O‘zbekiston Qozog‘iston va Xitoy bilan aviaqatnovlar sonini oshirmoqda
Qozog‘iston bilan Toshkent — Olmaota va Toshkent — Ostona yo‘nalishlarida haftalik reyslar 42 tadan 60 taga, Xitoy bilan aviaqatnovlar esa 100 tadan 114 taga oshiriladi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekiston Qozog‘iston va Xitoy bilan muntazam aviaqatnovlar sonini ko‘paytirishga kelishib oldi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 3−5-noyabr kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo — Xitoy (C5+1) fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Ishchi guruhining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
Unda O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston aviatsiya ma’muriyatlari hamda aviakompaniyalari vakillari ishtirok etgan.
Yig‘ilishda «Havo ipak yo‘li»ni barpo etish, havo transporti bozorini liberallashtirish, qonunchilikni uyg‘unlashtirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash hamda sohaga «yashil» va «aqlli» texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilingan.
Aviaqatnovlarni ko‘paytirish
Uchrashuvlar doirasida ishtirokchi davlatlar o‘rtasida aviaqatnovlarni yanada kengaytirish yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkazildi. Xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston aviatsiya ma’muriyatlari bir qator yo‘nalishlarda parvozlar chastotasini oshirishga kelishdi.
Kelishuvga muvofiq, Toshkent — Olmaota va Toshkent — Ostona yo‘nalishlarining har birida muntazam parvozlar soni haftasiga 42 tadan 60 tagacha ko‘paytiriladi. Qozog‘istonning boshqa barcha yo‘nalishlarida esa haftalik reyslar soni 14 tadan 20 tagacha oshirilishiga ruxsat berildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini haftasiga 100 tadan 114 tagacha oshirish huquqi berildi va erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash maqsadida tegishli hujjatlar imzolandi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, bu kelishuvlar O‘zbekistonning xalqaro aviatsiya bozoridagi mavqeini mustahkamlab, transport-logistika va savdo-iqtisodiy aloqalarni jadallashtirishga xizmat qiladi.
Ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishini 2027-yilda Qirg‘izistonda o‘tkazish belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasida yo‘lovchi hamda yuk tashish aviaqatnovlari kengaygani xabar qilingandi. Ayni paytda ikki davlat o‘rtasida haftasiga 117 ta muntazam reys amalga oshirilmoqda. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 52 foizga ko‘p.





