalanishga rozi bo‘lganini aytgan edi. Biroq Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper AQSH Akrotiri bazasidan foydalanish bo‘yicha alohida so‘rov yubormaganini ma’lum qildi.
Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlari har qanday tahdidga qarshi birdam ekanini qayd etdi. Ayni paytda, manbalarga ko‘ra, hujum Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatni mintaqaviy mojaroga tortishga urinish sifatida baholanmoqda.
Akrotiri qishlog‘i aholisi uylarini tark etdi
Hujum ortidan Akrotiri qishlog‘i aholisi tun davomida uylarini tark etgan. Ayrim fuqarolar Limasoldagi harbiy kazarmalarga joylashtirilgan. Baza ma’muriyati atrofda yashovchilarga vaqtincha uylarida qolish tavsiyasini berdi.
Akrotiri Britaniyaning Kiprda saqlab qolgan ikki suveren bazasidan biri bo‘lib, orol mustaqillikka erishgan 1960 yildan buyon London nazoratida. Hozirda Kiprda taxminan 7 ming nafar britan harbiylari va ularning oila a’zolari istiqomat qiladi.





