Logo

Telegram-kuratorlar topshirig‘i bilan harakat qilgan narkokurerlar ushlandi

Бугун 08:002 дақиқа

Tailand – Toshkent – Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha olib kirilgan giyohvandlik vositalari tezkor tuzilmalar tomonidan musodara qilindi.

Telegram-kuratorlar topshirig‘i bilan harakat qilgan narkokurerlar ushlandi

Tailanddan O‘zbekistonga 13 kgdan ziyod narkotik moddalarning olib kirilishiga chek qo‘yildi. Bu xaqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘mitaning «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari va «Toshkent xalqaro aeroporti» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

«5-sentabr kuni Tailanddan uchib kelgan 51 yoshli O‘zbekiston fuqarosi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Unga tegishli bagajlar ko‘zdan kechirilganida, 3 ta vino shishasi hamda qadoqlangan ziravorlar o‘rami ichidagi moddalar bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi.

Shundan so‘ng mazkur moddalar Bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasida ekspertizadan o‘tkazildi. Natijada idishlar ichidagi to‘q jigarrang rangli va o‘tkir hidli modda tarkibida tetragidrokannabinol mavjud bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida muomalasi taqiqlangan narkotik vosita — «gashish moyi» ekani aniqlandi», - deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, uning umumiy og‘irligi 7 kilogramm 580 grammni tashkil qilgan. Tezkor surishtiruvlar davomida ushbu shaxs Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi «Absolyut» nomi ostida faoliyat yurituvchi «kurator» ko‘rsatmasiga ko‘ra, 1800 dollar evaziga mazkur narkotik moddalarni mamlakat hududiga olib kirib, Samarqand shahriga yetkazib berishi lozim bo‘lgani ma’lum bo‘lgan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir Samarqand shahrida davom ettirilib, narkotik vositalarni qabul qilib olayotgan 47 yoshli fuqaro ham qo‘lga olingan. Uning yashash manzili xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerdan ham vino shishalari, idish yuvish geli qutisi va shprislarga joylangan holda saqlangan «gashish moyi», shuningdek, iste’mol qilinganda sarxush holatni keltirib chiqaruvchi quritilgan qo‘ziqorinlar borligi aniqlangan.

Ushbu ikki turdagi narkotik moddalarning umumiy og‘irligi qariyb 5,5 kilogrammni tashkil qildi. Ushbu shaxs Telegramda «Right Ktrel» akkauntidagi kuratorning topshirig‘i asosida manzil havola tarzida keyinchalik ushbu narkotik moddalarni tarqatishi lozim bo‘lgan.

Shunday qilib, ko‘p bosqichli tezkor tadbir natijasida jami 13 kilogramm 80 gramm «gashish moyi»ning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

«Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu miqdordagi narkotik vosita qariyb 200 ming nafar insonni giyohvandlik domiga tortishga yetarli bo‘lgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra ushlab qolingan mazkur narkotik moddalarning qora bozordagi qiymati oxirgi iste’molchiga yetib borganuniga qadar 1,7 million dollardan ham oshib ketishi mumkin edi», - deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Теглар

Мавзуга оид

Telegram-kuratorlar topshirig‘i bilan harakat qilgan narkokurerlar ushlandi | Vaqt.uz