Logo

Qozog‘iston Isroilga 500 ming tonnagacha bug‘doy eksport qilmoqchi

Donni Ozarboyjon va Gruziya orqali yoki Boltiq dengizi portlaridan Isroilga olib borish taklif etilmoqda.

Qozog‘iston Isroilga 500 ming tonnagacha bug‘doy eksport qilmoqchi © sputnik

Qozog‘iston Isroil bozoriga 500 ming tonnagacha oziq-ovqat bug‘doyini yetkazib berishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Quddus shahrida bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston-Isroil savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining o‘ninchi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Tadbirda «Oziq-ovqat korporatsiyasi» milliy kompaniyasi raisi o‘rinbosari Samat Tenbayev Qozog‘istonning eksport imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, korporatsiya Isroil ehtiyojlaridan kelib chiqib, 200 ming tonnadan 500 ming tonnagacha bug‘doy va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar tuzishni ko‘rib chiqishga tayyor.

Eksport hajmini oshirish yo‘nalishida mahsulotlarni Ozarboyjon va Gruziya orqali o‘tuvchi transport yo‘lagi, shuningdek, Boltiq dengizi portlari orqali yetkazib berish taklif etilmoqda. Qayd etilishicha, Isroil har yili 2 million tonnadan ortiq bug‘doy import qiladi va bu Qozog‘iston agrar eksporti uchun muhim bozor hisoblanadi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda agrosanoat majmuini modernizatsiya qilish masalasi ham muhokama qilingan. Xususan, Qozog‘iston tomoni suv resurslari cheklangan sharoitda Isroilning suv tejovchi sug‘orish tizimlari, oqova suvlardan qayta foydalanish va qishloq xo‘jaligini boshqarishda sun’iy intellektni qo‘llash tajribasini o‘zlashtirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan.

Теглар

Мавзуга оид