Logo

O‘zbekiston aholisi 16 yilda qariyb 10 millionga ko‘paydi

Бугун 15:052 дақиқа

Eng katta yillik o‘sish 2023-yildan 2024-yil boshigacha bo‘lgan davrda qayd etilgan. Bu vaqt ichida mamlakatning doimiy aholisi 792,4 ming kishiga ko‘paygan.

O‘zbekiston aholisi 16 yilda qariyb 10 millionga ko‘paydi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Milliy statistika qo‘mitasi aholini ro‘yxatga olish natijalari asosida 2010–2026-yillardagi doimiy aholi sonini qayta hisoblab chiqdi.

Yangilangan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatida O‘zbekistonning doimiy aholisi 39 million 23,6 ming kishini tashkil etgan. 2010-yil boshida esa mamlakatda 29 million 215,9 ming kishi yashagan. Natijada 16 yil ichida aholi soni 9 million 807,7 ming kishiga yoki 33,6 foizga oshgan.

Aholi soni 10 yilda qanday o‘zgardi?

Yillik ko‘rsatkichlarni solishtirganda, eng katta o‘sish 2022-yil boshidan 2023-yil boshigacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Bu vaqtda doimiy aholi soni 785,2 ming kishiga ko‘paygan. Keyingi yillarda ham o‘sish yuqori bo‘lgan. 2024-yil boshida 792,4 ming kishilik, 2025-yil boshida esa 762,5 ming kishilik o‘sish qayd etilgan.

2026-yil boshida doimiy aholi soni 39 milliondan oshib, bir yil ichida 702 ming kishiga ko‘paygan. Bu avvalgi ikki yilga nisbatan kamroq bo‘lsa-da, yillik o‘sish 700 ming kishidan yuqori darajada qolgan.

Quyidagi jadvalda aholi sonining yillar kesimida qanday o‘zgarganini ko‘rish mumkin.

Yil

Doimiy aholi soni, ming kishi

2010

29 215,9

2011

29 689,1

2012

30 139,5

2013

30 596,6

2014

31 110,7

2015

31 654,6

2016

32 228,0

2017

32 788,1

2018

33 327,4

2019

33 928,4

2020

34 585,0

2021

35 258,4

2022

35 981,5

2023

36 766,7

2024

37 559,1

2025

38 321,6

2026

39 023,6

Shu tariqa, qayta hisoblash natijasida avval e’lon qilingan statistik ko‘rsatkichlar ham o‘zgargan. Xususan, 2026-yil boshidagi aholi soni oldingi ma’lumotdan 786,9 ming kishiga yoki 2,1 foizga ko‘p chiqqan. 2011–2026-yillardagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha tafovut 1,9–2,1 foiz, 2010-yilda esa 4,3 foizni tashkil etgan.

Aholi soni qanday qayta hisoblandi?

Qo‘mita avvalgi yillardagi aholi sonini aniqlashda keyingi yil boshidagi ko‘rsatkichdan kelib chiqqan. Bunda yil davomida tug‘ilganlar va mamlakatga ko‘chib kelganlar ayirilgan, vafot etganlar va xorijga ko‘chib ketganlar esa qayta qo‘shilgan.

Hisob-kitoblar aholining umumiy soni bilangina cheklanmagan. Har bir yil uchun ma’lumotlar jins va yosh guruhlari bo‘yicha alohida qayta tiklangan. Masalan, o‘sha yili tug‘ilgan bolalar hisobdan chiqarilgan, qolgan aholi esa bir yoshga kichraytirilgan. Bu jarayonda hududlar, shahar va qishloq aholisi tarkibi hamda ma’muriy-hududiy o‘zgarishlar hisobga olingan.

Shu tariqa, 2010–2026-yillar uchun o‘zaro bog‘langan yangi statistik ma’lumotlar shakllantirilgan.

Yangilangan statistik ma’lumotlar mamlakatdagi demografik holatni aniqroq baholash imkonini beradi. Aholining soni, yoshi va hududlar bo‘yicha taqsimotini bilish ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy va infratuzilma sohalaridagi rejalarni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi O‘zbekiston aholisining jinsiy, hududiy va milliy tarkibiga oid ma’lumotlarni ham e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, 2026-yil 15-yanvar holatida erkaklar soni ayollardan 485,1 ming nafarga ko‘p bo‘lgan. Mamlakat aholisining 54,5 foizi shaharlarda, 45,5 foizi esa qishloqlarda yashagan.

Теглар

Мавзуга оид