Logo

Issiq suv tarifidagi 60 kunlik cheklov, har bir turist uchun 100 dollarlik subsidiya va 74 milliontaga yetgan bank kartalari — 12-iyun dayjesti

Кеча 22:203 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Issiq suv tarifidagi 60 kunlik cheklov, har bir turist uchun 100 dollarlik subsidiya va 74 milliontaga yetgan bank kartalari — 12-iyun dayjesti

Har bir jalb qilingan turist uchun 100 dollar subsidiya beriladi

O‘zbekistonda turizmni rag‘batlantirish maqsadida 2026 yil 1-iyundan har yili iyun–avgust oylarida «Ochiq turizm mavsumi» dasturi amalga oshiriladi. Yangi tartibga ko‘ra, mamlakatga jalb qilingan har bir xorijiy turist uchun 100 dollar miqdorida subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, O‘zbekistonga yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygan mahalliy va xorijiy aviakompaniyalarning parvozlar bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Qarorga muvofiq, mahalliy turoperatorlar ham qo‘shimcha imtiyozlarga ega bo‘ladi. Xususan, salohiyatli xorijiy bozorlardan jalb qilingan har 1000 nafar turist uchun 5 ming dollar subsidiya ajratiladi.

O‘zbekistonda bank kartalari soni 74 millionga yaqinlashdi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-iyun holatiga mamlakatda muomaladagi bank kartalari soni 73,7 milliontaga yetdi. Shuningdek, respublika bo‘ylab 445,9 mingta to‘lov terminali hamda 46,5 mingta bankomat va infokiosk faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bank kartalari soni bo‘yicha «Xalq banki» 11,8 million karta bilan yetakchilik qildi. Keyingi o‘rinlarda «Uzum Bank» (6,8 million), «Agrobank» (6,7 million) va «Ipoteka-bank» (5,6 million) joylashdi. Terminallar soni bo‘yicha «Hamkorbank», bankomat va infokiosklar tarmog‘i bo‘yicha esa «Xalq banki» birinchi o‘rinni egalladi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» 1-iyuldan ayrim xizmatlar narxini oshiradi

«O‘zbekiston temir yo‘llari» 2026 yil 1-iyuldan boshlab vagonlarni yetkazib berish va olib chiqish xizmatlari tariflarini 5 foizga oshiradi. Shuningdek, kompaniya lokomotivlari tomonidan bajariladigan manyovr ishlari uchun QQSsiz 510,8 ming so‘mlik yagona tarif joriy etiladi.

Bundan tashqari, logistika xizmatlari uchun ham yangi narxlar belgilanmoqda. Xususan, tashilayotgan obyektlarni qo‘riqlash xizmati uchun har bir vagonning har bir kilometriga 1386 so‘m, yuk kuzatuvchisi xizmati uchun esa 100 so‘mdan haq undiriladi.

Issiq suv va issiqlik uchun eski tariflarni saqlash muddati qisqartirildi

O‘zbekistonda issiqlik ta’minoti va issiq suv xizmatlari uchun oldindan to‘lov qilinganda tariflarni saqlab qolish muddati 12 oydan 60 kunga qisqartirildi. «Veolia Energy Tashkent» ma’lumotiga ko‘ra, o‘zgarishlar ko‘p kvartirali uylarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash tartibiga kiritilgan yangi qoidalar asosida joriy etilmoqda.

Yangi tartibga muvofiq, iste’molchi oldindan to‘lov qilgan taqdirda, o‘sha vaqtdagi tariflar ikki oy davomida amal qiladi va bu muddat ichida narxlar oshirilsa ham qo‘shimcha haq undirilmaydi. Biroq 60 kunlik davr tugagach, keyingi hisob-kitoblar o‘zgaradi.

Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegara to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi

Qozog‘iston Senati O‘zbekiston bilan davlat chegarasi rejimi to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni ma’qulladi. Hujjat 2001 yilda imzolangan davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma hamda 2022 yilda yakunlangan demarkatsiya jarayoni natijalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2024 yil avgust oyida Ostona shahrida imzolangan edi.

Bitim ikki davlat o‘rtasidagi chegaraviy munosabatlarning yagona huquqiy asosini shakllantiradi. Unda davlat chegarasi va chegara belgilari saqlanishi, fuqarolar, transport vositalari va yuklarning chegara orqali o‘tishi, chegara hududida xo‘jalik ishlarini olib borish tartibi hamda chegarada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini olish va hal etish mexanizmlari belgilangan.

Теглар

Мавзуга оид