Logo

Ipoteka, avtokredit va mikroqarzlar qanday foizlarda berilmoqda?

Бугун 19:553 дақиқа

Markaziy bank 21-sentabr holatida 5 xil turdagi kredit pullari qaysi banklarda pastroq foizlarda ajratilayotganini tahlil qildi.

Ipoteka, avtokredit va mikroqarzlar qanday foizlarda berilmoqda? © Vaqt.uz

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan kredit mahsulotlari bo‘yicha foiz stavkalari banklar kesimida sezilarli farq qilmoqda. Markaziy bankning 21-sentabr holatidagi ma’lumotlarida ipoteka va avtokreditlarning o‘rtacha stavkalari bir-biriga yaqin bo‘lsa, mikroqarzlarda stavka ancha yuqori shakllangan.

Ma’lumotlar so‘nggi 10 ish kuni davomida banklarda amal qilgan foiz stavkalari asosida keltirilgan.

Avtokredit: o‘rtacha stavka 21,9 foiz

So‘nggi 10 ish kuni davomida avtomobil xarid qilish uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha banklardagi stavkalar 18,1 foizdan 25,8 foizgacha bo‘lgan.

Eng past stavka Aloqabankda — 18,1 foiz. Keyingi o‘rinlarda:

●    Ipoteka bank — 20,0 foiz;

●    Asaka bank — 20,1 foiz;

●    Milliy bank — 20,8 foiz;

●    Ipak yo‘li bank — 20,9 foiz;

●    SQB — 21,6 foiz.

1

Shu tariqa, eng past va eng yuqori avtokredit stavkasi o‘rtasidagi farq 7,7 foiz bandini tashkil qilgan.

Ipoteka: o‘rtacha stavka 21,8 foiz

Uy-joy sotib olish, qurish yoki ta’mirlash uchun beriladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 21,8 foizni tashkil etgan.

Eng past stavka Infinbankda — 19,7 foiz. Undan keyin:

●    BRB — 20,4 foiz;

●    Milliy bank — 20,9 foiz;

●    SQB — 21,0 foiz;

●    OFB — 21,1 foiz;

●    Hamkorbank — 21,5 foiz;

2

Ipoteka kreditlari bo‘yicha eng past va yuqori stavkalar orasidagi farq 6,3 foiz bandini tashkil etgan.

Mikroqarzlar: stavkalar ancha yuqori

Mikroqarzlar bo‘yicha banklar o‘rtasidagi farq yanada katta. 21-sentabr holatiga ularning o‘rtacha stavkasi 29,0 foizni tashkil qilgan.

Eng past stavka Infinbankda — 24,0 foiz. Shuningdek:

●    Asia Alliance bank — 24,4 foiz;

●    Mikrokreditbank — 24,4 foiz;

●    Trastbank — 24,7 foiz;

●    Milliy bank — 24,9 foiz;

●    Aloqabank — 25,0 foiz;

3

Natijada mikroqarzlar bo‘yicha eng past va eng yuqori stavka o‘rtasidagi tafovut 16,1 foiz bandiga yetgan.

Biznes kreditlarida o‘rtacha stavka 23,1 foiz

Banklarning aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadida yuridik shaxslarga ajratadigan kreditlari bo‘yicha 21-sentabr holatidagi o‘rtacha foiz stavkasi 23,1 foizni tashkil etgan.

Ushbu yo‘nalishda eng past stavka Milliy bankda qayd etilgan — 20,5 foiz.

Keyingi o‘rinlarda:

●    Aloqabank — 20,9 foiz;

●    OFB — 20,9 foiz;

●    Apex bank — 21,1 foiz;

●    Poytaxt bank — 21,1 foiz;

●    Mikrokreditbank — 21,4 foiz;

●    Trastbank — 21,6 foiz.

4

Ayrim banklarda stavka 30 foizdan oshgan

Yuridik shaxslarga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan kreditlarda banklar o‘rtasidagi farq ancha katta.

BRBda stavka 24,0 foiz, Tenge bankda 24,1 foiz, Universal bank va Asaka bankda 25,2 foizni tashkil etgan.

SQB va Turon bankda — 25,8 foizdan, Kapital bankda — 26,0 foiz, Davr bankda — 26,9 foiz.

Yuqoriroq stavkalar Garant bankda 27,6 foiz, Anor bankda 27,8 foiz, Hayot bankda 28,8 foiz va Tayanch bankda 30,7 foiz darajasida qayd etilgan.

5

Eng yuqori ko‘rsatkich esa TBC bankda — 33,1 foiz.

Shunday qilib, ushbu kredit turida eng past va eng yuqori stavkalar o‘rtasidagi farq 12,6 foiz bandini tashkil qilgan.

Теглар

Мавзуга оид