Logo

Samarqand va Buxoro o‘rtasida pulli avtomobil yo‘li quriladi

Бугун 08:051 дақиқа

Yangi pulli avtomobil yo‘li ikki shahar o‘rtasidagi safar vaqtini hozirgi 5 soatdan 1,5 soatgacha qisqartirish imkonini berishi kutilmoqda.

Samarqand va Buxoro o‘rtasida pulli avtomobil yo‘li quriladi © Prezident matbuot xizmati

Samarqand va Buxoro o‘rtasida sement-beton qoplamali zamonaviy pulli avtomobil yo‘li hamda tezyurar poyezd uchun yangi temiryo‘l liniyasi barpo etiladi. Bu haqda 4-noyabr kuni Buxoro viloyatida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z bordi.

Yangi pulli avtomobil yo‘li ikki shahar o‘rtasidagi safar vaqtini hozirgi 5 soatdan 1,5 soatgacha qisqartirish imkonini berishi kutilmoqda. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda tezyurar poyezdlar harakati uchun alohida yangi temiryo‘l tarmog‘ini barpo etish ham rejalashtirilgan.

Viloyatning transport aloqalarini yaxshilash doirasida joriy yilda Buxorodan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanadi.

Kelasi yildan esa M-37 yo‘lining viloyat hududidagi 69 kilometrlik qismini yangilash boshlanadi. Umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etuvchi ushbu loyiha doirasida Buxoro shahri atrofida 4,5 kilometrlik yangi aylanma yo‘l quriladi.

Davlat rahbari mutasaddilarga ushbu avtomobil va temir yo‘l loyihalarining master-rejalarini to‘liq yakunlash hamda xalqaro hamkorlar bilan muzokaralarni boshlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 30-avgustda qabul qilingan prezident qarori bilan 2027–2030 yillarda Samarqand va Buxoro shaharlari o‘rtasida pulli avtomobil yo‘li qurish belgilangan. Loyihaning dastlabki qiymati 1 milliard dollarga baholangan bo‘lib, yo‘l Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlari hududidan o‘tishi rejalashtirilgan.

Теглар

Мавзуга оид