Logo

O‘zbekistonda raqamli so‘mni sinab ko‘rish rejalashtirilmoqda

Markaziy bank raqamli so‘mdan dastlab davlat xaridlari, infratuzilma loyihalari va subsidiyalarda foydalanish imkoniyatlarini sinab ko‘rishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonda raqamli so‘mni sinab ko‘rish rejalashtirilmoqda © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda markaziy bank raqamli valutasini joriy etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Raqamli so‘mdan foydalanish bo‘yicha dastlabki pilot loyihalarni 2027 yilda boshlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda 25 sentyab kuni Markaziy bankda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi

Unga ko‘ra, raqamli so‘mdan dastlab davlat xaridlari, infratuzilma loyihalari va subsidiyalar doirasida foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Raqamli so‘mda mablag‘dan foydalanish shartlari belgilanishi mumkin

Markaziy bank vakillarining ma’lum qilishicha, raqamli so‘mning xususiyatlaridan biri mablag‘dan foydalanish shartlarini raqamli tarzda belgilash imkoniyati bo‘lishi mumkin.

Masalan, davlat tashkiloti tomonidan muayyan loyiha uchun ajratilgan mablag‘dan faqat belgilangan maqsadda foydalanish sharti qo‘yilishi mumkin. Shart bajarilganidan keyin mablag‘dan foydalanish imkoniyati ochilishi nazarda tutilmoqda.

Bunday mexanizm davlat xaridlari, infratuzilma loyihalari va subsidiyalarda sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Pilot loyihalar 2027 yilda boshlanishi mumkin

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, raqamli so‘m bo‘yicha dastlabki pilot loyihalarni 2027 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan.

Sinov natijalariga qarab, 2028–2029 yillarda raqamli so‘mdan foydalanish doirasini kengaytirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

Hozircha raqamli so‘mni to‘liq joriy etish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.

wCBDC bo‘yicha ham tadqiqot olib borilmoqda

25-sentabr kuni Markaziy bank markaziy bank raqamli valutasining ulgurji shakli — wCBDC bo‘yicha tahliliy hisobotni ham taqdim etdi.

Unda wCBDC’dan banklar va moliya tashkilotlari o‘rtasidagi ulgurji hisob-kitoblarda foydalanish imkoniyatlari o‘rganilgan.

«Xususan, qimmatli qog‘ozni topshirish va uning uchun to‘lovni bir vaqtda amalga oshirish, hisob-kitoblarni sutka davomida uzluksiz olib borish hamda transchegaraviy hisob-kitoblarda wCBDC’dan foydalanish imkoniyatlari tahlil qilingan», — deyiladi Markaziy bank xabarda.

24-sentabr kuni Markaziy bank 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish milliy strategiyasi tasdiqlanganini ham ma’lum qilgan.

«Strategiyada raqamli moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish, transchegaraviy to‘lovlarni rivojlantirish, Open Banking va Open Finance mexanizmlarini joriy etish, raqamli identifikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish hamda fintex sohasini rivojlantirish yo‘nalishlari belgilangan», — deyiladi xabarda.

Теглар

Мавзуга оид