Oshirilishi kutilayotgan pensiya yoshi, Islom Karimov qarshi bo‘lgan Rog‘un GESiga 1 mlrd dollar va Janubiy Koreyadan jalb qilingan investitsiyalar — 15-sentabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bair bor esga olamiz.

Shavkat Mirziyoyev Koreyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashib, qator yangi tashabbuslarni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Koreyaga davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida milliy iqtisodiyot va davlat boshqaruviga sun’iy intellekt hamda Koreyaning raqamli texnologiyalarini integratsiya qilish, tibbiyot, transport, bojxona va turizm sohalarida innovatsion yechimlarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, IT mutaxassislarini tayyorlash hamda milliy to‘lov tizimlari va pul o‘tkazmalari platformalarini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yo‘nalishida esa Koreyada O‘zbekiston madaniy markazlari tarmog‘ini kengaytirish, o‘zbek tilini o‘rganish dasturlarini joriy qilish va o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarini koreys tiliga tarjima qilish kabi takliflar ilgari surildi. Davlat rahbari vatandoshlarning har bir tashabbusi batafsil o‘rganilishini, eng muhim loyihalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlab, bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini ma’lum qildi.
Rog‘un GES uchun milliard dollarlik shartnoma tayyorlanmoqda
Jahon bankining yangilangan xaridlar rejasiga ko‘ra, Tojikistondagi Rog‘un GESining o‘ng qirg‘og‘ida qolgan inshootlarni qurish (Lot 3A paketi) uchun qiymati taxminan 1 milliard dollar bo‘lgan xalqaro shartnomani imzolash ko‘zda tutilmoqda. Shartnoma doirasida gidrotexnik inshootlar, suv tashlash qurilmalari, tonnellar va gidromexanik uskunalar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ishlarni 2028 yilning 4-fevraliga qadar yakunlash belgilangan.
Loyihaning moliyaviy va texnik holatiga kelsak, «S&P Global Ratings» agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, GESni to‘liq yakunlash uchun yana taxminan 5,8 milliard dollar talab etiladi. Hozirga qadar loyihaga 60,3 milliard somoniy sarflangan. 2027 yilga borib to‘g‘on balandligini 1 185 metrga yetkazish hamda shu yilning sentabrigacha 4-agregatni ishga tushirish (stansiyaning umumiy loyiha quvvati 3780 MVt) maqsad qilingan. Bundan tashqari, Jahon banki loyihani texnik va ekologik qo‘llab-quvvatlash uchun 15 mln dollar grant ajratgan.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur yirik loyiha Markaziy Osiyo energetikasi uchun muhim hisoblansa-da, seysmik xavf va quyi oqimdagi davlatlarda suv taqchilligi (jumladan, Orol fojiasi) muammolari sababli O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vaqtida unga keskin qarshilik qilingan hamda loyiha ustidan mustaqil xalqaro ekspertiza o‘tkazilishi talab etilgan edi.
Pensiya yoshi oshirilishi, minimal ish staji 15 yilga yetkazilishi mumkin — farmon loyihasi
O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha Prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatda yoshga doir pensiyaga chiqish uchun zarur minimal ish stajini (hozirda 7 yil) bosqichma-bosqich oshirib borib, 2034 yilga qadar 15 yilga yetkazish taklif etilmoqda. Shuningdek, 2028 yil 1-yanvardan boshlab pensiya yoshini har yili 3 oyga uzaytirish va 2039 yilga kelib erkaklar uchun 63 yoshga, ayollar uchun esa 58 yoshga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘lardan 2030 yildan boshlab ipoteka boshlang‘ich to‘lovi yoki og‘ir kasalliklarni davolash uchun foydalanish huquqini berish hamda ushbu tizimni «Xalq banki»dan Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, pensiyaga kechroq chiqqan fuqarolarni rag‘batlantirish, ixtiyoriy badallar uchun davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘ qo‘shish va o‘zini o‘zi band qilganlarning ijtimoiy solig‘idan kasallik va tug‘ruq nafaqalari uchun yo‘naltirish kabi qator yangiliklar o‘rin olgan. Mazkur o‘zgarishlar hozircha muhokama bosqichida bo‘lib, tegishli qonun hujjatlari qabul qilingach kuchga kiradi.
O‘zbekiston–Koreya savdosi 1,7 mlrd dollarga yetdi: eksport va import qanday o‘zgardi?
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi va «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammiti doirasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar sarhisob qilindi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1,7 mlrd dollarni tashkil etib, Koreya mamlakatning 5-yirik savdo hamkoriga aylandi. Tomonlar yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 4 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Savdo balansida import hajmi eksportga nisbatan qariyb 27 baravar yuqori. Xususan, 2025 yilda Koreyadan 1,67 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlar (asosan mashina, transport uskunalari va kimyoviy mahsulotlar) import qilingan bo‘lsa, eksport hajmi 61,7 mln dollarni (asosan xizmatlar va nooziq-ovqat xomashyosi) tashkil etgan.
Shu bilan birga, investitsiyaviy hamkorlik jadal kengaymoqda: bugungi kunda O‘zbekistonda koreys sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni 730 taga yetgan (2018 yilga nisbatan 20 barobar ko‘p). Tashrif davomida ikki davlat o‘rtasida umumiy qiymati 12 mlrd dollarlik yangi loyihalar portfeli shakllantirilib, Koreya Eksimbanki bilan ularni moliyalashtirish uchun 8 mlrd dollarlik strategik hamkorlik dasturi qabul qilindi.
Yarim yilda soliq tushumlari 75,1 foizga ko‘paydi – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida berilgan hisobotga ko‘ra, yilning birinchi yarmida davlat budjeti daromadlari 63,2 trln so‘mga oshib, 207,4 trln so‘mni tashkil etgan. Daromadlar o‘sishining asosiy omili bevosita soliqlar tushumining 75,1 foizga (77 trln so‘m) ortgani bilan izohlanadi. Bilvosita soliqlardan 61,6 trln so‘m, resurs va mol-mulk soliqlaridan esa 29,1 trln so‘m tushgan.
Budjet xarajatlarining 51,5 foizi yoki 105,8 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan bo‘lib, shundan 49,5 trln so‘mi ta’limga, 22,7 trln so‘mi sog‘liqni saqlashga hamda 7,3 trln so‘mi nafaqa va moddiy yordamlarga sarflangan.
Shuningdek, hisobot davrida YAIM 8,5 foizga o‘sgan (xususan, xizmatlar sohasi — 16,9%, qurilish — 13,8% va sanoat — 8%). Asosiy kapitalga investitsiyalar 338,9 trln so‘mga (to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar – 12,4 mlrd dollar), oltinsiz eksport hajmi esa 14,4 mlrd dollarga yetgan. Yil boshidan buyon inflatsiya darajasi 3,3 foizgacha pasaygan.





