O‘zbekistonliklar eng ko‘p kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda
Markaziy bankning aholi va tadbirkorlar orasida o‘tkazgan so‘rovnomasiga ko‘ra, mart oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasaygan bo‘lsa-da, bu jarayon sur’ati sekinlashib, asosiy xavotirlar saqlanib qolmoqda.
© Javhar Chorshanbiyeva2026 yil mart oyida aholining yillik inflyatsion kutilmalari 11,0 foizni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,2 foiz bandga pasaygan. Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari ham 0,1 foiz bandga kamayib, 10,7 foiz darajasida shakllangan. Bu haqda Markaziy bankning aholi va tadbirkorlar orasida o‘tkazgan an’anaviy so‘rovnomasi natijalarida keltirib o‘tilgan.
Biroq so‘nggi oylarda inflyatsion kutilmalarning pasayish sur’atlari sezilarli darajada sekinlashgani qayd etilmoqda. Bu esa iqtisodiyotda inflatsiya bosimi to‘liq bartaraf etilmaganini ko‘rsatadi.
Asosiy omillar saqlanmoqda
Markaziy bank sharhiga ko‘ra, aholi orasida narxlar o‘sishiga ta’sir etuvchi asosiy omil sifatida kommunal xizmatlar va yoqilg‘i-energiya resurslari narxining oshishiga oid xavotirlar ustuvorligicha qolmoqda. Bu omillarni qayd etgan respondentlar ulushi hatto biroz oshgan.

Manba: Markaziy bank
Tadbirkorlar uchun ham ushbu omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, ularga transport xarajatlarining qimmatlashishi ham qo‘shilmoqda. Shu bilan birga, valuta kursi o‘zgarishidan xavotir bildirganlar ulushi kamaygani kuzatilgan.

Manba: Markaziy bank
Sohalar va hududlar kesimida farqlar
Aholi guruhlari orasida eng yuqori inflyatsion kutilmalar ishlab chiqarish sohasi vakillari tomonidan bildirilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich talabalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Manba: Markaziy bank
Tadbirkorlar kesimida esa eng yuqori kutilmalar turizm, axborot texnologiyalari va ta’lim sohalarida qayd etilgan. Kafe-restoran xizmati va hunarmandchilik sohalarida eng past darajalar kuzatilgan.

Manba: Markaziy bank
Hududiy jihatdan qaralganda, inflyatsion kutilmalarning eng yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent shahrida qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkichlar aholi orasida Samarqand viloyatida, tadbirkorlar orasida esa Navoiy viloyatida kuzatilgan.

Manba: Markaziy bank





